Sport | 12:29 / 22.04.2017
32705
3 daqiqa o‘qiladi

Uzbek Tigers WSB musobaqasi chorak finaliga yo‘l oldi

Butunjahon boks seriyasi (WSB)ning VII mavsum «C» guruhida ishtirok etib kelayotgan O‘zbekistonning Uzbek Tigers jamoasi 21 aprelda Rossiyaning Patriot Boxing Team jamoasiga qarshi ringga ko‘tarilib, chorak final masalasini ijobiy hal etdi. 

Ma'lumki, Uzbek Tigers jamoasi «C» guruhida Astana Arlans, Patriot Boxing Team va China Dragons jamoalari bilan kuch sinashdi. O‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalari Astana Arlans va China Dragons jamoalari bilan mehmon-mezbon uslubida kuch sinashib ulgurdi. Bu bahslar natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston bokschilari mehmonda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, mezbonda ikki jamoadan ham revansh ola bildi.

21 aprel kuni Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi – AIBA tomonidan o‘tkazilayotgan The World Series Boxing (WSB) - Butunjahon boks seriyalari VII mavsumida ishtirok etayotgan Uzbek Tigers bokschilari «C»  guruhidagi so‘nggi uchrashuvini Patriot Boxing Team jamoasiga qarshi o‘tkazdi. 

Keyingi bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritib bo‘lgan jamoa Permga ikkinchi tarkibni olib ketdi. Bu tarkib 2:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Musobaqa reglamentiga binoan, bu ko‘rinishdagi hisobni qayd etgan g‘olib jamoaga 3 ochko, mag‘lub jamoaga 1 ochko beriladi. Shunga ko‘ra, bungacha 9 ochko to‘plagan Uzbek Tigers jamoasi rossiyaliklar bilan bir xil ochko to‘plashga erishdi. 

Qoidaga muvofiq, guruhlardagi eng yaxshi natija ko‘rsatgan 2ta uchinchi o‘rinni egallagan jamoa ham keyingi bosqichga chiqishi belgilangan. Shunday qilib, «B» guruhida 11 ochko bilan uchinchi o‘rinni olgan France Fighting Roosters va «C» guruhida 10 ochko bilan uchinchi o‘rinni egallagan Uzbek Tigers jamoasi guruhdan chiqish masalasini hal etdi. 

 

Mavzuga oid