Jamiyat | 11:20 / 04.06.2017
97506
13 daqiqa o‘qiladi

Jasurbek Ibrohimovni kaltaklagan bezorilarni jazolashni so‘rab petitsiya boshlandi

Toshkent shahridagi Borovskiy nomidagi kollejning 2-kursida tahsil olgan Jasurbek Ibrohimov 1 iyun kuni kasalxonada vafot etdi. U 3 may kuni kollejdoshlari tomonidan qattiq kaltaklangach, shifoxonaga tushgandi. U shifoxonada 5 marta operatsiya qilingan, biroq uning hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmagan. 

Change.org saytida esa Jasurbek Ibrohimovni o‘lasi qilib kaltaklaganlarni jazolash so‘ralgan petitsiya paydo bo‘ldi.

«Ayni vaqtda petitsiyaga imzo qo‘yganlar soni 6500 nafardan oshdi (minimal - 7500). 

Marhumning onasi, qarindoshlari va do‘stlari ushbu fojia aybdorlarini aniqlab, jinoiy javobgarlikka tortib, jazolashni so‘rab, O‘zbekiston prezidentiga va hukumatga murojaat qildi.

Quyida Jasurbekning onasi tomonidan yozilgan maktub keltiriladi. Bu maktub o‘smirning o‘limidan oldinroq yozilgan.

Mening o‘g‘lim, 1999 yil, 11 dekabrda tug‘ilgan Ibrohimov Jasurbek Mahammadjon o‘g‘li, Borovskiy nomidagi tibbiyot kollejining 2-kursida, 213-guruhda ta'lim oladi. U odobli bola, yaxshi o‘qiydi, ichmaydi, chekmaydi, sport bilan shug‘ullanadi. U otasi va kichik farzandlarimiz bilan yaxshi munosabatda. Men va turmush o‘rtog‘im oliy ma'lumotlimiz va barcha farzandlarimiz sog‘lom oilada, mehr va muhabbat bilan tarbiyalanmoqda.

3 may kuni, men ishga ketayotganimda, soat 08:30da o‘g‘lim uyda edi, shu kuni uning kollejdagi darslari soat 13:20da boshlanishi kerak edi. Kechki soat 17:08da o‘g‘lim Jasur menga uyimiz telefon raqamidan qo‘ng‘iroq qildi va tezroq uyga kelishimni so‘radi. U yiqilib tushgani va burnidan to‘xtamay qon oqib, qorni qattiq og‘riyotgani haqida aytdi.

Uning ovozi meni qattiq qo‘rqitib yubordi, chunki u so‘zlarni zo‘rg‘a aytar,  uning gaplarini tushunish qiyin edi. Uyga qaytishda men «Tez yordam» mashinasini chaqirdim va shu zahoti turmush o‘rtog‘im Mahammadjon Tursunovga qo‘ng‘iroq qilib, undan uyga tezroq yetib kelishni so‘rab, unga Jasur yiqilib tushganini, uning qo‘rqinchli ovozda gapirganini aytdim.

Men va turmush o‘rtog‘im uyga bir vaqtda yetib keldik, biz podezdda ko‘rishib, uyga kirayotganimizda eshik ochiqligini ko‘rdik, ichkarida Jasur baland ovozda ingrayotgandi. Bolalar xonasiga yugurib kirdik va qo‘rqinchli manzaraga duch keldik: O‘g‘lim polda ichki kiyimda bukilib yotar, qattiq ingrardi. Unga yugurib borib, boshini ko‘targanimizda uning holatidan dahshatga tushdik: uning burni, og‘zi va quloqlaridan qon oqar, beli momataloq, tirsaklari shilingan, tizzalari singan, peshonasi yorilgandi.

Biz uni darhol karavotga yotqizdik, ammo u baqirar, qorni qattiq og‘riyotganini aytardi. Qornining o‘ng tomoniga qarab, poyabzalning izlarini, tomog‘i, jag‘ sohalarida barmoqlar izlarini ko‘rdik. Men undan nima bo‘lganini so‘raganimda, u Vestminster universiteti yaqinidagi lotokka tushib ketganini aytdi.

Karavot to‘liqligicha qonga belangan, gilamda qonli edi, bir chetda Jasurning singan telefoni yotardi. Men ho‘l sochiq uchun vannaxonaga kirganimda, vanna, rakovina, unitaz, pol qon bilan qoplangani, polda uning kiyimlari yotgani (jinsi shimi tizzalari yirtilgan  holda edi), kiyimlar chang ekani, shim va ko‘ylakda qon yuqi borligini ko‘rdim.

Soat 17:40da «Tez yordam» mashinasi yetib keldi va bizni Yunusoboddagi 17-shahar kasalxonasiga yetkazdi, Jasur yo‘l bo‘yi ingrab bordi. UTT o‘tkazilgach, shifokorlar o‘g‘limda buyrak va oshqozonosti bezi ishdan chiqishi yuz bergan bo‘lishi mumkinligi, rentgen ma'lumotlari esa miya chayqalishi va burun qismida sinish borligini ko‘rsatgani haqida aytishdi. Shifokor bizni 5-bolalar kasalxonasiga yubordi, chunki o‘g‘lim 18 yoshga to‘lmagan edi.

