O‘zbekiston | 16:20 / 29.03.2017
21895
4 daqiqa o‘qiladi

Prezidentning davlat maslahatchisi Namangan viloyatida sayyor qabul o‘tkazdi

27-28 mart kunlari Namangan viloyatining Chust, Uchqo‘rg‘on, Yangiqo‘rg‘on tumanlari va Namangan shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Davlat maslahatchisi, Prezident devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati rahbari T.Xudoyberganov ishtirokida viloyat aholisi uchun sayyor qabullar tashkil etildi. Bu haqida Facebook'ning "Xalq bilan muloqot" guruhida xabar berildi

Sayyor qabullarda Namangan viloyati hamda tuman va shaharlar hokimliklari, prokuratura, ichki ishlar, sud organlari rahbarlari, boshqa tegishli boshqarma va tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi.

Tadbirlarda ta'kidlanishicha, bugungi kunga kelib Namangan viloyati aholisidan Prezidentning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga 29 mingga yaqin murojaat va arizalar kelib tushgan bo‘lib, ularning 90 foizdan ziyodi asosli deb topilgan va nazoratga olingan.

Xususan, Kosonsoy tumanidan – 1475, Mingbuloq tumanidan – 703, Namangan tumanidan – 1519, Norin tumanidan – 1288, Pop tumanidan – 2125, To‘raqo‘rg‘on tumanidan – 1540, Uychi tumanidan –1725, Uchqo‘rg‘on tumanidan  – 1665, Chortoq tumanidan – 1711, Chust tumanidan – 2744, Yangiqo‘rg‘on tumanidan – 1291 hamda Namangan shahridan – 11179 murojaat kelib tushgan.  

Murojaatlar asosan uy-joy olish, turar-joy qurish uchun yer ajratish, uy-joylarning ta'mirtalabligi, sudlarda jinoyat ishlari, fuqarolik ishlari, xo‘jalik sudlarida ishlarning ko‘rilishi hamda sud qarorlarining ijrosi, bank-moliya masalalari, moddiy yordam, hamda bolalar nafaqasini olish, mehnat va bandlik, fuqarolik, pasport olish kabi sohalarga oiddir.

Aholi bilan uchrashuvlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga fuqarolarning turli mazmundagi 350 ga yaqin murojaatlari ko‘rib chiqilib, ularning aksariyati joyida hal etildi.

Misol uchun, Mingbuloq tumani Nayman QFYda istiqomat qiluvchi O‘g‘ilxon Isoqova qishloqda maktabgacha ta'lim muassasasi mavjudligi, ammo faoliyat yuritmasligini ma'lum qilgan. Qishloqda bolalar bog‘chasiga katta ehtiyoj mavjud ekanini aytib, uning faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yib berishda yordam so‘ragan. Mazkur murojaat tuman hokimligi tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi va bog‘cha ta'mirlash uchun dasturga kiritilib, faoliyat boshlashi ma'lum qilindi.

Namangan shahrining Eshobod MFYda yashovchi Munisxon Sattorova tadbirkorlik qilish uchun bino va imtiyozli kredit ajratish masalasida yordam berishni so‘ragan. Ushbu masalani ijobiy hal etish bo‘yicha shu yerning o‘zida bank muassasalari rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi.

Namangan tumanidagi “Ismoil ota” fermer xo‘jaligi rahbari Yoqubjon Yusupov xo‘jalikka ajratilgan yer maydoni asossiz ravishda zaxiraga olinganidan norozilik bildirgan. Mazkur muammo ham sayyor qabul davomida ko‘rib chiqilib, masala fermer foydasiga qonuniy va ijobiy yechim topdi.

Sayyor qabullar yakunida ko‘rib chiqilgan barcha murojaatlar bo‘yicha viloyat, shahar va tuman darajasidagi mutasaddi idora va tashkilotlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Mavzuga oid