Sport | 11:10 / 14.06.2017
27947
6 daqiqa o‘qiladi

Yaratganning inoyati - Boringga shukr Qatar

Jurnalist Abror Zohidov Qatar terma jamoasi JCh-2018 saralashida o‘zi uchun natijasi ahamiyatsiz uchrashuvda Janubiy Koreya termasini mag‘lub etgach va O‘zbekiston terma jamoasiga yordam qo‘lini cho‘zgach, milliy terma jamoa futbolchilariga qaratilgan fikrlarini bayon qildi. Uning «Yaratganning inoyati — Boringga shukr Qatar» nomli maqolasi «Tribuna.uz» saytida nashr etilgan.

Aql bovar qilmas holat yuz berdi azizlar! Kechagina umidlar so‘nib turganida bugun kutilmagan joydan najot eshigi ochildi. Orqadan xavf solgan Xitoy va Suriya bir birlarining oyog‘idan chalgan bo‘lsalar, biz quvib ketayotgan Janubiy Koreya Qatar maydonida qoqildi. Xo‘sh, bundan ortiq yana nima kerak?! Endi hammasi o‘zimizga bog‘liq. Maydonga arslondek shaxd bilan kirib kelib, to‘pni burgutdek changallab uchmoq kerak.

Futbolimizni rosa tanqid qilganman. 
•    “Suriyaga qarshi o‘yin sizga yoqqan bo‘lsa, vovullashga tayyorman” 
•    “Har birimiz termamizni istagancha tanqid qilganmiz, so‘kkanmiz, qaytib uning o‘yinlarini ko‘rmaslikka qasamlar ichganmiz. Lekin qarindosh singari terma jamoa ham tanlanmaydi shekilli. Uni qanday bo‘lsa shundayligicha qabul qilishga majbursan. Ya'ni xohlaysanmi xohlamaysanmi, maqtaysanmi so‘kasanmi baribir, o‘yin boshlanganda sekin televizor qarshisiga cho‘kasan. Chunki O‘zbekiston o‘ynayapti! Vatan bu axir!” 
•   “Nega 25 yildirki bir joyda depsinaveramiz?! Nega yillar o‘tgani sayin jahon arenasida faqat orqaga ketayotganimizni his qilib yashaymiz?! O‘zbek futboliga millat sha'nini yerga urish, darajamiz bilan sharmanda qilish uchun pul sarflayapmizmi yoki?!” 
•   “... futboldan butkul voz kecha qolaylik... Futboldan ortgan pullarga kurashni, boksni rivojlantiraylik. Axir mushtdekkina yigitchamiz Hasanboy ko‘zi yonib oltinni qo‘lga kiritganida yig‘lamagan, o‘zbek ekanligidan g‘ururlanmagan odam qoldimi? Uning va butun jamoaning ortidan ring yonida har bir zarba uchun ming yonib kuygan murabbiy kim-u Babayan kim?! Qay biri ko‘proq e'zozda, o‘xshatishning o‘rni bo‘lmasa-da, qay biri ko‘proq boy?!”

Bular mening so‘zlarim va hech biridan tonmayman. Ammo terma jamoadagi yigitlarga yangi murojaatim bor: “Yigitlar! Sizga Alloh Qatarning oyoqlari bilan yangi inoyat berdi! Hammasi endi sizlarga bog‘liq. Qolgan ikkita o‘yinda kerakli natijaga erishib, hammamizni qoyil qildirib tashlang! Mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiriting va mikrofonni olib “Kecha o‘tirvolib bizni tanqid qilayotgan qalamkash qani, buyoqqa chiqsin” deng. Men boshimni egib boray, har biringizdan alohida kechirim so‘ray, kamiga har biringizning so‘z darralari urilgan yelkangizga o‘zbekcha chopon yopay, quvvat bir ketib bir kelaveradigan bellaringizdan quchib qiyiq bog‘lay, Babayanning biri biridan mukammal kombinatsiyalari qalashib ketgan boshingizni silab do‘ppi kiydiray. 

Ana undan keyin ko‘zda yoshim shashqator bo‘lib Rossiya sari otlanay...

Darvoqe, bir sirni ochish vaqti keldi - futbolimizga bunchalik kuyikishimga shaxsiy va andak “g‘arazli” sabablar bor: men oltmishdan oshgan otamga va o‘smir o‘g‘limga “Rossiyaga birga boramiz va O‘zbekistonga muxlislik qilib kelamiz” deb va'da berib qo‘yganman! Tasavvur qilyapsizmi, sizga uch avlod vakillari ko‘z tikib turibdi! Bu safar eplolmay keyingi safar chiqsangiz otam “Rossiya o‘zimizniki edi, Qataringni qo‘y bolam” deyishi, o‘g‘lim o‘qish va ishlarga aralashib, men yakkalanib qolishim mumkin. Iltimos, oilamizning orzusi ushalsin!

Darvoqe, Qatar to‘g‘risida...
Kechagi o‘yinni ko‘rdingizmi, yigitlar? Avval tayinli umidi yo‘q Suriyani misol qilib ko‘rsatgandim. Qatar undan ham oshirdi. Har qanday g‘alaba hech qanday natija bermasligini bilaturib ham sherdek olishdi shovvozlar! Xo‘sh, o‘sha bizning oyog‘imizni qaltiratgan (va hanuz qaltiratayotgan) Janubiy Koreyaning boshi ikkita ekanmi? Zo‘r kelganda ming chiranmasin yelkasini qisib qoldiku.

Qatar esa kech bo‘lsada Vatan uchun maydonga chiqdi, oppoq libosli qorasoqol, qorako‘zlarning dilini o‘z o‘yini bilan shod qildi. O‘yin tugaganidan keyin e'tibor berdingizmi, bir qora tanli futbolchi yigit rosa yig‘ladi. U o‘z vatandoshlarining ishonchini o‘z vaqtida oqlamagani uchun xijolat bo‘lib ko‘z yosh to‘kdi.

Sizda esa hali imkoniyatlar yetarli! Keling, o‘ttiz uch million xalqning mundial atalmish orzusi ushalsin! Qayta uchqunlagan umidlarni alangaga aylantiring! Yana bir narsaga ishoning: Rossiyada hech bir terma jamoa sizlarchalik muxlislarga ega bo‘lmaydi! Uyoqdagi yurtdoshlarimiz kamlik qilsa kamida 100 ming men kabi muxlis yo‘lga otlanishi tayin!!! 

Hozircha birinchi vazifani uddalaylik, mundialga chiqaylik! 

Uyog‘iga yana bir gap bo‘lar. Ronaldu Messilar ham odamku axir...

Abror Zohidov

Mavzuga oid