Jamiyat | 17:46 / 06.07.2017
12250
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zMU rektori amaliyot o‘tayotgan talabalar sharoiti bilan yaqindan tanishdi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Geologiya va geografiya fakulteti talabalari o‘quv yili mobaynida olgan nazariy bilimlarini yoz oylarida fusunkor tog‘lar va tog‘yonbag‘ridan sharqirab oqayotgan toshqin daryolarda o‘tkaziladigan amaliy mashg‘ulotlarda yanada mustahkamlab boradilar.

O‘zMUning “Oqsoqota dala o‘quv amaliyot poligoni”da ayni damlarda navbatdagi amaliy mashg‘ulotlar qizg‘in davom etmoqda.

O‘zMU rektori Avazjon Marahimov, O‘zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi raisi Ilhomboy To‘ramurodov va bir guruh mutasaddilar yaqinda amaliyot o‘tayotgan talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish maqsadida “Oqsoqota dala o‘quv amaliyot poligoni”ga tashrif buyurdi. Bu haqda Kun.uz’ga O‘zMU dotsenti, jurnalist Mahliyo Mirsoatova xabar bermoqda.

– O‘quv dala amaliyoti talabalarimizning auditoriya va muzeylarda olgan nazariy bilimlarini yanada mustahkamlashi uchun bu zaminda zarur sharoitlar muhayyo etilgan, – dedi O‘zMU rektori. – Ona zaminu tog‘lar, daryolar bag‘ridan dur topadigan bo‘lg‘usi mutaxassislarimiz geologik jarayonlarni maketlarda emas, balki tabiiy sharoitlarda kuzatib o‘rganadilar. Ular geologik jarayonlar bilan bevosita tanishadilar. Oqsoqota daryosi havzasida turli geologik jinslar, burmali va uzilmali strukturalar, turfa tog‘ jinslari, ko‘plab foydali qazilmalar mavjud. Bu joyda talabalar turli ekzogen geologik jarayonlar: nurashning turli ko‘rinishlarini, daryolar, shamol, vaqtincha oqar suvlarning geologik faoliyatini, relefning turli shakllarini kuzatish imkoniyatiga egadirlar.

Bo‘lg‘usi mutaxassislar o‘quv amaliyoti davrida o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar tayyorlashni ham o‘rganadilar. Dala o‘quv amaliyoti maqsadli bo‘lib, talabalar geologik xaritalash usullarini ham o‘zlashtiradilar.

Mavzuga oid