Light | 11:31 / 28.04.2017
56568
6 daqiqa o‘qiladi

Vitaminlarni qabul qilishda bilish zarur bo‘lgan 7 jihat

Tadqiqot ozuqaviy qo‘shimchalar qabul qiluvchi kishilarning 50 foizdan ko‘pi ularni noto‘g‘ri qabul qilishini ko‘rsatdi. Statistikaga ko‘ra, 1999 yildan keyin odamlar orasida muayyan qo‘shimchalar qabul qilish ko‘rsatkichlari sezilarli darajada oshgan. "Ortodoks" portali shu mavzudagi foydali ma'lumotlarini taqdim etdi.

Manbaga ko‘ra, so‘nggi yillarda D vitamini va Omega-3 qabul qiluvchilar soni juda ko‘payib ketgan. Xususan, D vitamini sotuvlari to‘rt karra oshgan bo‘lsa, Omega-3'da bu ko‘rsatkich to‘qqiz barobarni qayd etgan.

Agar siz ham vitamin va mineral komplekslarni qabul qilishni xush ko‘ruvchilar safida bo‘lsangiz, ularni to‘g‘ri qabul qilayotganingizga ishonch hosil qilishingiz zarur. Quyida 7 eng mashhur darmondori va ularni qabul qilishdagi qoidalarga oid ma'lumotlar havola qilinadi.

 

KALTsIY

To‘g‘ri: kalsiyni D vitamini bilan birga qabul qilish kerak. Usiz organizm kalsiyni keragicha o‘zlashtira olmaydi, shu bois bu ikki qo‘shimchani birga qabul qilishga harakat qiling. Bunda D vitaminining kundalik me'yorini inobatga oling.

Muhim: dozani oshirib yubormaslik. Kaltsiyning me'yoridan ko‘p qabul qilinishi suyaklarni mustahkam qiladi deb o‘ylasangiz, adashasiz, aksincha, bundan ziyon ko‘rishingiz mumkin - kalsiy dozasining oshirilishi buyraklarda tosh paydo bo‘lishi, qabziyat, shuningdek, ba'zi mutaxassislar fikricha, yuqori yurak-qon tomirlari kasalliklari xavfini tug‘diradi. Kaltsiyning kattalar uchun tavsiya qilinadigan kundalik me'yoriy dozasi 1000 milligrammni tashkil qiladi va bu oziq-ovqat mahsulotlari bilan birgalikda hisoblangan. Misol uchun, yog‘siz yogurtning kichik konteyneri me'yorning 42 foizini ta'minlaydi.

 

BALIQ YoG‘I YoKI OMeGA-3 - YoG‘LI KISLOTALAR

To‘g‘ri: Omega-3'ni taom bilan qabul qilish. Bu uni qabul qilgandagi yoqimsiz effektlarni (masalan, ko‘ngil aynishi, jig‘ildon qaynashi) kamaytirishga yordam beradi.

Muhim: baliq yog‘ini aspirin va qonni suyultiruvchi boshqa dori vositalari bilan qabul qilmaslik.

 

TeMIR

To‘g‘ri: imkon qadar uni apelsin sharbati bilan qabul qilish. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, S vitamini temir moddasining inson organizmida o‘zlashtirilishini yaxshilaydi.

Muhim: temir moddasini sutli ichimliklar bilan qabul qilmaslik, zero ularda kalsiy bo‘lib, temirning o‘zlashtirilishini qiyinlashtiradi.

 

A, D, E va K VITAMINLARI

To‘g‘ri: bu vitaminlarni yog‘larga boy mahsulotlar bilan qo‘llash. A, D, E va K vitaminlar bunday taomlar bilan juda yaxshi o‘zlashtiriladi.

Muhim: Antikoagulyantlarda "o‘tirgan" bo‘lsangiz, K vitaminini qabul qilish maqsadga muvofiq emas. U ushbu preparatlarga qarshi ta'sir ko‘rsatishi va qoningizni yanada quyuqlashtirishi mumkin.

 

KALIY

 

To‘g‘ri: Kaliyni qabul qilishdan oldin ratsion bilan yetarlicha magniy olayotganingizga ishonch hosil qilish kerak. Magniy organizmda kaliy miqdorini tartibga solishga yordam beradi. Yong‘oqlar, dukkaklilar va ko‘katlarni ko‘proq iste'mol qiling.

Muhim: Kaliyni qon bosimini normallashtiruvchi preparatlar, shuningdek, angiotenzin retseptorlari blokatorlari (odatda "tan"ga tugaydi) bilan qabul qilmaslik. Aks holda organizmingizda kaliy miqdori haddan ziyod ko‘payib ketishi mumkin. Giperkaliyemiya, ya'ni qondagi kaliy miqdorining ko‘payib ketishi mushaklar zaiflashuvi va aritmiyaga olib kelish xavfi bor.

 

ShIFOBAXSh O‘SIMLIKLAR (ayniqsa, ginkgo, jenshen, qizilpoycha)

To‘g‘ri: faqat shifokor tomonidan tavsiya qilingan dozani qabul qilish. Hatto bir qarashda bezarardek ko‘ringan o‘simliklar ham me'yordan oshsa, zararli bo‘lishi mumkin.

Muhim: Shifobaxsh o‘simliklarni dori preparatlari bilan aralashtirmaslik. Bu, ayniqsa, retsept bilan beriladigan dorilarga tegishli, aks holda qonda dorining faol moddasi yo haddan ziyod baland, yo haddan ziyod past bo‘lishi mumkin.

 

PROBIOTIKLAR

Muhim: Barcha probiotiklarning ta'mi va rangi bir xil deb o‘ylamaslik kerak. Qo‘llanmalarni o‘qing. Sog‘lig‘ingiz uchun probiotiklarning qanday turi va miqdori to‘g‘ri kelishi borasida davolovchi shifokoringiz bilan maslahatlashing.

 

MUHIM!

Bahor kelishi bilan ko‘pchilik turli-tuman vitaminlarni xarid qilib, ularni birin-ketin qabul qila boshlaydi. Bu to‘g‘rimikan? Ekspertlar vitamin komplekslarini qabul qilish zarurmi yoki ularni oziq-ovqat mahsulotlari ko‘rinishida qabul qilgan yaxshimi - bahslashishdi. Faqat bir punktda ekspertlarning fikri bir joydan chiqdi - barcha homiladorlar albatta foliy kislotasini qabul qilishi kerak.

Mavzuga oid