Sport | 15:30 / 11.06.2017
11073
2 daqiqa o‘qiladi

Roberto Karlos ayblovlarni inkor etdi

Braziliyalik sobiq futbolchi, yulduzli onlarini «Real»da o‘tkazgan Roberto Karlos doping iste'mol qilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

Bundan avvalroq Germaniyadagi ARD telekanali Braziliya futbolidagi doping muammosiga bag‘ishlangan hujjatli filmni namoyish etgan, unda Karlos ham o‘smirligida taqiqlangan moddalarni iste'mol qilgani gumon qilingandi.

Filmda Karlos 2002 yilda braziliyalik shifokor Julio Sezar Alvesning mijozi bo‘lgani, bu shifokor esa o‘z amaliyotida dopingdan keng miqyosda foydalangani ma'lum qilingan.

Filmda shifokor Roberto Karlos haqida ham gapirgan. «U mening oldimga kelganida 15 yoshda edi. Aynan men uning oyoqlarini hozirgi ko‘rinishiga keltirib qo‘yganman» - degan Alves.

«ARD kanalining bu bayonotini inkor etaman. Men hech qachon doping qabul qilmaganman. Filmda meni bir shifokor bilan bog‘lab tasvirlashgan. Ammo men uni tanimayman. Endi bu ish bilan huquqshunosim shug‘ullanadi. Biz barcha ayblovlar sudda isbotlanishini talab qilamiz.

O‘z faoliyatim davomida men halollik prinsiplariga rioya qilganman. 20 yillik faoliyatimda biror marta doping iste'mol qilganim tasdiqlanmagan. Men Braziliya, Italiya, Ispaniya, Turkiya, Rossiya, Hindiston klublarida o‘ynaganman. Braziliya terma jamoasi safida dunyoni kezganman. Har doim doping nazoratidan o‘tganman. Agar doping iste'mol qilganimda, albatta bu aniqlangan bo‘lardi», deb yozgan Roberto Karlos feysbukdagi sahifasida.

Mavzuga oid