«Tez yordam» mashinasi Yunusoboddagi 5-bolalar kasalxonasiga yetib kelganida, o‘g‘lim qon qusishni boshladi. 5-bolalar kasalxonasi navbatchi shifokori o‘g‘limni olib qola olmasligini, unda ichki organlarda juda jiddiy jarohatlar borligini aytib, bizni 14-bolalar kasalxonasiga («Sayohat» mehmonxonasi yaqinida) jo‘natdi.

Soat 19:00da «Tez yordam» mashinasi bizni 14-bolalar kasalxonasiga olib keldi, bu yerda Tohir ismli bosh shifokor o‘rinbosari bolamizni ko‘rikdan o‘tkazib, uni zudlik bilan reanimatsiyaga joylashtirdi (buning uchun ona sifatida unga ta'zim qilaman). Shifokor Jasurning tanasidagi jarohatlar zarbalar oqibati ekani, bu bir necha shaxs tomonidan amalga oshirilgan kaltaklash tufayli paydo bo‘lganini aytdi. Shifokorlar undagi jarohatlarni suratga tushirishdi.

Keyingi ikki kun mobaynida o‘g‘limni ko‘rikdan o‘tkazishdi, bu vaqt davomida unga kuchli og‘riq qoldiruvchi preparatlar berildi, chunki u og‘riqlardan qiynalayotgandi.

Biroq o‘g‘limning ahvoli keskin yomonlashdi, soat 11:30da bizni MRT’ga yuborishdi, natijalar olingach, soat 19:00da rentgen qilib, keyin operatsiya xonasiga o‘tkazishdi. 5 may kuni soat 19:30da operatsiyani boshlashdi, operatsiya 5 soatdan ortiq, 24:30gacha davom etdi.

Operatsiyani 3 vrach — bosh shifokor o‘rinbosari Tohir, bosh jarroh Norbo‘ta va navbatchi mas'ul jarroh (ismini eslay olmadim, rus erkak) o‘tkazdi. Operatsiya tugagach, shifokorlar menga o‘g‘limning ahvoli og‘irligi, operatsiya murakkabligi, Jasurda o‘n ikki barmoqli ichak zararlangani, buyragini to‘la gematoma qoplagani, oshqozonosti bezi jiddiy lat yegani, boshqa organlari ham jarohatlangani, peritonit (yiringlash) boshlangani tufayli qorin bo‘shlig‘i to‘qimasining bir qismi olib tashlanganini ma'lum qilishdi.

Shuningdek, shifokorlar o‘g‘limni bir necha kishi do‘pposlagani bo‘yicha taxminimni tasdiqlashdi, o‘g‘lim ham hushiga kelgach, birinchi zarbadan keyin yiqilgani, turishga uringanida, tizzalab turganida, turli tomondan tepkilashgani, keyin hushini yo‘qotgani haqida aytdi.

6 maydan 8 maygacha vaqt davomida o‘g‘lim og‘ir ahvoldaligicha qoldi, 8 may kuni soat 21:00da uni yana jarrohlik stoliga yotqizishdi.

18 may kuni ahvoli og‘irligi tufayli, o‘g‘lim 16-shahar kasalxonasiga o‘tkazildi.

19 may kuni o‘tkazilgan operatsiyada esa uning o‘t pufagini olib tashlashdi.

20 may kuni takroriy operatsiya o‘tkazildi. Kecha, 28 may kuni qon ketishi boshlangani tufayli, soat 23:00da yana majburiy operatsiya o‘tkazishdi. Hozirda o‘g‘lim juda og‘ir ahvolda reanimatsiyada qolmoqda.

5 may kuni soat 10:00da, kasalxonaga kelganimda, reanimatsiya oldida Islomning otasi turganini ko‘rdim. Keyinroq reanimatsiya mudiri Mahfuza To‘lqinovna ertalab soat 7:30da Jasurni ko‘rgani bobosi kelgani va u bilan gaplashgani haqida aytib, uni ko‘rsatdi. Lekin u hech qanaqasiga o‘g‘limning bobosi emas — u mening o‘g‘limni urgan Islomning otasi!!!

Bu kunlarda, o‘g‘lim kasalxonada yotganida aslida nima bo‘lganini o‘zim aniqlashga harakat qildim.

Bu o‘g‘limni guruh bo‘lib do‘pposlashga aloqadorlar ro‘yxati:
1. Islom, 2-kurs,
2. O‘lmas, 2-kurs,
3. Timur, 3-kurs,
4. Hurmat, 3-kurs,
5. Timur, 2-kurs,
6. Bekzod, 2-kurs.

Ularning ikkisi bezori sifatida ro‘yxatda ham turadi:
Timur, 3-kurs,
Hurmat, 3-kurs.

Shuningdek, mushtlashuvda ishtirok etgan Borovskiyning boshqa o‘quvchilari aytishicha, Islomning otasi va onasi advokat, u militsiyani sotib olgan va bu ish, avvalgilari kabi yopdi-yopdi bo‘lib ketadi.

Ularning aytishicha, O‘lmas orqadan kelib o‘g‘limni kuch bilan tepgan, so‘ng o‘g‘lim yiqilgan, qolganlar esa uni har tomondan tepkilashni boshlagan, oxirida O‘lmas yerda yotgan o‘g‘limni suratga tushirgan.

2-3 oy avval ham Borovskiy o‘quvchilari o‘rtasida shunga o‘xshash mushtlashuv bo‘lgan, Islom va O‘lmas 2-kursda o‘qiydigan Temurni do‘pposlagan, u yuzidan jarohatlar olgan (yuziga bir necha chok tushgan), shundan so‘ng uni suratga olib, hammaga namoyish etishgan, Temurni uzoq vaqt masxara qilib yurishgan.

Bu ish yopilgan, Islom va O‘lmas jabrlanuvchiga 200 dollardan pul bergan. Kollej talabalarining so‘zlariga ko‘ra, Islom va O‘lmas kuchsizroq talabalarni doimo kaltaklashgan, ularning ota-onasi pul bilan jabrlanuvchilarning og‘zini yopishadi, shu bilan yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolib ketaveradi. Bu o‘smirlar esa kaltaklash va bu jarayonni tasvirga tushirishdan, shuningdek, hech bir jazoga mubtalo bo‘lishmayotganidan hayvoniy lazzat olishadi.

Men bu voqea haqida dekan Mariella Tulenovnadan so‘raganimda u «hech qanday qo‘rqinchli voqea bo‘lgani yo‘q», deb javob berdi. Agar shunday bo‘lsa, ular tomonidan kaltaklangan o‘zbek guruhi 2-bosqich talabasi Temur nega o‘zi bilan bo‘lgan hodisa haqida aytishdan va uni ham o‘g‘lim, Jasurning ko‘yiga solishlaridan qo‘rqadi?

3 maydagi mushtlashuv qayerda yuz berganini aniqladim — bu soat taxminan 12:00-16:00 oralig‘ida O‘zbekiston Harbiy prokuraturasi va 145-maktab hududlariga tutash joyda ro‘y bergan. Harbiy prokuratura binosida videokuzatuv kameralari bor va hodisa kameralarga yozib olingan bo‘lishi mumkin. Garajlar oldida stomatologiya klinkasi bor (Istiqbol ko‘chasi, 25-uy), klinika xodimlari Nigina va Lena oq ko‘ylakdagi 7 o‘smirni ko‘rganini, ulardan biri qonga belangani, qolgan olti bola Niginaga qonga belangan bola o‘zi yiqilib tushganini aytishgan, Nigina va Lena o‘g‘limga birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatishgan.

Ammo, SIZga yo‘llayotgan murojaatimga qadar na biz, na mazkur o‘smirlar «banda»si so‘roq qilindi, hatto videoyozuvni olishga ham qiziqib ko‘rishmadi. Bu vaziyatga na Borovskiy kollejining pedagogik jamoasi, na bu o‘smirlarning ota-onalari, na tuman ichki ishlar boshqarmasi munosabat bildirayotgani tushunarsiz holat. Aynan shunday yaramaslar voyaga yetgach, o‘z Vatanini sotadi va turli kriminal guruhlarga, jumladan, IShID safiga qo‘shiladi.

Men mushtlashuvga aloqador olti o‘quvchining familiyalarini o‘qituvchilardan so‘raganimda, ular bu o‘quvchilarning familiyalarini bilmasliklarini aytishdi.

Avvaliga, 4 may kuni Islom haqida dekan Mariella Tulenovnadan so‘raganimda, u bu o‘quvchi darsda bo‘lganini aytdi. Bir necha kundan keyin esa Islomning o‘qituvchisi Janna Vorotnikova Shuhratovna o‘z darsini tashlab, ochiq darsda qatnashish uchun boshqa sinfga chiqqanini, qaytib kelganida Islom darsda bo‘lganini aytdi. 19 may kuni esa dekan o‘quvchilar tanaffus vaqtida tashqariga chiqqanini, O‘lmas (2-kurs, 226-guruh o‘quvchisi) mushtlashuvda umuman qatnashmaganini ayta boshladi. Modomiki, Janna Vorotnikova Shuhratovna, «Shaxs va jamiyat» fani o‘qituvchisi va dekan Mariella Tulenovna yolg‘on gapirib, bezorilarni yashirayotgan ekan, kollej ma'muriyati (direktor) Lutfi Yo‘ldoshevna Yusupova qayerga qarayapti? Balki, ma'muriyat ularga bunday harakatlar uchun ruxsat berar va ularning jinoiy harakatlarini pul evaziga yashirar???

Umid qilamanki, adolat qaror topadi va barcha aybdorlar jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Adolat qaror topishiga umid qilaman».

Mavzuga oid