Jahon | 08:35 / 03.07.2017
18695
3 daqiqa o‘qiladi

Si Tszinpin Amerika RQM tizimi kimlarga tahdid solayotganini aytdi

Foto: Billy H.C. Kwok/Pool Photo via AP

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Janubiy Koreyada o‘rnatayotgan Raketalarga qarshi mudofaa tizimlari mintaqadagi strategik muvozanatni izdan chiqaradi. XXR raisi Si Tszinpin Moskvaga tashrifi arafasida TASS agentligiga bergan intervyusida shunday bayonot berdi. 

"AQShning Janubiy Koreyada THAAD RQM tizimlarini joylashtirishi mintaqa mamlakatlari, xususan, Xitoy va Rossiyaning strategik xavfsizligiga jiddiy zarar yetkazadi. Shu bilan birga, u yarim orolning yadro qurolidan xoli bo‘lishi, mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlashga yordam bermaydi. Xitoy tomoni shu munosabat bilan jiddiy noroziligi hamda xavotirini bildirgan", - deya ta'kidlagan Xitoy yetakchisi. 

"Xitoy va Rossiya THAAD masalasi bo‘yicha barcha darajalardagi aloqalar va muvofiqlashtirishlarni saqlab kelmoqda. Biz uning tahdidi va maqsadi yuzasidan o‘xshash qarashlarga egamiz. Ikkala tomon ham AQShning THAAD tizimlarining Koreya respublikasida joylashtirilishiga qarshi hamda tomonlarni qarorni bekor qilishga va o‘rnatish ishlarini to‘xtatishga qat'iyat bilan chaqirmoqda", - deya ta'kidlagan Si Tszinpin. 

Uning qayd etishicha, Xitoy va Rossiya, birgalikda yoki alohida bo‘lsin ikki mamlakat xavfsizligini va mintaqadagi strategik muvozanatni saqlash maqsadida javob choralarini ko‘radi. 

Xitoy rahbarining fikricha, Koreya yarim orolidagi inqiroz faqat muloqot va maslahatlashuvlar yo‘li bilan, barcha manfaatdor tomonlarning asosli tashvishlarini e'tiborga olgan holda hal etilishi kerak. 

"Xitoy tomoni yarim oroldagi vaziyat rivojini diqqat bilan kuzatib, yarim orolni yadrosizlantirish, unda tinchlik va barqarorlikni ta'minlash maqsadiga sodiq qolmoqda, inqirozni muloqot va muzokaralar yo‘li bilan hal etish kerakligini ta'kidlamoqda", - degan Si Tszinpin.

U Koreya yarim orolini yadro qurolidan xoli qilish muammosi "juda murakkab bo‘lib, uzoq vaqtga borib taqalishini" yodga olar ekan, "barcha manfaatdor tomonlarning tashvishlarini e'tiborga olgan holda sabablari va oqibatlariga barham berish" zarurligini ta'kidladi.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid