Jahon | 20:29 / 11.04.2017
15583
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko AQShning tajovuzkor tashqi siyosatini tanqid qildi

Foto: RIA

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko AQShning Suriyadagi harbiy obektlarga bergan raketa zarbalariga izoh berarkan, davlatlar ichki muammolarini tajovuzkor tashqi siyosati hisobiga hal qilmasliklari kerakligini aytdi. 

Lukashenko bu fikrlarni "Rechitsadrev" kompaniyasi mehnat jamoasi bilan muloqoti vaqtida aytib o‘tdi.

"Men raketa zarbalari haqida bilganimda, juda afsuslandim. Ichki masalalarni tajovuzkor tashqi siyosat hisobiga hal qilish – bu yechim emas. Bugun Amerika bir o‘zi va hattoki NATO bo‘yicha o‘zining eng yaqin ittifoqdoshlari bilan ham butun dunyoni ag‘dara yoki boshqara olmaydi. Nafsni tiyib, katta manfaatlaring bo‘lgan masalalar bilan shug‘ullanish kerak. Bu manfaatlar esa birinchi navbatda Shimoliy Amerikadadir", deb aytgan Lukashenko.

Lukashenko matbuot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, Belarus yetakchisi Donald Tramp xalq tomondan AQSh prezidenti etib saylangani, biroq mamlakatning siyosiy elitasi va parlamenti unga qarshi chiqishga harakat qilayotganiga e'tibor qaratdi. Bu vaziyatda AQSh yetakchisi saylovoldi kampaniyasi vaqtida fuqarolarga bergan va'dalarni bajarishga urinmoqda, biroq bu tashabbuslarning amalga oshirilishi har qanday yo‘l bilan to‘xtatilmoqda.

"U mamlakatni boshqara olishini isbotlashi kerak. U yerda esa bunga xalaqit qilishmoqda, bunga yo‘l berishmayapti. Va shunda ichki siyosiy masalalarni hal qilish va odamlarga yoqish uchun tugma bosiladi", deb ta'kidlab o‘tdi Lukashenko.

Lukashenkoning aytishicha, Suriyada sodir etilgan kimyoviy hujum bilan bog‘liq ma'lumotlar shubhalidir va shuning uchun raketa zarbasini berishdan oldin vaziyatni batafsil taftish qilish kerak edi.

Mavzuga oid