6 yil suvsiz. Namanganda asrga xos bo‘lmagan manzaralar
Kun.uz muxbirlari o‘tgan oyda Namangan viloyatida bo‘lgandi. Safar davomida viloyat hokimi bilan qator masalalar bo‘yicha suhbat uyushtirildi va bir necha muammoli mavzularda lavhalar tayyorlandi.
Xususan, Namangan shahri “Go‘zal” massivi Mehnatobod mahallasi Bahoriston ko‘chasida yashovchi aholi vakillari bir necha yildan beri toza ichimlik suvi yo‘qligidan qiynalib kelayotganini xabar qilishgandi. Fuqarolardan biri aholi nomidan 4-5 marta mutasaddi rahbarlarga murojaat qilsa ham, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov qabuliga ikki marotaba kirib ham ushbu muammoga yechim topa olmagan.
Vaziyatni yanada oydinlashtirish uchun Bahoriston ko‘chasi aholisi bilan suhbatlashildi. Suv bilan bog‘liq muammo juda ham dolzarb ekanligi oydinlashdi. Mahalla raisi 5-6 yildan beri bu borada bironta ish qilmagan.
“6 yildan beri shu sharoitdamiz. Qo‘shni mahalladan tushgan quvurdan kuniga 2-3 marta suv olamiz, u ham mana bugun kelmadi. Adirdan ariqqa tushgan suvni tindirib ishlatishga majburmiz”, - deydi mahalliy aholi vakili.
Sayt vakillari shahar qoq markazida joylashgan ushbu ko‘chaga 150 metrlik suv quvuri tortib kelish nega bu qadar dolzarb muammo bo‘layotgani, mutasaddi rahbarlar nima uchun fuqarolar murojaatiga bee'tiborligi bilan ham qiziqdi.
“Suvoqava” DUK Namangan shahar filiali rahbari mazkur masalaning yechimi viloyat “Suvoqava” rahbari bilan bog‘liqligini ma'lum qilganidan so‘ng, keyingi manzil ana shu rahbar - Ayubxon Appaqovning qabuli bo‘ldi.
“Suvoqava” tashkiloti birinchi faoliyati shundan iboratki, suv tarmog‘i bo‘lsa yetkazib beradigan, uni tortadigan tashkilot emas. Tarmoq tortadigan tashkilot bor. Viloyat hokimligining “Injyenering” kompaniyasi bor. Davlat dasturi asosida qancha tarmoq tortilishi belgilanadigan bo‘lsa, shu tarmoqning tenderini o‘tkazib, uni tortib, bizga topshiradi, so‘ng biz unga suv yetkazib beramiz. Biz tarmoq yetib borgan joyda suv bilan ta'minlash uchun javobgarmiz. Yetib bormagan joylar uchun bizning texnikamiz bor, hokimning jadvali bor, uning asosida qayerda tasdiqlab berilgan bo‘lsa, o‘sha joyga transportni yetkazib beramiz”, - deydi Appaqov.
Uning aytishicha, hozirda bu hududga Navoiydan quvur tortilmayapti, sababi bironta qurilish yo‘q. “150 metr quvur uchun Navoiydan transport kelmadi. Kelgan taqdirda ham bizga 1 500 kilometrlikdan ortiqroq pulga to‘g‘ri keladi”, - deydi “Suvoqava” rahbari.
Uzoq bahs-munozaralardan so‘ng rahbar 150 metr quvur kelishi bilan suv muammosini hal qilishga rozilik berdi. Biroq shu arzimagan 150 metrlik quvurning yo‘qligi sabab mahalla aholisi bir necha yillardan beri toza ichimlik suvisiz qolishi hayratlanarli.
Ammo muhimi berilgan va'da oxir-oqibat bajarildi. Bir muammo o‘z yechimini topdi. Bugun Bahoriston ko‘chasida istiqomat qiluvchi aholi mutasaddi rahbarlardan minnatdor. Suvga tashna qorako‘zlar endi xursand. Biroq, hududda boshqa qator muammolar ham borki, ular o‘z yechimini topishi shart.
Xususan, elektr energiyasi, gaz muammolari ham ko‘p tumanlar singari yaxshi emas. Aholi gaz yo‘qligidan tezak, o‘tin sotib olishga majbur bo‘ladi.
Mahalladagi oilalarning farzandlari sovuq qish kunlarida tez-tez kasal bo‘lishadi, bog‘cha yo‘qligi tufayli yosh bolalar kunni hovlida tuproq o‘ynab o‘tkazishadi va yana kasal bo‘lishadi.
"Shifoxona bor. Shifoxonaga mijozlar bor", deya achchiq kulgiga olinadi bu holat.
Axir birlamchi ehtiyojlarni ta'minlash har bir mutasaddi amaldor uchun eng asosiy vazifa bo‘lishi kerak emasmi?
Mavzuga oid
21:11 / 11.11.2024
Namanganda poyezd bilan to‘qnashgan Damas haydovchisi halok bo‘ldi
17:35 / 11.11.2024
Namanganda to‘yona ko‘rinishida pora olgan kadastr bo‘limi boshlig‘i 5 yilga qamaldi
09:30 / 07.11.2024
Namanganda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi
11:35 / 06.11.2024