Jamiyat | 22:25 / 28.06.2017
18274
8 daqiqa o‘qiladi

Iqbol Mirzo: “Har yerda O‘zbekiston biz bilan!..”

Bugun mamlakatimizda aholi farovonligi yo‘lida zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, deb e'lon qilinishi ham ana shu xayrli harakatlarning yorqin misolidir. Oliy Majlis Senati a'zosi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Iqbol Mirzo bilan adiblarga qaratilayotgan e'tibor, uyushmaning istiqboldagi rejalari va shu kabi masalalar yuzasidan suhbat uyushtirdik.

M.: - Assalomu alaykum Iqbol aka, suhbatimizni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” mavzusi bilan boshlasak.

I. M.: - Joriy 2017 yilning “Xalq bilan muloqot va inson mafaatlari yili”, deb e'lon qilinishi barcha yurtdoshlarimiz kabi, biz adiblarni ham quvontirdi. Boisi, xalq manfaati yo‘lida xizmat qilish, yurt ravnaqining garovi demakdir. Birgina, hazrat Alisher Navoiyning o‘zi xalq dardini tinglash, uning manfaatlarini ko‘zlab ish tutishda katta jonbozlik ko‘rsatgani va bu mamlakatning rivojlanishida dolzarblikni kasb etgani tariximizdan ma'lum.

Umuman, demokratiya mavzusida so‘z yuritadigan bo‘lsam, Mustaqillik yillarida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari!” shiori ostida ulkan ishlar bajarilgan edi. Hozirgi kunga kelib, Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning sa'y-harakatlari bilan yilimizga xalq manfaatiga doir nom berilishi, joylarda ularning Xalq qabulxonalari tashkil etilishi demokratiya tushunchasining yorqin ko‘rinishi bo‘ldi, deyish mumkin. Nega deganda, bugun dunyoning qaysi mintaqasiga qaramang, yurtimizdagi kabi mana shunday tashabbuslarga deyarli guvoh bo‘lmaysiz. Qolaversa, Prezidentimizning o‘tgan yilda joriy qilingan Virtual qabulxonasi ham xalq dardini tinglash, muammolarning ijobiy hal etilishida yangi tizimga aylandi. O‘zimni hayotimdan misol keltirib aytadigan bo‘lsam, men Mirobod tumanida istiqomat qilaman. Ochig‘i, yashayotgan ko‘chamizning yo‘l ta'miri nihoyatda yomon ahvolda edi. Qo‘shni ayolimizning mazkur masala yuzasidan Virtual qabulxonaga murojaati tez kunda o‘rganib chiqildi va vaziyat hozirda yaxshilanmoqda. Vaholanki, bu bo‘yicha o‘zim ham ko‘p bora harakat qilib ko‘rganman. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, ayni bugungi kunda oddiy xalqning dard-u tashvishlari, muammolariga shaxsan Prezidentning o‘zi e'tibor qaratayotgani kamdan kam davlatlardagina uchraydigan holdir. Yurtimizda olib borilayotgan mana shunday islohotlar tinchligimiz barqarorligi, taraqqiyotimiz bardavomligiga xizmat qiladi, deb ishonaman.

M.: - Mustaqilligimizning 26 yilligiga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qanday hozirliklar ko‘rmoqda?

I. M.: - Eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz hisoblangan Istiqlolimiz shodiyonasiga yil boshidanoq katta tayyorgarlik ko‘rib kelmoqdamiz. Taniqli ijodkorlarimizning sara asarlaridan iborat badiiy to‘plamlari nashr etildi va yana shunday nashrlarimizning davomi mavjud. Iyul oyi o‘rtalarida bundan yigirma yil muqaddam asos solingan Zomin seminarining qayta o‘tkazilishiga taraddud ko‘rilmoqda. Bir guruh iqtidorli yoshlarimizning “Birinchi kitobim” loyihasi asosida badiiy hamda publitsistik to‘plamlari chop etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, uyushmamiz muassisligida “Vatan uchun yashaylik!” nomli Respublika ijodiy ishlar tanlovini ham boshlab yuborganmiz.

Prezidentimizning Qarorlariga muvofiq taniqli shoir-yozuvchilarimizning haykallari qad rostlaydigan “Adiblar xiyoboni” va uyushmamiz uchun zamonaviy bino bunyod etilayotgani barcha adiblarimizga o‘zgacha ruhlantirish bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, Mustaqilligimizning qutlug‘ to‘yonasiga munosib tuhfalar taqdim etishimizga ishonaman.

