Jahon | 13:43 / 09.05.2017
12554
5 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda «O‘lmas polk» o‘tkazildi

Foto: © RIA Novosti

Qozog‘istonning Ostona, Olmaota va boshqa yirik shaharlarida Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 72 yilligiga bag‘ishlab «O‘lmas polk» aksiyalari o‘tkazildi.

9 may kuni Rossiya va boshqa xorijiy davlatlarda o‘ninchi marta «O‘lmas polk» tadbirlari o‘tkazilmoqda. 

«O‘lmas polk» aksiyasi 2007 yili xalq tashabbusi sifatida Tomskda boshlangan edi. Keyinchalik u butun Rossiyada hamda qator boshqa davlatlarda o‘tkazila boshlandi. Aktsiya ishtirokchilari ko‘chalarga chiqib, urushda qatnashgan o‘z yaqinlarining suratlarini ko‘targan holda ko‘chalardan yurib o‘tib, ularni xotirlaydi. O‘tgan yilda bunday aksiyalar dunyoning 50 davlatida o‘tkazilgan.

Qozog‘iston poytaxtida «Ostona o‘lmas polk - tinchlik marshi» nomi ostida an'anaviy tadbir «Kazak yeli» (Qozoq eli) haykali oldidan boshlanib, «Otan korgaushlar» (Vatan himoyachilari) memorialiga qadar yo‘lda (3,6 km) bo‘lib o‘tgan.

Shuningdek, respublikaning Olmaota shahrida ham «O‘lmas polk» tadbirlari o‘tkazilgan. Qatnashchilarning umumiy soni ma'lum emas, 2016 yilda Olmaotada 15 ming kishi, Ostonada esa 5 ming kishi shunday tadbirlarda ishtirok etgandi.

Bugun Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida ham G‘alaba kuni munosabati bilan «O‘lmas polk» tadbirlarida minglab kishi qatnashdi.

Minglab kishilardan iborat namoyishchilar kolonnasi Bishkek janubidagi G‘alaba xiyobonidan chiqib G‘alaba maydonidagi mangu olov oldiga qadar yurib borishgan. Qirg‘izistonda bunday marshlar 2014 yildan buyon o‘tkazila boshlandi. O‘tgan yili tadbirlarda 15 mingga yaqin kishi ishtirok etgandi, bu yil ko‘chalarga 20 mingga yaqin kishi chiqishi kutilgandi.

Ikkinchi jahon urushi frontiga 300 mingdan ortiq qirg‘izistonlik borgan, ularning 100 ming nafari ortga qaytmagan. Hozirda Qirg‘izistonda Ikkinchi jahon urushi faxriylaridan 640 nafar qolgan.

Islom an'analariga to‘g‘ri kelmaganligi bois taqiqlanganiga qaramasdan Tojikistonda ham «O‘lmas polk» aksiyasi o‘tkazildi.

Dushanbe shahrida 300 nafar chog‘li kishi o‘z otalari va bobolari suratlarini ko‘targan holda ko‘chalarga chiqqan.

Foto: Asia-Plus

Holbuki 5 may kuni «Xovar» davlat axborot agentligi Tojikiston rasmiylari «O‘lmas polk» aksiyasi avval boshidan respublikada «G‘alaba kuni»ni nishonlash borasidagi rejaga kiritilmagani uchun Dushanbeda o‘tkazilmasligi haqida xabar bergandi.

Xabarda Tojikiston va Afg‘onistonning chegara hududida sodir bo‘layotgan jangovar harakatlar sabab mamlakat rasmiylari 9 may kuniga rejalashtirilgan aksiyalardan oshig‘ini o‘tkaza olmasligi ta'kidlangandi.

«Bundan tashqari, islom an'analariga binoan, musulmonlar o‘lgan odamlarning suratlarini ko‘tarib olib ko‘chalarda yurishi mumkin emas», deb yozganadi «Xovar».

O‘tgan oy oxirida O‘zbekistonda «O‘lmas polk» aksiyasi o‘tkazilmasligi ma'lum qilingandi.

«Qadrdon o‘zbekistonliklar! «O‘lmas polk» yurishi jahonda yuzaga kelgan murakkab siyosiy vaziyat tufayli joriy yilda amalga oshirilmaydi. Biz bu rasmiylarimizning to‘g‘ri qarori deb hisoblaymiz, negaki bizga ikkinchi Piter kerak emas», — deyilgandi e'londa.

O‘zbekistondagi «O‘lmas polk» aksiyasi tashkilotchilari tadbirni yodgorlikni ziyorat qilish shaklida o‘tkazishga rozi bo‘lishgandi. Ishtirokchilar «Birodarlik qabri» bog‘idagi ma'sum ona yodgorligi poyiga gul qo‘yish bilan cheklanishi, keyinroq Toshkentdagi majlis zallaridan birida ular faxriylarni tabriklab, bayramona konsertga tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid