Fan-texnika | 18:10 / 15.05.2017
7655
2 daqiqa o‘qiladi

NASA Mars uchun maxsus «betmobil»ni namoyish qildi

Amerikaning fazoviy tadqiqotlar agentligi – NASA yangi marsoxodni namoyish etdi. Daily Mail nashrining yozishicha, mashina Lamborghini va Kristofer Nolan trilogiyasidagi tank gibridiga o‘xshaydi. Bu haqda Daily Mail nashri yozmoqda.

Olti g‘ildirakli marsoxod 6 nafar fazogirni tashiy oladi. U akkumulyator batareyalaridan quvvatlanadi va ixcham laboratoriyani yodga soladi. Albatta, ushbu model Marsda hech qachon bo‘lmaydi. U shu kabi roverlar kabi Yerda sinovdan o‘tadi hamda NASAning AQShdagi ilmiy-ommabop dasturlari uchun mo‘ljallangan. 

Uglerod tolasi va alyuminiydan yasalgan marsoxod uzunligi 8,5 metrni, eni 4 metrni, balandligi 3,4 metrni tashkil etadi. Uning vazni 2,25 tonna. Rover soatiga 110 km soat tezlikda harakatlana oladi. 

Foto: Mashable

Mars «betmobili»ni Parker Brothers Concepts kompaniyasi NASA buyurtmasiga asosan ishlab chiqdi. U birinchi marta AQShning Florida shtati Jon Kennedi nomidagi Fazo markazida bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmada namoyish etilgan. 

Ayni vaqtda Qizil sayyora yuzasida Amerikaning Opportunity (2004 yildan beri) va Curiosity (2012 yildan) marsoxodlari faoliyat yuritmoqda. Opportunity ishlash davomiyligi bo‘yicha rekordchi bo‘lsa, Curiosity eng og‘ir (900 kg) qurilma hisoblanadi.

Mavzuga oid