M.: - O‘zbekiston Xalq shoiri Iqbol Mirzo ijodidagi yangiliklar va muxlislar o‘zlari uchun taniqli shoiridan qanday sovg‘alar kutsa bo‘ladi?

I. M.: - To‘g‘risini aytganda, o‘zimni xalqimiz va yurtimizdan hamisha qarzdorman deb, hisoblab kelaman. Bu qarzni yangi-yangi ijod mahsullari, puxta asarlar yozish orqali uzish mumkin. Bugungi kunda, albatta, ijodimiz bardavom ketmoqda. Yaqindagina, shartli ravishdagi “Yo‘l” nomli 10 qismdan iborat kino ssenariyni yozib tugalladim. Ayni kunlarda suratga olish ishlariga qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Keyin, ancha yillardan beri, bolalar davrasiga tushib qolgudek bo‘lsam, ustozlarimizning bolalarbop she'rlaridan o‘qib hijolatli vaziyatlardan chiqib kelardim. Nihoyat shu yilda, qizalog‘im Kumushoy bahonasi bilan bolalarga mo‘ljallangan “Erkatoy” deb, atalgan mo‘'jaz kitobchani o‘quvchilar hukmiga havola qildim. Ayni bu narsani ijodimda yangilik sifatida baholasa bo‘ladi, deb o‘ylayman. Shundan kelib chiqib, kattalar doirasi qatori bolalarbop kitoblar soni va sifatini oshirish ham rejamda bor.

M.: - Xorij safarlarida yurgan kezlaringiz vatan sog‘inchi xislari ko‘nglingizda qanday kechgan?

I. M.: - Umuman, xorij safarlari bo‘ladimi, respublikamiz bo‘ylab ijodiy uchrashuvlar barcha barchasida, avvalo, oilamni, farzandlarim ruxsorini sog‘inaman. Yaqinda, Latviya mamlakatida ijodiy safarda bo‘lib qaytdik. Ochig‘i, Latviyaning go‘zal va bahavo tabiati dastlabki kunlarda bizni maftun qilgan bo‘lsa-da, ikki kunda O‘zbekistonimizning o‘ziga xos tarovati tezroq ortga qaytishga unday boshladi.

Yurtimizda mehmonda bo‘lgan latviyalik bir do‘stimiz O‘zbekistonni shunday go‘zal qiyofada ta'riflab bergani safar davomida menga g‘urur bag‘ishladi. Do‘stimizning aytishicha, unda sayohatidagi eng katta tassurot qoldirgan jihat xalqimizning samimiy mehmondo‘stligi, shirindan shirin mevalarimiz mazasi bo‘lgan ekan. Chunki, Latviyada bir yarim, ikki oygina quyoshli kunlar chiqqani bois uzum yetishtirish imkonsiz bo‘lib, ayrim sabzovot mahsulotlarini arang yetishtirib olishlarini ta'kidladi.

Yana bir jihat, ayniqsa, o‘zga yurtda vataningiz bayrog‘i baland hilpirab turishini ko‘rish ko‘nglingizni to‘lqinlantirmay qolmaydi. Bunga safar davomida yana bir bor amin bo‘ldim. Ustoz shoirimiz Abdulla Oripov aytganlaridek, garchi butun Osiyo quyoshli hisoblansa-da, O‘zbekistonimizning qaynoq oftobi betakror. Umuman qayerda bo‘lmaylik, har qadamda, har yerda O‘zbekiston biz bilan, bizni qo‘llab-quvvatlab turaveradi.

M.: - So‘nggi so‘z o‘rnida, yurtdoshlarimizga yana nimalar degan bo‘lardingiz?..

I. M.: - So‘nggi so‘z o‘rnida alohida aytmoqchimanki, bugun yurtimizda keng islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangi o‘zgarishlar, yangilanishlar pillapoyalarida odimlab bormoqdamiz. Shunday ekan, biz ijodkorlar oldida turgan asosiy vazifalardan biri bu – xalqimiz ongida vatanparvarlik g‘oyalarini yuksaltirish, yoshlarimizda kitobxonlik madaniyatini targ‘ib qilish ustuvorlikni taqozo etadi. Agar kuzatib borayotgan bo‘lsak, Prezidentimiz o‘z chiqishlarida ko‘p bora kitobxonlik masalasiga  to‘xtaladi. Ularning, “Kitob o‘qimagan odamning ham, millatning ham kelajagi yo‘q!”, degan fikrlari ham bejizga emas. Zero, ma'naviyat sarchashmasi, deya nomlanuvchi kitob komillika yetishish yo‘lidagi eng ishonchli do‘st ekanligi tarixiy haqiqatdir!

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Mavzuga oid