Jamiyat | 18:54 / 08.07.2017
22540
2 daqiqa o‘qiladi

Saraton kasalligiga qarshi vaksina muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi

Foto:median.az

Butun dunyodagi mutaxassislar saraton (rak) kasaliga qarshi dorini kecha yoki bugundan buyon axtarayotgani yo‘q, albatta. Nature jurnalining xabariga ko‘ra, biroz avvalroq AQShdagi bir guruh olimlar yiliga yuz minglab insonlarning yostig‘ini qurituvchi bu xavfli kasallikni yenguvchi individual vaksinalar sinovini muvaffaqiyatli yakunlashgan, deb yozadi Hi-news.ru

AQShning turli burchaklaridan kelgan, xususan, Dana-Ferberdagi saraton tadqiqotlari instituti, Harvard meditsina maktabi va Brihem shifoxonasi tadqiqotchilari guruhi inson melanomasi o‘simta aksilgeniga qarshi personallashtirilgan vaksinaning klinik sinovlarini yakunlashdi.

Melanoma — muqarrar o‘limga eltuvchi xavfli shishga aylanish darajasi juda yuqori bo‘lgan inson organizmining o‘simtasi hisoblanadi. Hujayralar bo‘linishiga to‘sqinlik qilib, ularning anomal kattarishiga sabab bo‘luvchi genetik mutatsiyalar melanomaning rivojlanish omillaridan biri hisoblanadi. Melanomani faqat immunoterapiya — bemorning organizimidagi saraton hujayralariga monoklonal aksiltanachalar kiritish bilan davolab bo‘ladi. Biroq AQShlik mutaxassislar izlanishda davom etib, o‘simta hujayralariga qarshi kurashuvchi personal vaksina yaratishdi. U muayyan insonning muayyan o‘simtaga qarshi immunitetini shakllantirishga yordam beradi. 

Har bir vaksina tadqiqotning har bir ishtirokchisiga qarab individual tarzda ishlab chiqilgan. Klinik tadqiqotlar seriyasi davomida har bir bemorning o‘simtasi genomini tekshirib turilgan va faqatgina unga xos bo‘lgan mutatsiyalarni aniqlab, unga individual vaksina tayyorlab berilgan. Tadqiqotda 6 nafar bemor ishtirok etgan. Vaktsinatsiyadan so‘ng sinalayotganlarning 4 nafarida 25 oy mobaynida retsidiv (kasallikning kuchayishi) kuzatilmagan, ikki nafarida esa o‘simtaning to‘liq so‘rilib ketishi, o‘simtaning aksilgenlariga xos T-hujayralar sonining o‘sganligi kuzatilgan. 

Mavzuga oid