Jamiyat | 21:28 / 16.06.2017
18854
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik astronomlar o‘ta yangi yulduzning chaqnashini qayd etishdi

Foto: academy.uz

O‘zbekistonlik astronomlar Qashqadaryo viloyatidagi Hisor tog‘ tizmalarida joylashgan Maydanak observatoriyasida o‘ta yangi yulduzning chaqnashini qayd etishdi. Bu yulduz Yetti qaroqchi (Katta Ayiq) yulduz turkumidagi NGC 3938 raqamli spiral galaktikada ro‘y berdi. Astronomiya sohasidagi zamonaviy tasavvurlarga ko‘ra, yulduzlar ham tirik mavjudotlar kabi tug‘ilishadi (paydo bo‘lishadi), milliard yil rivojlanishadi (umr ko‘rishadi) va nihoyat so‘nishadi. Ayrim yulduzlarning evolyutsiyasi o‘ta halokatli, katta portlash bilan tugaydi. Bunday paytlarda yulduzning qa'rida qizib yotgan modda atrofga sochilib ketadi va kechagina xira bo‘lib yoki umuman Yerdan turib ko‘rinmaydigan yulduzcha o‘rnida yorqin O‘ta yangi yulduz paydo bo‘ladi. Bunday jarayonlarni kuzatish olimlarga yulduzlarni tuzilishi va evolyutsiyasi konunlarini tushunish kabi fundamental masalalarga oydinlik kiritishga xizmat qiladi.

25 may kuni paydo bo‘lgan va SN 2017ein nomi bilan qayd etilgan O‘ta yangi yulduzning ahamiyati shundaki, u bizga nisbatan yaqin, “atigi” 50 million yorug‘lik yil masofada joylashgan va binobarin biz u haqida batafsil ma'lumotlar olishga ega bo‘lyapmiz. Yulduz yorqinligi o‘zgarishining dastlabki tahlillari bu noyob hodisa ekanligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun Maydanakda bajarilgan va bajarilayotgan kuzatuvlar nihoyatda muhim hisoblanadi va katta ilmiy ahamiyat kasb etadi.

Yana bir narsani qayd etish zarur. Bundan bir necha yil oldin germaniyalik olimlar Buyuk Britaniyadagi mashhur Bodleyan kutubxonasida saqlanayotgan, Abu Ali Ibn Sino qalamiga mansub “Kitob al-Shifo” asarida 1006 yilda ro‘y bergan O‘ta yangi yulduzning ta'rifini topishga muvaffaq bo‘lganlar. Ibn Sino 1002-1008 yillarda Xorazmdagi Ma'mun akademiyasida faoliyat ko‘rsatganligini inobatga olsak, bu fakt Akademiyaning ilmiy faoliyatini ochib beruvchi yangi bir manba sifatida xizmat qiladi. Bundan tashqari, eng avvalo, o‘zining tibbiyot va falsafa sohalaridagi asarlari bilan mashhur bo‘lgan buyuk bobokalonimizning merosi naqadar serqirra ekanligiga yana bir bor amin bo‘lamiz.

Mavzuga oid