Jahon | 07:47 / 11.04.2017
13471
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya aviakompaniyalari Turkiyaga charter reyslarni to‘xtatishlari mumkin

Foto: RIA

"Rosaviatsiya" Rossiya aviakompaniyalariga Turkiyaga charter reyslari to‘xtatilishi mumkinligidan ogohlantiruvchi telegramma jo‘natdi. Bu haqda ushbu sohadagi manba RIA “Novosti” axborot agentligiga ma'lum qildi.  

Bunday choralarga "Turkiyadagi murakkab ichki siyosiy vaziyat" sabab sifatida keltirilgan.

Shu bilan birga "Rosturizm"ning turistik loyihalar va turizmdagi xavfsizlik davlat boshqarmasi boshlig‘i Svetlana Sergeyeva boshqarma parvozlar to‘xtatilishi mumkinligi haqidagi ma'lumotga ega emasligini aytgan.

Rossiya turoperatorlari uyushmasi ijrochi direktori Mayya Lomidzening aytishicha, hozircha Turkiyaga charter reyslarga taqiqlov yo‘q.

"Balki gap agar Turkiyada 16 apreldagi siyosiy voqealar bilan bog‘liq holda vaziyat salbiy ssenariy bo‘yicha ketsa, qandaydir keskinliklar bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirish haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin", deb aytgan Lomidze.  

Ikki davlat o‘rtasidagi charter reyslar 2015 yil noyabrda Suriyada Rossiyaning Su-24 samolyoti turk samolyoti tomondan urib tushirilgandan keyin 9 oyga uzilib qolgandi. Rossiyadan Turkiyaga sayyohlar oqimi 2016 yilning birinchi oylarida 90 foizgacha kamayib ketgan.

2016 yil yozida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Rossiya prezidenti Vladimir Putindan samolyotning urib tushirilishi uchun kechirim so‘ragandan keyin o‘zaro keskinlik barham topgan. Shundan keyin Rossiya hukumati parvozlarga taqiqlovni bekor qilgan, Turkiyaga birinchi charter reys esa 2 sentabrda amalga oshirilgan.

Mavzuga oid