Prezident davlat maslahatchisi Marg‘ilonda sayyor qabullar o‘tkazdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, Prezident devonining Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati rahbari T.Xudoyberganov ishtirokida Marg‘ilon shahar hokimligida Marg‘ilon shahri, Toshloq, Yozyovon va Qo‘shtepa tumanlari aholisi vakillari bilan sayyor qabullar o‘tkazildi.
Murojaatlardan xulosa qilgan holda aytish mumkinki, fuqarolar turli sohalardagi byurokratik to‘siqlarni olib tashlash, qonunga zid bo‘lgan ko‘plab idoraviy yo‘riqnomalarni bekor qilish, stavkasi optimal bo‘lgan bank kreditlari ajratish, tadbirkorlik bo‘yicha noqonuniy tekshirishlarga barham berish haqida, huquq-tartibot idoralarining faoliyati to‘g‘risida murojaat qilishmoqda.
Shu bilan birga, murojaatlarda aholidan uy-joy qurilishi, kommunal, transport va savdo xizmati, energiya ta'minotini, yo‘llarning holatini yaxshilash bo‘yicha ham yechimlar so‘ralgan.
Murojaatlarda ko‘tarilgan hayotiy muammolarni joylardagi hokimlik va idoralar, tegishli mutasaddilar o‘z vaqtida hal etishi choralarini ko‘rishlari lozim. Sayyor qabulda ishtirok etgan fuqarolarning bevosita murojaatlari tinglandi. Murojaatlar tuman va shahar hokimlari, mutasaddi idora rahbarlari ishtirokida shu yerning o‘zidayoq o‘rganib chiqilib, aksariyatlari o‘z o‘rnida hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganishlar talab etiladigan masalalar nazoratga olindi.
Fuqarolarning uy-joy, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun yer maydoni, kredit ajratish, kommunal va ijtimoiy xizmatlarga taalluqli turli mazmundagi murojaatlari ko‘rib chiqilar ekan. ularni bartaraf etish bo‘yicha shahar va tuman hokimlari va tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
Ahror Ziyo, Farg‘ona