Fan-texnika | 18:00 / 30.05.2017
30281
4 daqiqa o‘qiladi

Yangi Nokia 3310 haqida bilish kerak bo‘lgan 8 jihat

Nokia 3310 savdoga chiqib bo‘ldi. Layfxaker materialida asl gadjyetni xarid qilishda nimalarga e'tibor qaratish lozimligi haqida so‘z yuritilgan.

1.  Sizning SIM-kartangiz tushmaydi

Zamonaviy smartfonlarning aksariyati nano-SIM’da ishlaydi. Nokia 3310 sloti micro-SIM shaklidagi kartalarga mo‘ljallangan, shuning uchun bu yerda muammolar paydo bo‘lishi mumkin. So‘nggi vaqtlarda operatorlar mini-SIM qobiqli multishaklli kartalarni taklif etishmoqda, undan kerakli hajmdagi kartani chiqarib olish imkoni bor. Agarda qobiq saqlanib qolingan bo‘lsa, unga nano-SIM’ni kiritish mumkin. Agarda bu imkonsiz bo‘lsa, adapterni sotib olishingiz yoki o‘z operatoringizdan SIM-kartani almashtirishingiz darkor.

2.  Orqa paneldagi ustki qismni ocha turib, tirnoqni sindirib olish mumkin

Nokia 3310’dan foydalanishni boshlash uchun, avvalgi paytlardagidek, unga batareya va SIM-kartani o‘rnatish lozim. Buning uchun orqa paneldagi ustki qismni ochish talab etiladi. Buni qilish esa oson emas. Plastina shu qadar zichlanganki, ba'zi xaridorlar uni ajratib olishda tirnoqlarini shikastlab olishdi. Ehtiyot bo‘ling.

3.  Nokia 3310’da WhatsApp va Viber yo‘q

Qurilma S30+ dasturiy tizimida ishlaydi, u messenjerlarni qo‘llab-quvvatlamaydi, garchi internetga ulanish imkoni bo‘lsa ham. Shuning uchun chatlarda muloqot qilish odatidan SMS foydasiga voz kechishga to‘g‘ri keladi. Agarda siz chatlardan charchagan bo‘lsangiz, biroq undan voz kechish oson bo‘lmayotgan bo‘lsa, Nokia 3310 bunday “qaramlik” bilan kurashda yordam beradi.

4.  Facebook’ga kirish mumkin

Qurilmada o‘rnatilgan Opera brauzeri orqali saytlarning mobil versiyasiga kirish mumkin. Bu soddalashtirilgan versiyasi mavjud bo‘lgan Facebook, «VKontakte» yoki boshqa istalgan saytga kirish imkoniyatini beradi. Biroq, saytlarda kichik ekranda va juda ham sekin 2G-internetda ishlash bir qadar noqulaylik tug‘dirishi mumkin.

5.  Tugmalarni boshqarish noqulay

Agarda bir necha yildan beri sensorli ekranga ega smartfon sohibi bo‘lsangiz, yangi Nokia 3310’da ishlash ancha qiyin kechadi. Ekranga kerakli dasturni ochish yoki havola bo‘yicha o‘tish maqsadida bir necha bor bosib ko‘rishingiz ham mumkin. Bir necha kundan so‘ng o‘rganib qolasiz va muammo yo‘qqa chiqadi.

6.  «Ilon» o‘zgardi

Nokia 3310’ni o‘sha eski «Ilon»ni o‘ynash maqsadida sotib olmoqchi bo‘lsangiz, hafsalangiz pir bo‘lishi mumkin: «Ilon» endi avvalgidek emas. Mashhur o‘yin qayta ishlangan: dizayni o‘zgardi, bonuslar qo‘shildi, mini-qopqonlar va sharaf doskasi. Ammo, u baribir yomon darajada emas.

7.  Nokia 3310 quvvatlantirishsiz uzoq ishlashi mumkin

4G, Wi-Fi, sensorli ekran - Nokia 3310’da quvvat sarf etuvchi bunday funksiyalar yo‘q, shuning uchun akkumulyatorning 1 200 mA•s.lik quvvati taxminan bir hafta oddiy ishlatishga yetadi. Rasmiy ko‘rsatkichlar: kutish rejimida 607 soat, faol foydalanishda 22 soat.

8.  Sizga xotira kartasi kerak bo‘ladi

Nokia 3310'da musiqa eshitish va kengligi 2 megapiksel bo‘lgan kameradan suratlarni olishi mumkin. Biroq telefon ichki xotirasidagi 16 MB 12 ta suratdan ortig‘iga yetmaydi (musiqani hisobga olmaganda). Shuning uchun, agarda qurilmani musiqa eshitish yoki suratga olishda ishlatmoqchi bo‘lsangiz, microSD kartasini xarid qilishga to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid