London marafoni ishtirokchisi holdan toygan raqibiga marraga yetishga yordam berdi
Britaniya poytaxtidagi 37-London marafonida sportchi Mettyu Ris o‘zini yomon his qila boshlagan raqibi Devid Uayyetga finishgacha yetib olishga yordam berdi. U notanish raqibiga yordam berib, musobaqa natijasini boy berdi.
42 kilometrli masofaning finish yo‘lagida Uayyet holdan toya boshladi. Marraga atigi 300 metr masofa qolganida Ris o‘zini yomon his qilayotgan raqibiga ko‘zi tushdi va yugurishdan to‘xtadi.
"Men unga musobaqani tugallashga yordam berishga qaror qildim, u har safar oyoqqa turmoqchi bo‘lganida qayta-qayta yiqilaverdi. Shunda unga dalda berib "Yur, biz buni uddalaymiz", dedim.
Uayyet tinmay "Men marraga yetishim kerak, marraga yetishim kerak", deya takrorlardi, biroq u borgan sari muvozanatini yo‘qotib borardi. Uni to‘g‘ri yo‘naltirib, marraga yetkazish muhim edi", deya ta'kidladi Mettyu Ris.
Sportchi marra chizig‘ini bosib o‘tganidan keyin bu poyga oyoqlaridagi qattiq og‘riq tufayli juda og‘ir kechganini aytdi.
"Men marafonni tark etishdan bir qadam narida edim, lekin keyin qanday bo‘lmasin, marragacha yetishim kerak, deya qaror qildim. Devidni ko‘rib, fikrlarimiz o‘xshash ekanini tushundim. Bizning uchrashuvimiz - taqdirga o‘xshaydi", dedi Ris.
Ris Uayyet bilan uchrashuvga qadar marafonni 2 soatu 50 daqiqadan kamroq vaqt ichida bosib o‘tishni rejalashtirgandi. Oxir-oqibat ularning ikkisi ham musobaqani 2 soatu 25 daqiqa 26 soniya ko‘rsatkich bilan yakunlashdi.
Risning so‘zlariga ko‘ra, Uayyet bilan uning umumiy jihatlari ko‘p: ikkisi ham ikki yilcha avval yugurishni boshlagan, ularning sportdagi maqsadlari ham o‘xshash bo‘lib chiqdi. Sportchilar doimo aloqada bo‘lishga hamda imkon qadar keyingi marafonlarda birga ishtirok etishga va'da berishdi.
Mavzuga oid
17:10 / 26.10.2024
Inson matonati – 61 yoshida supermarafonda g‘olib chiqqan avstraliyalik cho‘pon
13:00 / 19.10.2024
G‘azoga 3 oy ichida birinchi marta havodan gumanitar yordam tashlandi
10:50 / 14.10.2024
Keniyalik sportchi marafonda yangi jahon rekordini o‘rnatdi
22:50 / 08.10.2024