Jahon | 20:31 / 01.07.2017
10236
4 daqiqa o‘qiladi

Dunyo "birdamlik arxitektori" Helmut Kol bilan xayrlashdi

Foto: RIA Novosti

Fransiyaning Strasburgida, Yevroparlament binosida 1 iyulda "Germaniyaning birlashishi otasi", Germaniyaning sobiq kansleri, marhum Helmut Kol bilan vidolashish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Kol 1930 yil 3 aprelda Lyudvigsxafenda dunyoga kelgan. 

1982 yil oktabrda Kol amaldagi kansler Helmut Shmidtga ishonchsizlik bildirilgandan keyin Germaniya kansleri etib saylangan. Kol bu yuqori lavozimni 16 yil egallab kelgan.

Aynan Kol G‘arbiy va Sharqiy Germaniyaning birlashishi jarayonida hal qiluvchi rol o‘ynagan. 

Kol 2017 yil 16 iyunda 87 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.

Kol bilan vidolashish marosimida xavfsizlik va tartibni ta'minlash uchun qo‘shimcha 2 ming politsiyachi va jandarmlar jalb qilindi. 

Marosim shahardagi transport harakatiga kuchli ta'sir qildi – ko‘plab ko‘chalar to‘sib qo‘yildi, jamoat transportining ba'zi yo‘nalishlari o‘zgartirildi, hattoki Reyn va Il daryolari bo‘ylab kemalar qatnovi cheklandi.

Davlatlar yetakchilari va delegatsiyalari rahbarlari Yevroparlament binosiga ertalabdan kela boshladilar. Ular rasmiy marosim boshlangungacha kichik xonada joylashtirilgan Kol tobuti yonida uning xotirasiga hurmat bajo keltirishdi. 

Kol bilan vidolashishga Yevropa Ittifoqi davlatlari, shuningdek, Ukraina, Isroil, Qatar, Indoneziya, Turkiya, AQSh, Rossiya va Xitoy prezidentlari va bosh vazirlari, sobiq jahon yetakchilari kelishdi. Ular Yevroparlamentdagi amfiteatrdagi joylarini egallashgach, 8 nafar harbiy Kol tobutini olib chiqdi.

Marosim vaqtida Kol xotirasiga birinchi bo‘lib Yevroparlament raisi Antonio Tayani hurmat bajo keltirdi. U marhumni "jasur inson" va "erkinlik va demokratiya ritsari" deb atadi.

Tayani ortidan nutq so‘zlagan Yevrokomissiya rahbari Jan-Klod Yunker Kolni "kelajakni ko‘ra olgan", "Germaniya va Yevropa vatanparvari", "urushdan keyingi davrning giganti" deb atadi.

Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev marosimdagi nutqida Kol "haqqoniy ravishda nafaqat birlashgan Germaniya yaratuvchisi, balki yagona Yevropa arxitektori hisoblanishini" aytib o‘tdi.

Marosimning yakunlovchi qismida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya kansleri Angela Merkel nutq so‘zlashdi.

Jumladan, Merkel "hozirgi ko‘p ayon ko‘ringan narsalar, jumladan, yagona Yevropa va yevro uchun biz Kolga minnatdor bo‘lishimiz kerak", deb aytdi. U nutqini so‘zlab bo‘lgach, marhum tobuti yoniga kelib, unga ta'zim qilib, Kolning bevasi Mayka Kol-Rixter yoniga kelib uning qo‘lini siqib qo‘ydi.  

Barcha nutqlar so‘zlab bo‘lingach, orkestr Germaniya madhiyasini ijro etdi, so‘ngra Strasburg xori ishtirokida Yevropa madhiyasi yangradi.

Betxovenning Yettinchi simfoniyasi sadolari ostida Kol tobuti amfiteatrdan olib chiqib ketildi. Yaqin orada Kolning jasadi Lyudvigsxafenga yetkaziladi, u yerdan esa kemada Germaniya janubidagi Shpayyer shahriga yetkaziladi. Aynan bu yerda 1 iyunda kechki payt Kol dafn etiladi.

Mavzuga oid