O‘zbekiston | 17:51 / 31.05.2017
11749
2 daqiqa o‘qiladi

2018 yilda ikkita xalqaro avtoyo‘lning rekonstruksiyasi yakunlanadi

Prezidentning 26 maydagi PQ-3011 qarori bilan M39 Toshkent–Termiz va 4R87 G‘uzor–Chim–Ko‘kdala avtoyo‘llarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish muddati uzaytirildi. Hujjat Prezident rasmiy veb-saytida joylashtirilgan.
 
Joriy yilning 15 may holatiga ko‘ra, «M39 Toshkent–Termiz avtoyo‘lini rekonstruksiya qilish» (Islom taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilmoqda) loyihasi bo‘yicha ishlar 35 km.lik qismda to‘la bajarildi va 18 ta ko‘prik qurildi. Yana 65 km.lik qismda yo‘l ishlarini bajarish 60 foizni tashkil etdi, ko‘priklar rekonstruksiyasi esa – 62 foiz.
 
Qo‘shimcha chora-tadbirlar va jadvallarga muvofiq, qolgan yo‘l-qurilish ishlari 2018 yilning 21 mart kuniga qadar bitirilishi lozim. Ushbu loyihani amalga oshirishning umumiy muddati kelasi yilning 1 oktabriga qadar uzaytirildi.
 
«4R87 G‘uzor–Chim–Ko‘kdala avtoyo‘lini rekonstruksiyasi qilish» (Saudiya taraqqiyot fondi va Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot fondi ishtirokida amalga oshirilmoqda) loyihasida rejalashtirilgan hajmlardan 28,4 km.lik yer ko‘tarmasini tartibga keltirish, 6,4 km.lik shag‘al qatlami asosi, 4 km.lik asfaltbeton qoplamasi bo‘yicha ishlar bajarildi, 2 ko‘prik 60 foizga rekonstruksiya qilindi va transport chorrahasi 90 foizga bitirildi.
 
Ushbu loyiha bo‘yicha yo‘l qurilishini 1.11.2018 yilga qadar yakunlash mo‘ljallangan, loyihani amalga oshirishning umumiy muddati 1.05.2019 yilgacha cho‘zdirilmoqda.
 
Qo‘shimcha vaqt taqdim etilishi munosabati bilan, loyiha ishtirokchilari bilan qo‘shimcha kelishuvlarda o‘z majburiyatlarini vaqtida bajarmaganlik uchun qat'iy choralar nazarda tutilgan.
 
Yuqorida ko‘rsatilgan loyihalarni amalga oshirishni cho‘zdirilgan muddati davomida soliq va bojxona imtiyozlari saqlanib qolinadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid