Jamiyat | 18:41 / 17.04.2017
25844
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda ikkinchi jahon urushi faxriylariga avtomashinalar taqdim etildi

Prezidentimizning 2017 yil 4 apreldagi “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorida belgilangan vazifalarga muvofiq, ikkinchi jahon urushi faxriylariga GM Uzbekistan qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan har qanday turdagi avtomashinalarni bir martalik navbatsiz olish imkoniyati taqdim etilgan.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari mazkur imkoniyatdan bir marta foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Urush faxriysiga, o‘ziga yoki yaqinlari, qarindosh-urug‘lari yoxud nevaralaridan istaganiga bir marta bir dona avtomobilni navbatsiz xarid qilishga ruxsat beruvchi sertifikatlar topshirildi. 

Bugun Andijon viloyatida ana shunday imkoniyatga ega bo‘lgan 3 nafar faxriyga “Andijon avtotexxizmat” jamiyati tomonidan “DAMAS” avtomashinalari tantanali tarzda topshirildi.

Avtomashinalar kalitini tantanali tarzda topshirish tadbirida viloyat hokimining o‘rinbosari Shahzodbek Tursunov, tuman hokimligi, “Nuroniy” jamg‘armasi va jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. 

- Bugun ertalab sertifikatga asosan mashinaga to‘lov qilgan edik, tushdan so‘ng avtomobilni keltirib berishdi,-deydi Jalaquduq tuman Qatortol qishlog‘ida yashovchi 93 yoshli ikkinchi jahon urushi faxriysi Ergashboy ota Xayitmatov. – Endi nabiralarim bilan mana shu avtomashinada “Xotira va qadrlash kuni”da tadbirlarga birga boramiz. Qo‘llarimiz doim duoda: Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch bo‘lsin!

Shuningdek, Buloqboshi tumani Nayman qishlog‘ida istiqomat qiluvchi yana bir urush faxriysi Ismoiljon ota Yusupov xonadoniga ham “DAMAS” avtomashinasi olib borib berildi.

Andijon viloyatida yashovchi jami 86 nafar ikkinchi jahon urushi faxriylariga ana shunday sertifikatlar taqdim qilingan. 

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid