Jahon | 10:46 / 30.06.2017
3850
2 daqiqa o‘qiladi

Poroshenko «VKontakte»ni blokirovkadan chiqarishni istamadi

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko mamlakatda ruslarning «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘iga qo‘yilgan to‘siqni bekor qilishni istamadi. Davlat rahbari saytida shu masalada yo‘llangan va 25 mingdan ortiq kishi imzolagan petitsiyaga rad javobi qaytarilgan.

«VKontakte» internet-resursini blokdan chiqarish so‘ralgan elektron petitsiyani ma'qullash imkonsiz ish», — deyilgan so‘rov mualliflariga javobda.

Poroshenkoning qayd etishicha, bu ijtimoiy tarmoq boshqa qator saytlar bilan birgalikda «Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan Ukraina va uning fuqarolariga qarshi tashviqot vositasi sifatida foydalaniladi».

«Ruslarning internet tarmoqlarida minglab ukrainalik foydalanuvchilar Ukrainaga qarshi tashviqotda «vintchalar» kabi foydalaniladi», — degan Poroshenko.

16 may kuni Ukrainada «VKontakte» va «Odnoklassniki» ijtimoiy tarmoqlari, shuningdek, «Yandeks»ning barcha xizmatlariga to‘siq qo‘yilgandi. Shuningdek, «Laboratoriya Kasperskogo» va DrWeb aksilvirus kompaniyalari saytlari ham blokirovka qilindi. Blokirovka 3 yil muddatga joriy qilingan.

Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi axborot xavfsizligi masalalari xizmati rahbari Valentin Petrov Ukrainada «VKontakte», «Odnoklassniki» va «Yandeks» blokirovka qilinishi mazkur servislar foydalanuvchilarining shaxsiy ma'lumotlari Rossiyada saqlanishi bilan bog‘liqligini ma'lum qildi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid