Jahon | 19:40 / 15.05.2017
11493
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy rahbari “Bir makon – bir yo‘l” forumi yakunlarini sarhisob qildi

“Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi doirasida oliy darajadagi forum ishtirokchilari ikki kunlik munozaralar davomida jiddiy ijobiy natijalarga erishishdi. Bu haqda XXR raisi Si Jinping forum yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot-anjumanida ma'lum qildi.

"Forum doirasida amaliy hamkorlik darajasini oshirishga va jiddiy ijobiy natijalarga erishishga muvaffaq bo‘ldik", - deya aytib o‘tdi Xitoy yetakchisi.

Shuningdek, uning ta'kidlashicha, Xitoy tashabbus ishtirokchilariga bundan keyin ham kerakli ko‘mak ko‘rsatishga, infratuzilma loyihalarini rivojlantirishga, o‘zaro aloqalarni yaxshilash ustida ishlashga, qashshoqlik va korrupsiya bilan kurashishga tayyor.

Xitoy 2013 yilda “Bir makon – bir yo‘l” iqtisodiy rivojlanishning yangi strategiyasi haqida ma'lum qildi. U Yevroosiyo davlatlari o‘rtasida o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish va infratuzilmani yaratishga mo‘ljallangan. Strategiya rivojlanishning ikki muhim yo‘nalishini qamrab oladi: Ipak yo‘lining iqtisodiy makoni va dengizdagi Ipak yo‘li. Gap Sharqdan G‘arbga imtiyozli shartlarda mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish uchun savdo yo‘lagini yaratish haqida bormoqda.

Si Jinpingning ma'lum qilishicha, “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi inklyuziv va ochiq maydon bo‘lib, bu yerda barcha ishtirokchilar teng asosda o‘z hissasini qo‘shishi va foyda olishi mumkin.

“Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi rivojlanishning ochiq va inklyuziv negizidir, unda barcha manfaatdor davlatlar ishtirok etishi hamda teng asosda o‘z hissasini qo‘shishi va foyda olishi mumkin”, - deya aytib o‘tdi Xitoy rahbari.

"Biz yanada ochiqlik orqali qalin o‘zaro manfaatli hamkorlikni istaymiz, biz bu hamkorlikni mafkuraviy asosga bog‘lash, qandaydir siyosiy bosim o‘tkazish yoki qandaydir ekslyuziv kelishuvlarga erishish niyatida emasmiz”, - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi Si Jinping.
 
Bundan tashqari, uning aytishicha, Xitoy tomonidan taklif etilgan “Bir makon – bir yo‘l” strategiyasi, ishtirokchi davlatlar sa'y-harakati bilan tinchlik, farovonlik va innovatsiyalar “yo‘liga” aylanadi.

"Ishonchim komilki, barcha ishtirokchilarning qo‘shma sa'y-harakati orqali "Bir makon – bir yo‘l" strategiyasi tinchlik, farovonlik, ochiqlik, innovatsiyalar “yo‘li” bo‘ladi va keyinchalik sivilizatsiyani birlashtiradi", - deya aytib o‘tdi u forum yakuni bo‘yicha tashkil etilgan matbuot-anjumanida.

 

Mavzuga oid