Iqtisodiyot | 14:27 / 17.04.2017
18305
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon banki O‘zbekiston oliy ta'lim sohasiga kredit ajratdi

Jahon banki O‘zbekiston oliy ta'lim tizimini modernizatsiya qilish loyihasi uchun 42,2 mln dollar mablag‘ ajratishga qaror qildi. Respublika Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi mutaxassisi shu haqda Kun.uz’ga ma'lum qildi. Uning aytishicha, o‘tgan hafta oxirida imzolangan kredit bitimi “oliy ta'lim sohasida axborot tarmog‘ini barpo etish”ga yo‘naltiriladi. 

Bundan tashqari, o‘quv va ilmiy laboratoriyalarni yangi jihozlar bilan ta'minlash hamda ilmiy ishlar sifatini ko‘tarish maqsadida grantlar taqdim etuvchi maxsus jamg‘arma, elektron kutubxonani tashkil etish ham mazkur kredit mablag‘i hisobidan qamrab olinadi. Shu bilan birga, vazirlik vakilining aytishicha, bu maqsadga davlat byudjyetidan ham mablag‘lar ajratiladi. 

Mutaxassisning aytishicha, Jahon banki krediti 2017-2022 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, jami 42,2 mln dollar bosqichma-bosqich o‘zlashtiriladi. 

Shuningdek, Islom taraqqiyot banki kredit mablag‘lari hisobidan ham turli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar ustida ish olib borilmoqda. Islom Taraqqiyot bankining jalb qilinishi rejalashtirilayotgan 44,48 mln dollarlik mablag‘lari ham asosan oliy ta'lim muassasalarini zamonaviy o‘quv-laboratoriya jihozlari bilan ta'minlashga qaratiladi. 

Mavzuga oid