Sport | 09:52 / 27.03.2017
7820
2 daqiqa o‘qiladi

Golovkin Sonders bilan jang uchun rekord miqdordagi gonorar olishi mumkin

Foto: AP

Qozog‘istonlik bokschi Gennadiy Golovkin (GGG) WBO chempionlik kamari sohibi Billi Jo Sondersga qarshi jang uchun eng katta miqdordagi gonorarini olishi mumkin. 

Golovkin o‘rta vazn toifasida 5 ta asosiy boks versiyasidan 4 tasida – WBC, IBO, WBA va IBF’da chempionlik kamariga ega. Uning bosh orzusi barcha versiyalardagi chempionlik kamarlarini olishdan iborat.   

Avvalroq barcha 5 ta kamar uchun kechadigan Golovkin — Sonders jangi Ostonada yozda "EKSPO-2017" ko‘rgazmasi doirasidagi boks kechasida o‘tkazilishi mumkinligi ma'lum qilingandi.

Sonders Golovkin bilan "Ostona tugul, dalada ham jang qilishga tayyorligini" aytgan va qozoqlar tomondan taklif qilinayotgan sharoitlar uni to‘liq qoniqtirishini ta'kidlab o‘tgan.

26 mart kuni Boxing Kingdom tvitterida ESPN sport kanali jurnalisti Den Rafaelga iqtibos keltirilgan holda Golovkinga ushbu jang uchun to‘lanadigan gonorar miqdori 10 mln dollarni tashkil qilishi ma'lum qilingan. 

Bu gonorar GGG faoliyatidagi rekord gonorar bo‘lishi mumkin. Avvalroq yengilmas qozog‘istonlik britaniyalik Kell Bruk bilan jangi uchun 4 mln dollar olgandi. 

Golovkin professional ringda o‘tkazgan 37 ta jangidan barchasida zafar quchgan.

Mavzuga oid