Light | 12:58 / 18.04.2017
27691
18 daqiqa o‘qiladi

Jyeki Chan va uning sarguzashtlari

2017 yilning 7 aprelida mashhur kinoaktyor Jyeki Chan 63 yoshga to‘ldi. Uning ijod yo‘li 1970-yillarda boshlangan. O‘shandan beri u filmlarda murakkab tryuklarni o‘zi bajarib keladi. Shunday bo‘lsa-da, u hayotdan zavq olib yashaydigan, g‘ayratli aktyorligicha qolgan. Bugun yuzlab odamlar xitoylik aktyorga baxtli bolalik uchun minnatdorchilik bildirishadi. 

 

Hayotning ilk yillari va aktyorlik faoliyati

Ikkinchi jahon urushi tugaganidan so‘ng, 1945 yilning sentabrida xitoylik Charlz Chin Mudofaa vazirligi tomonidan ayg‘oqchi sifatida yollangan. Erkak bunga parallel ravishda afyun (opium) tarqatish bilan shug‘ullanuvchi mahalliy mafiya bilan hamkorlik qilgan. Reydlardan birida u qora bozorda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘i Lili bilan tanishib qoladi.

1949 yilda hukumat tepasiga kommunistlar kelganida juftlik Hongkongga qochib ketadi. Charlz ona vatanida boshqa ayolini 4 nafar farzandi bilan qoldirib ketgan edi. 1954 yilning 7 aprelida juftlik o‘g‘illi bo‘ladi va unga Kon San deya ism beradi, yillar o‘tgach, do‘stlari uni Jyeki Chan deb chaqira boshlashadi. Ota-onasining farzandini boqish uchun puli bo‘lmagani bois uni britaniyalik shifokorga sotmoqchi bo‘lishadi, biroq oxir-oqibat bu fikrlaridan qaytishadi. 

Bir necha yil o‘tgach, oila ish qidirib Avstraliyaga yo‘l oladi, biroq bir yildan so‘ng ota-onasi Channi ortga, Hongkongga qaytaradi. U yerda Chan sakkiz yil Xitoy opera institutiga kiradi. Institutda undan qancha (3, 5 yoki 9 yil) o‘qimoqchi ekani haqida so‘rashganida – matematikadan xabari yo‘q aktyor “10 yil” deb javob bergan.

Keyingi yillar u qo‘shiq kuylash, jang san'ati, drama va akrobatikani o‘rgangan. Ustozlar yaxshi tayyorgarlik ko‘rmagan bolalarni urishishar edi, shu bois Chan o‘z ko‘nikmalarini mukammallashtirishiga to‘g‘ri kelgan. U institut tufayli bolaligidan Xitoy myuzikllarida suratga tushgan va Xitoy kinosanoatini o‘rgangan. Biroq institutda faqat grammatika, xorijiy tillar va matematikani o‘rgatishardi, bu esa aktyorning umumiy bilimsizligiga olib keldi.

17 yoshga borib, Chan taekvondo va kung-funi bir guruh raqiblarni xotirjam yenga olish darajsida egallagan edi.

Chan 18 yoshida institutni tugallab, ikki joyga ishga kiradi: sirkda - akrobat va kinoda – kaskadyor. 1972 yilda u “G‘azab mushti” s'yomkalarida qatnashadi va o‘z kumiri – jang san'ati ustasi va aktyor Bryus Li bilan tanishadi. Channing dovyurakligi mashhur aktyorning unga qiziqishiga sabab bo‘ladi va Bryus Li uni kaskadyorlikka taklif qiladi. Shu tariqa Chan 1973 yilda ishlangan “Ajdarhoning chiqishi” filmida suratga tushgan.

Kartinaning suratga olinishi davomida shunday sahna bor – Li Channing qahramonini kaltaklaydi va boshiga yog‘och bilan uradi. Zarba u qadar kuchli bo‘lmagan, lekin kaskadyor o‘zini xuddi boshi og‘rib qolgandek tutadi. Sahna ko‘rinishi suratga olinib bo‘lganidan keyin Bryus Li kaltaklangan aktyorning yoniga kelib uzr so‘rab, uni quchoqlaydi. Channing 2013 yilda iqror bo‘lishicha, bu uning hayotidagi eng unutilmas lahzalardan biri bo‘lgan.

1973 yilning iyulidagi voqea Jyeki Channing hayotini umrbod o‘zgartirib yuboradi – 32 yoshli Bryus Li hayotdan ko‘z yumadi. Lining o‘limi tufayli kinosanoat o‘zining yetakchi kung-fu aktyorini yo‘qotadi. Vashingtondagi dafn marosimiga minglab odamlar tashrif buyuradi. Chan ham chuqur qayg‘uga botadi, biroq tez orada uni jang san'ati janrida Bryus Lining o‘rnini bosishga taklif qilishadi. 

Yosh aktyorga Bryus Lining nusxasi bo‘lish, uning filmlar seriyasini davom ettirishni taklif qilishadi. Rejissyorlar yosh Chanda shunday salohiyatni ko‘rishadi, biroq aktyorning o‘zi marhum kumiri uslubini takrorlashni istamasdi. Buni unga nisbatan hurmatsizlik deb hisoblardi, shu bois Chan o‘z uslubini shakllantirishga kirishdi.

Aktyorga Amerika kinosanoatidagi komediya yulduzlari, shu jumladan Baster Kiton va Charli Chaplin yoqar edi. U tryuklar qilishni bilardi va ajoyib jang qilardi... Chan ushbu barcha omillarni uyg‘unlashtirib, kung-fu filmlari uslubini shakllantirdi.

1978 yilda Chan formulasining muvaffaqiyati sifatida “Sarhush jang ustasi” filmi namoyish qilindi. Yosh aktyor raqiblariga ayovsiz zarbalar berish barobarida qishloqdagi shirakayf bezoridek ko‘rinib, o‘zini a'lo darajada namoyon etgan.

Shundan keyin 1980-yillar boshida Chan Amerika jangari filmlaridagi o‘yinlar haqida muzokaralar olib borgan, biroq aktyorning komedik uslubi hech kimga ma'qul kelmagan. Natijada Chan bir necha kam mablag‘li filmlarda suratga tushgach, Hongkongga qaytgan va u yerda "A loyihasi", "Politsiya hikoyasi" va "Yaratganning qurollari" kartinalarini suratga olgan.

Aynan shu filmlar Channi mashhur qilgan va uning rahmdil hamda jasur qahramon pozitsiyasini mustahkamlagan. U tryuklarni himoyasiz bajargan va faqat oyoq-qo‘li singan hamda boshidan jarohat olgan vaqtlardagina dublyorlardan foydalangan.

Umuman olganda, aktyor kamdan-kam hollarda dublyorlarga murojaat qilardi. Chan sahnalarni suratga olishda qo‘rquv va og‘riqlarni yengib o‘tgan, kaskadyorlardan ham xuddi shunday fidoyilikni talab qilgan. "Politsiya hikoyasi"dan keyin ko‘pchilik aktyor bilan ishlashdan bosh tortgan: uni haddan ziyod murakkab va xavfli tryuklarni talab qiluvchi aqldan ozgan kishi deb hisoblashardi. U bilan 1973 yilda asos solingan "Jyeki Chan kaskadyorlar assotsiatsiyasi"ning eng sodiq a'zolarigina qolar edi.

Yillar o‘tgach, kaskadyorlar Channing beminnat yordami haqida so‘zlab berishgan - u kaskadyorlardan biri kvartirasining pulini to‘lashga qiynalganida o‘z pullarining yarmini bergan bo‘lsa, boshqasiga mashina sovg‘a qilgan.

1990-yillarda ham Channing karerasi muvaffaqiyatli davom etdi. Kung-fu jangarilari janrida aktyorning raqiblari bo‘lmagan, shu bois unga bo‘lgan talab Xitoyda ham, AQShda ham birdek baland edi. 1995 yilda MTV telekanali aktyorga “Hayotiy yutuqlari uchun” mukofotini topshiradi.

1996 yilda Chan “Bronksdagi mushtlashuv” filmida bosh rolni ijro etdi, 7,5 million dollarlik byudjyetli kartina AQShda bir kunda 10 million dollar to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Film Channing muvaffaqiyati va uslubini mustahkamladi va qachonlardir hech kim tanimagan va savodsiz kaskadyorni dunyoga tanitdi.

 

Hayotiy tamoyillar va rejissyorlik imzosi

Chan o‘zidagi barcha ko‘nikmalarni mukammalashtirishga bo‘lgan harakati tufayli xapkido jang san'atida qora belbog‘ sohibi bo‘lgan, shuningdek u professional kung-fuchidir, bundan tashqari, u xitoy, ingliz, koreys va yapon tillarida so‘zlashadi.

Channing rejissyorlik imzosi o‘ziga xosdir, u turli mamlakatlarning ikki janri bazasida shakllangan: Amerika ovozsiz komediyasi va Hongkong kung-fu jangarisi. Chan, Chaplin kabi, komediyani hazillar yordamida emas, qahramon bilan sodir bo‘luvchi kulgili vaziyatlar orqali yaratadi. Jangari qismini yaratishda esa Xitoy kinosanoatining ko‘p yillik tajribasini qo‘llaydi.

Amerikacha jangari janridan farqli o‘laroq, Chan ekranda ko‘rsatilayotganlarning barchasini o‘zida his qilardi. Uni yuziga urishadi, katta balandlikdan irg‘itishadi, tok urdirishadi. Aktyor doim raqiblaridan zaifroq ko‘rinadi: ularda qurol bo‘ladi yoki raqib tomon 30 kishi birlashib harakat qiladi, ba'zan esa aktyorning raqibi o‘zidan ikki barobar katta yo kuchli bo‘ladi. Uning qahramonlari yaxshi mushtlashgani uchun emas, ilojsiz vaziyatlardan chiqish yo‘lini topishi bilan g‘olib bo‘lishadi.

Channing yana bir o‘ziga xos usuli – u qo‘l ostidagi har qanday narsadan qurol sifatida foydalanadi. Muzlatgich eshiklari, sushi tayoqchalari, klaviatura, sochiq, lego kubiklari yoki narvon – Chan maishiy predmetlarni ustalik bilan qurolga aylantirib, o‘zining topqirligi bilan tomoshabinlarni ajablantiradi.

Yana bir o‘ziga xos jihati – perfektsionizm. Chan mushtlashuvlar xoreografiyasi, kameraning holati va kartina ritmini o‘z nazoratiga olib, hatto kichik sahnalar s'yomkasi uchun ham soatlab vaqt ketkizadi. U dinamik va tezkor sahnalarni yaxshi ko‘radi, lekin aksariyat rejissyorlardan farqli o‘laroq, ular uchun vaqt, pul va asab ketkizishga tayyor.

Charli Chaplin mukammal rakursga erishish uchun sahnalarni 300 martlab qayta suratga olgan. “Yetti” va “G‘oyib bo‘lgan” trillerlari muallifi Devid Fincher har bir sahnani o‘rtacha 50 martadan tasvirga oladi. Biroq hali hech kim Channing rekordidan o‘zib keta olmagan. U “Ajdarholar lordi”dagi sahnalardan birini 2 ming martadan ziyod qayta tasvirga olgan. Channing fikricha, Amerika kinosanoatiga aynan shunday qat'iylik yetishmaydi: rejissyorlar ko‘pincha s'yomkalar uchun pul tejashadi va shu tariqa kartina sifatiga putur yetkazishadi.

Albatta, Channing amerikalik aktyorlardan yaqqol ustunlik tomoni borki, buni hech kim inkor eta olmaydi – u tryuklarni hech qanday himoyalarsiz mustaqil bajaradi. Uning karerasi “gullagan” davrdan boshlab AQShning sug‘urta kompaniyalari aktyor va uning kaskadyorlarini qora ro‘yxatga kiritishgan: s'yomkalar vaqtida albatta kimnidir tez yordam mashinasi olib ketardi.

Aktyorning o‘zi ham juda ko‘p marotaba jiddiy jarohatlar olgan va bu uning salomatligiga katta xavf solgan paytlar ham bo‘lgan. Biroq u o‘z tamoyillariga sodiq qolgan.

