O‘zbekiston | 17:51 / 18.04.2017
26517
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda urush faxriylariga avtomobillar topshirildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 4 apreldagi «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi farmoni hamda «Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq ikkinchi jahon urushi faxriylariga GM Uzbekistan qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan har qanday turdagi avtomashinalarni bir martalik navbatsiz olish imkoniyati taqdim etilgan.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari mazkur imkoniyatdan bir marta foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Urush faxriysiga, o‘ziga yoki yaqinlari, qarindosh-urug‘lari yoxud nevaralaridan istaganiga bir marta bir dona avtomobilni navbatsiz xarid qilishga ruxsat beruvchi sertifikatlar topshiriladi. 

Toshkent shahri hokimiyati matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bir necha kun avval Toshkent shahrida istiqomat qilayotgan 300 nafarga yaqin Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat faxriylariga yengil avtomobillarni imtiyozli xarid qilishga oid sertifikatlar tantanali ravishda topshirilgandi.

Jumladan, 17 aprel kuni mehnat va urush faxriylari - Uchtepa tumani, Beshqayrog‘och ko‘chasi, 55/1 uyda istiqomat qilib kelayotgan 94 yoshli Hikmat ota Ubaydullayevga "Damas", Shayxontohur tumani, Ulug‘bek ko‘chasi, 65 uyda istiqomat qiluvchi 98 yoshli Kamol ota Turopovga "Lasetti", 18 aprel kuni Yakkasaroy tumani, H.Sulaymonov ko‘chasi, 1a uyda istiqomat qiluvchi 92 yoshli Nazar Stepanovich Nazaryanga "Lasetti", Shayxontohur tumani, M.Qoriyoqubov 2-tor ko‘chasi, 3 uyda istiqomat qiluvchi 93 yoshli Abduvohid ota To‘laganovga "Damas" rusumli yengil avtomobillar tantanali ravishda topshirilgan.

Faxriylarga imtiyozli yengil avtomobillar topshirish marosimida Toshkent shahri hokimi o‘rinbosarlari, tuman hokimlari, "Nuroniy" jamg‘armasining Toshkent shahar kengashi va "Mahalla" xayriya jamoat fondi Toshkent shahar bo‘limlari rahbarlari hamda mahalla raislari ishtirok etmoqda.

Mavzuga oid