Jahon | 21:32 / 01.07.2017
10935
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Qatar amiri va Bahrayn qiroli bilan muloqot o‘tkazdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qatar amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati ma'lum qildi.

"Qatar va bir qator davlatlar o‘rtasidagi munosabatlardagi inqiroz batafsil muhokama qilindi. Vladimir Putin mavjud kelishmovchiliklarni yengish va yuzaga kelgan murakkab vaziyatni normallashtirishga qaratilgan siyosiy-diplomatik sa'y-harakatlar muhimligini qayd qilib o‘tdi", deyilgan xabarda.

Ikki davlat yetakchisi Rossiya-Qatar hamkorlik masalalari va bir qator, jumladan investitsiyalar va energetika sohalaridagi bir qator istiqbolli loyihalarni muhokama qilishdi. Putin va Ol Soniy turli darajalarda aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldilar. 

Putin shuningdek Bahrayn qiroli Hamad bin Iso Ol Halifa bilan ham suhbatlashdi. 

Yetakchilar 2016 yil sentabrda Moskvada o‘tgan oliy darajadagi Rossiya-Bahrayn muzokaralarida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishini muhokama qilishdi.   

"Suhbat davomida oxirgi vaqtda kuzatilayotgan savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanishining ijobiy dinamikasi qayd etildi", deyilgan xabarda. 

Putin va Ol Halifa Qatar atrofidagi vaziyatni muhokama qilishdi va u Yaqin Sharqdagi shundoq ham murakkab vaziyatga salbiy ta'sir ko‘rsatishini qayd qilib o‘tdilar. Ular shu sababli ixtilofga aloqador barcha davlatlar o‘rtasida o‘zaro hurmatga asoslangan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta'kidlab o‘tishdi.   

Mavzuga oid