Aktyorning so‘zlariga ko‘ra, har bir yangi tryuk uni birdek cho‘chitadi, lekin eng qo‘rqinchlisi 1998 yilda, “Men kimman?” kartinasi s'yomkalarida ro‘y beradi. Chan Niderlandiyadagi Rotterdam shahrida joylashgan Muzokaralar va tadbirlar markazi binosining yon tomonida hech qanday himoyasiz harakatlanishi kerak bo‘lgan. Aktyor bu sahnaga ikki hafta davomida tayyorgarlik ko‘rgan.

Jyeki Chan aktyorlik faoliyati davomida uch marta burnini sindirgan, shuningdek barmoqlari, qovurg‘asi, oyoqlari singan holatlar bo‘lgan. Bundan tashqari, yelkalari chiqib ketgan, qosh va bosh sohasiga jiddiy ziyon yetgan, tishlarini yo‘qotgan va h.k.

E'tibor bergan bo‘lsangiz, Chan filmlaridagi beo‘xshov sahnalarni o‘z kartinalari titrlarida ko‘rsatadi. Amerikada ishlangan so‘nggi filmlari bundan mustasno, chunki AQSh filmlarida real zo‘ravonlik sahnalarini (masalan, aktyor tasodifan o‘zini yoqib yuborishi yoki uni chinakamiga kaltaklashayotgani) namoyish qilish taqiqlanadi. Xitoyda esa bunga ruxsat bor.

Chan kino sanoatida ko‘plab yo‘nalishlarda ishlab o‘rgangan. 2012 yilda u film titrlarida eng ko‘p nomi ko‘rsatilgan inson sifatida Ginnesning Rekordlar kitobidan joy oldi. U “Yaratganning qurollari. Burj missiyasi” kartinasida 15 kasb egasi(ssenariynavis, rejissyor, aktyor, prodyuser, bastakor, liboslar dizayneri va b.)ning vazifasini bajargan. Shuningdek u mingga yaqin xavfli tryuklarni bajargan aktyor sifatida ham Rekordlar kitobiga kiritilgan.

Aktyorning sarguzashtlari motivlari bo‘yicha “Jyeki Channing sarguzashtlari” nomli multfilm suratga olingan, har bir epizod oxirida aktyor bolakaylar tomonidan unga yo‘llangan savollarga javob bergan. Jyeki Chan salbiy rollarni o‘ynashdan bosh tortadi. Aktyor o‘zining yosh muxlislariga bir necha marotaba murojaat qilib, ularni kung-fu jangarisi bo‘lishni orzu qilish emas, maktabda yaxshi o‘qish va kompyuter bilimlarini egallashga chaqirgan.

 

Shaxsiy hayot va kelgusi rejalari

Chan o‘zining eng katta kamchiligi bilim yetishmasligida deb hisoblaydi. U qo‘ldan boy bergan bilimlarini egallashni orzu qiladi, lekin bunga vaqt topa olmaydi. Jyeki Chan muntazam ravishda xayriyaparvarlik bilan shug‘ullanadi. U Xitoyning kambag‘al hududlarida maktablar qurilishini moliyalashtiradi. 2011 yilda Chan Fukusimadagi (Yaponiya) portlash asoratlari bilan kurashish uchun pul to‘plash maqsadida xayriya konsertini tashkillashtirgan. Mazkur aksiya 3 milliondan ziyod kishini qamrab olgan.

Shu yilning o‘zida u Yevropada ham xayriya tashkilotiga asos soldi. Maqsad – nochor mintaqalarda maktablar va qariyalar uylarini qurish. 2017 yilning yanvarida Chan suv toshqinidan jabr ko‘rgan Tailand aholisiga yordam tariqasida 65 ming dollar sarfladi.

Jyeki Chan Xitoy kommunistik hukumatini qo‘llab-quvvatlaydi va AQShni dunyodagi eng korruptsion mamlakat deb hisoblaydi.

2013 yilda Chan qachonlardir AQShga ko‘chib o‘tganining sababini ochadi – ma'lum bo‘lishicha, o‘sha paytlar aktyorning pulini o‘maruvchi Hongkong mafiyasi unga tahdid qilgan. Yillar o‘tgach, u ona shahriga qaytgan va mahalliy restoranda qo‘lida pichoq ushlagan 20 kishi uning tepasiga kelgan. Bunga javoban Chan cho‘ntagidan qurol va granat chiqarib, ularning “haddan tashqari chuqurlashib ketishgani”ni aytgan. Bu ziddiyatlarning nima bilan tugagani esa sirligicha qolgan.

2017 yilning sentabr oyida Chan bosh rolni ijro etgan “Xorijlik” filmi ekranlarga chiqadi. Kartina Vetnam urushi faxriysi haqida bo‘lib, qahramon shafqatsiz qotilliklar va terrorchilar hujumi natijasida oilasini yo‘qotgan bo‘ladi. Syujyetga ko‘ra, bosh qahramon jinoyatchilardan qasd olishga yo‘l oladi.

Filmlar – Jyeki Channing yagona “ovunchog‘i” emas. 1980-yillardan boshlab u 20 dan ortiq musiqiy albom chiqargan va Disney’ning «Mulan» multfilmidagi asosiy qo‘shiqqa mualliflik qilgan. Channing so‘nggi musiqiy loyihasi 2016 yildagi «Izma-iz» filmi saundtreki bo‘ldi.

1981 yilda Jyeki Chan tayvanlik aktrisa Joan Linga uylangan. Bir yildan so‘ng juftlik o‘g‘illi bo‘lgan va Lin muvaffaqiyatli karerasini yakunlab, uy bekasiga aylanadi. Ularning farzandi Jyeysi Chan - professional musiqachi va aktyor, biroq u otasidan farqli o‘laroq, bolalarga o‘rnak bo‘la olmaydi.

2015 yilning yanvarida Jyeysining yonidan giyohvand moddalar topilgani uchun uni 6 oylik qamoq jazosiga hukm qilishgan. 2009 yilda Xitoy politsiyasi tomonidan “giyohvand moddalarni nazorat qilish bo‘yicha elchi” etib tayinlangan Jyeki Channing o‘zi esa “o‘g‘lining xatti-harakatlari uchun uyatda qolgani”ni aytgan.

Bundan tashqari, Channing 17 yoshli qizi – Etta Chjolin ham bor. U 2015 yilda otasidan voz kechgan, zero otasi “undan yilda bir necha martagina xabar olgan va uning hayotiga qiziqish bildirmagan”. Aktyor qizni rasman tan olmagan. U o‘zining 350 million dollarlik boyligini o‘g‘liga ham qoldirish niyati yo‘qligini ma'lum qilgan.

Chan agar o‘g‘li mehnat qilib pul topa olsa, unga otasining boyligi kerak bo‘lmasligiga ishonch bildiradi. Manbaga ko‘ra, aktyorning o‘limidan keyin barcha pullar xayriyaga sarflanadi.

2016 yilning noyabrida kino biznesidagi karerasiga 40 yildan oshganda Jyeki Changa kinosanoatdagi xizmatlari uchun “Oskar” mukofoti topshirildi. Mukofotni qo‘lga kiritgan aktyor minnatdorchilik bildirgan holda, bu nafaqat uning,balki butun bir kaskadyorlar jamoasining xizmati ekanini e'tirof etdi.

Aktyor karerasi davomida Hongkong chegaralaridan oshib, G‘arbga yo‘nalganida u bilan murakkab tryuklarni bajargan ko‘plab do‘stlaridan uzoqlashishga majbur bo‘lgan. Biroq 2017 yilning fevralida Xitoydagi teleshoulardan biri aktyorga kutilmagan sovg‘a tayyorladi. Dastlab boshlovchi unga kaskadyorlar jamoasi ishtirokidagi videoyo‘llanmani namoyish qildi, Chan buni tomosha qilib, xotiralarga berilguniga qadar esa aktyorning ajoyib jamoasi uning ortiga bildirmay tizilib turib oldi. Ko‘zlariga yosh kelgan aktyor beixtiyor orqasini o‘girgan damda qadrdon do‘stlariga ko‘zi tushadi va ular bilan diydorlashadi.

 

Mavzuga oid