Andijondagi «KONTEKS-TASHKENT» korxonasida bugungi kun nafasi
“Intilganga tole yor” deydilar. Har bir hikmat zamirida esa tuganmas ma'no mujassam. Andijon viloyati, Oltinko‘l tumanida faoliyat yuritayotgan «KONTEKS-TASHKENT» trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonasida bo‘lsangiz, ushbu so‘z samarasini guvohi bo‘lasiz.
O‘tgan hafta Andijon shahrida bo‘lib o‘tgan “Tashabbus” respublika ko‘rik-tanlovining “Eng yaxshi tadbirkor” yo‘nalishida 1 –o‘rinni egallagan jamoaning ish faoliyatiga alohida to‘xtalmoqchimiz.
Andijondan chet elga sayohatga borgan bir yigit oilasiga sovg‘a olish uchun o‘sha yerdagi obro‘li do‘konga kirib, chiroyli, zamonaviy va sifatli kiyim-kechak xarid qilibdi. Uyiga kelib, o‘ziga peshvoz chiqqan yaqinlariga sovg‘alarni ulashgach, otasi unga: “Mana bu mahsulotlarni o‘zimni do‘konlardan oldingmi?” deydi. Hayron bo‘lgan o‘g‘il kiyimlar yorlig‘iga e'tibor bersa: «KONTEKS-TASHKENT», “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” deb yozib qo‘yilgan ekan.
Ayni paytda ishlab chiqarilgan trikotaj mahsulotlarining 80 foizini Fransiya, Polsha, Rossiya, Litva va Belorussiya kabi Yevropa davlatlariga eksport qilayotgan “KONTEKS” jamiyati ichki bozorimizni sifatli kiyimlar bilan to‘ldirishga ham salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Korxonaning 2015 yilda eksport hajmi 9,5 mln. AQSh dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, bu raqam 2016 yilda 12,3 mln AQSh dollarga teng bo‘ldi. Ko‘rib turganingizdek, bir yil davomida 1,4 baravar o‘sishga erishilgan.
"Ikki oy avval Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya safida Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasi va Novosibirsk viloyatida bo‘lganimizda, qo‘shni davlat tadbirkorlari mahsulotlarimiz sifati bilan tanishgach, 8 million dollarlik shartnoma imzolashdi”-deydi korxona ish boshqaruvchisi, izlanuvchan tadbirkor Azimboy Normetov. “Bizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning afzalligi uning yuz foiz tabiiy xom ashyo – paxtadan ekanligi va sifati dunyo standartlariga mos kelishida bo‘lib, xaridor talabiga qarab cho‘ziluvchanligini oshirish uchun 10 foiz sintetik mato qo‘shiladi”.
Korxonada 100 turdagi to‘rt faslga mo‘ljallangan trikotaj kiyimlarini tayyorlanish jarayoni bilan qiziqdik. Maskanga keltirilgan xom ashyo - kalavalash, to‘quv, bo‘yoq va boshqa 7 xil jarayondan o‘tgach, tayyor mahsulot bo‘lib, sotuvga yo‘l olar ekan. Har bir bosqich yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlangan sexlarda ro‘y beradi.
Ayni payt “KONTEKS” mahsulotlari bilan uzviy bog‘lik bo‘lgan “KRAVTEKS” va “BAHTEKS” kichik korxonalarida jami 3000 nafar kishi faoliyat yuritmoqda.
Korxona ish hajmini kengaytirish va aholini ish bilan ta'minlash maqsadida ko‘plab istiqbolli rejalar tuzgan. “Paxtaobod tumanidagi bo‘sh turgan binoni viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning yaqindan bergan yordami bilan olib, korxona tomonidan investitsiya miqdori 358 ming AQSh dollarlik chet eldan keltiriladigan yangi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlab, shu yilning 2 –chorak yakuni qadar ishga tushirishni rejalashtirganmiz” deydi Azimjon Normetov. Bu bilan yana 400 nafar aholi ishlik bo‘lib, yil yakuni bilan eksport miqdori 15 mln. AQSh dollariga yetkaziladi.
Shijoatli va izlanuvchan Azimboy Normetov ko‘zda tutilayotgan rejalar bilan tanishtirdi. Jamiyat o‘z oldiga Oltinko‘l tumaning Markaz mahallasi va Oraziy, Ko‘makay qishloqlarida har biri 100 nafar aholini ish bilan ta'minlovchi zamonaviy korxonalar ishga tushirishni maqsad qilgan.
Korxonaning chet ellik investori Suruji Mahmet Dovud yurtimizda tadbirkorlikka berilayotgan e'tibor haqida shunday deydi: “2004 yili O‘zbekistonda tekstil sohasida faoliyat yuritish uchun kelganman. Qo‘shma korxona tashkil qildik. Hukumat va viloyat hokimligi tomonidan bizga berilayotgan imkoniyatlardan juda mamnunmiz. Maqsadimiz yangi ish o‘rinlari yaratib, sifatli mahsulot ishlab chiqarishdir”
Ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar ham ko‘ngildagidek. Yettita avtobus va bitta mikroavtobus, shinam oshxona, yuvinish va dam olish xonalari xodimlar xizmatida. Korxona tomonidan ish kuni davomida ikki mahal issiq ovqat beriladi.
Yuqorida aytganimizdek, kuni kecha «KONTEKS-TASHKENT» jamiyati O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun o‘tkazib kelinayotgan “Tashabbus” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida ishtirok etib, “Eng yaxshi tadbirkor” yo‘nalishida 1-o‘rinni egalladi. Endi navbat Respublika bosqichiga.
Azimboy Normetovning bizga: “ Iltimos bor edi. Maqolaga - “Korxonaga ishchilar qabul qilamiz. Oylik maosh ishbay ko‘rinishida. Uzoqdan qatnab ishlovchilarga transport ajratiladi” degan e'lonni qo‘shib keta olasizmi?” deya qilgan murojaatini befarq qoldira olmadik.
Yurt farovonligi va iqtisodiyotini yuksaltirish yo‘lida xizmat qilib, aholini ish bilan ta'minlashga o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan korxonaga omadlar tilab qolamiz.
Kun.Uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon.
Xayrullo Vasiyev,
«KONTEKS-TASHKENT» jamiyati
matbuot xizmati xodimi
Mavzuga oid
07:40
Ikki tumanda 966 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanildi
22:05 / 23.11.2024
DXX raisining ishdan olinishi, Andijonda Boburga “hujum” va tugagan saylov - hafta dayjesti
22:45 / 19.11.2024
Madaniy meros agentligi Andijondagi Bobur haykalini ko‘chirish bo‘yicha tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi
10:40 / 19.11.2024