Jamiyat | 16:05 / 17.06.2017
22721
4 daqiqa o‘qiladi

Yozni “Anhor-Lokomotiv” bilan soz o‘tkazing

2017 yil 16 iyun kuni poytaxtda joylashgan “Anhor-Lokomotiv” bog‘i OAV vakillari hamda ularning bolalari uchun maxsus ekskursiya tashkil etdi. Sarguzashtlarga boy o‘tgan tadbir davomida bog‘ ma'muriyati jurnalistlar bilan kichik anjuman o‘tkazib, savollarga javob berishdi. Keyin esa bog‘ning hududi bo‘ylab sayr qilishdi va asosiy ko‘ngilochar maydonlar bilan yaqindan tanishtirishdi. 

Ma'lumot o‘rnida: “Anhor-Lokomotiv” bog‘i 2016 yilning 8 avgustida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tasarrufida ishga tushirilgan. Bog‘ Shayxontohur tumanining Labzak va Zulfiyaxonim ko‘chalari orasida joylashgan. 

Anhor-Lokomotiv attraksionlari

Mazkur ko‘ngilochar bog‘ hududida hozirgi kunda 35ta attraksion xizmat qiladi. Ularning bari yangi AT-texnologiyalar yordamida ishlaydi. Albatta, har bir attraksion tashrif buyuruvchilarning yoshi hamda xohish-istagiga moslab qurilgan.

Ayniqsa, bu yerda bolajonlar uchun turli-tuman antiqa attraksionlarni uchratish mumkin: “Finjol”, “Jirafalar”, “Mushukchalar”, “Jajji asalarilar”, “Dengiz raketasi”, “Qaroqchi kemasi”, “Retrokareta”, “Fazo kemasi” shular jumlasidandir. Shuningdek, zamonaviy o‘yin maydonchalari, poyezd sayohati ham mavjud. 

Katta yoshdagilar uchun mo‘ljallangan eng yorqin attraksionlar – “Tegirmon”, “Osmono‘par”, “7D-lift” va boshqalar har qanday insonda katta taassurot qoldirishi aniq. Ayniqsa, “Osmono‘par” arg‘imchog‘ida uchgan kishi uchun eng yuqori nuqtadan poytaxtning go‘zal manzarasi kaftdek namoyon bo‘ladi. 

O‘zbekistonning 7 mo‘'jizasi

“Anhor-lokomotiv” hududida O‘zbekistonning eng mashhur qadamjolari -  “Kalta-minor” minorasi (Xiva), “Sherdor” madrasasi (Samarqand), “Kalon” minorasi (Buxoro), Bobur memorial majmuasi (Andijon), Temuriylar tarix muzeyi, Toshkent teleminorasi hamda Toshkeknt kurantlarining maketi ham qad rostlagan.

Karting markazi

Yuqori tezlik ishqibozlari “AXeLON” karting markazida Formula-1 poygalari bilan shug‘ullanishlari mumkin. Mazkur markaz MDX mamlakatlari orasida eng uzun yopiq poyga maydoni sanaladi. 

Virtuallik olami

“ENTER” -  virtuallik olamida o‘zining intellektual va jismoniy qobiliyatlarini sinab ko‘rish istagidagilar uchun o‘yin maydoni.  Avtomat o‘yinlar ishqibozlarini esa “VIRTUAL PLANET” qarshi oladi. Binoning uchinchi qavatidagi “DRIVE CINEMA”da esa jahon kinosining so‘nggi va sara filmlari namoyish etiladi.  

Shuningdek, bog‘ning markazida raqsga tushuvchi musiqali favvora ham insonga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Uning uzunligi 40 metr bo‘lib, suv oqimining balandligi 50 metrni tashkil etadi.

Turli tadbirlar, tomoshalar, mahorat darslari, konsert dasturlari o‘tkazish uchun esa maxsus amfiteatr faoliyat ko‘rsatadi. Bundan tashqari, fast-fud nuqtalari, restoranlar, kichik kafelar hamda muzqaymoq, shirinliklar sotiluvchi obektlar ham mavjud. 

Kutilayotgan yangiliklar 

Kelgusida bog‘ hududida “Katta charxpalak” hamda “Amerika tepaliklari” attraksionlari va akva bog‘ ham barpo etilishi rejalashtirilgan. 

Sayt: www.anhorpark.uz  
Facebook: @anhorpark

Foto: Yuriy Korsuntsev

Mavzuga oid