Jamiyat | 22:13 / 21.06.2017
8143
3 daqiqa o‘qiladi

Shotlandiyalik uyini sotolmagach, uy uchun lotereya o‘ynalishini e'lon qildi

46 yoshli shotlandiyalik Sheymus Fittssimons 2017 yil iyunda Glazgo chekkasidagi o‘z uyini maxsus lotereya chiptasi sotib olgan foydalanuvchilar orasida o‘ynalishi e'lon qilingan saytni yaratdi. Uning aytishicha, 18-asrda qurilgan uy narxi qimmatligi sababli hech kim uni sotib olishni istamagan: uning barcha hududi bilan birgalikdagi narxi 625 ming funt sterlingni tashkil qiladi.    

Uy egasi Glasgow Live nashriga bergan intervyusida uyni o‘z oilasi uchun bir necha yil avval sotib olganini ma'lum qilgan. Biroq ular uyni ta'mirlagach muammolarga duch kelishgan: oila boshlig‘i ishini yo‘qotgan va ular to‘lovlarni amalga oshirolmay qolishgan. Oila dastlab "an'anaviy yo‘l" bilan borib, uyni riyeltorlar orqali sotishga harakat qilgan. Uyni sotib olmoqchi bo‘lganlarga uy juda ham yoqqani bilan uning narxi "chaqqan".  

Uy 2 qavatli bo‘lib, 7 ta yotoqxona, kichik basseyn, kamin, sauna va bilyard o‘ynaydigan xonadan iborat. Shuningdek, uyga bir akr bog‘ ham qo‘shib beriladi. Oila uyni sotishga muvaffaqiyatsiz urinishlardan keyin, uni yutib olish mumkin bo‘lgan lotereya uyushtirishga qaror qildi.  

Fittssimonslar 5 funt sterlingdan barcha istovchilarga uy o‘ynaladigan lotereya chiptalari taklif qilishmoqda. Ular 2017 yil 18 dekabrgacha 250 mingta chipta sotishga umid qilishmoqda. Agar barcha chiptalar sotilsa, oila uy uchun so‘rayotganidan ikki barobar ko‘proq, ya'ni 1,25 mln funt sterling qo‘lga kiritishi mumkin. Agar ular bunga erisha olsalar, ular bir qism pulni saratonga qarshi kurash jamg‘armasiga ajratishmoqchi. Lotereya g‘olibi 2017 yil dekabrida mehmonlar, jurnalistlar va advokat ko‘z o‘ngida e'lon qilinadi.  

The Daily Mail nashrining ta'kidlashicha, oxirgi vaqtda borgan sari ko‘proq britaniyaliklar o‘z uylarini shu tarzda "sotmoqdalar". Misol uchun, Lankashirda yashovchi Dansten Lou 500 ming funt sterlingli uyiga yangi ega topish uchun 2 funt sterlinglik lotereya chiptalari sota boshlagan.  

Biroq hamma ham bunday lotereya orqali daromad ko‘ra olmaydilar: 2010 yilda liverpullik oila 750 ming funt sterlinglik uyi uchun bor-yo‘g‘i 10 ming funt sterlinglik bir necha yuzta chipta sotganidan keyin lotereyani to‘xtatib, chiptalarni sotib olganlarga pullarni qaytarib berishiga to‘g‘ri kelgan.    

Mavzuga oid