Jamiyat | 21:23 / 09.07.2017
22988
3 daqiqa o‘qiladi

Yashnaobod tumanidagi transformator budkasi yonishi natijasida bir inson halok bo‘ldi

Yashnaobod tumani "Tashselmash" massividagi transformator budkasida portlash sodir bo‘ldi va bu yong‘in bilan tugadi. Natijada voqea joyida ta'mirlash ishlarini amalga oshirayotgan yosh yigit halok bo‘ldi. Facebook'ning Potrebitel.uz guruhi a'zolaridan biri shu haqida ma'lum qildi

"Jim tura olmayman. Kecha, 8 iyul kuni soat 12:00-13:00 orasida "Tashselmash" massivida portlash ro‘y berdi va transformator budkasida yong‘in boshlandi. Yashnaobod tuman elektr tarmog‘idan ta'mirlovchi brigada yetib keldi. Ular xavfsizlik texnikasiga rioya qilmagan holda, himoya kiyimi va vositalarisiz, elektr energiyasi tizimini o‘chirmasdan ishga kirishishdi. 

Ta'mirlash ishlari doirasida soat 17:50da yana portlash ro‘y berdi va u kuchli yong‘inga aylandi. Ishchilardan biri kuchli kuyish jarohatlarini oldi, boshqalari portlash kuchidan har tomonga otilib ketishdi. 

Massiv aholisi tez tibbiy yordam (103) va "MDS" tibbiy servisi (1080) ga qo‘ng‘iroq qila boshlashdi. Tez yordam mashinasi qo‘ng‘iroqdan 30-40 daqiqa o‘tgandan keyin yetib keldi. Bu vaqt ichida mahalliy aholi jabrlangan ishchiga yordam ko‘rsatishga urindi. Birinchi yetib kelgan tez tibbiy yordam xodimlari jabrlanuvchiga hech qanday yordam ko‘rsatishmadi, ular shunchaki aholining jabrlanuvchiga ko‘rsatayotgan yordamni chetdan kuzatib turishdi. Biroz keyinroq yana ikki tez yordam mashinasi (MDS) yetib keldi, ular "Biz bu yerda nima qilamiz? Bu yerda boshqa shifokorlar bor ekan-ku", deb ortlariga qaytishdi. 

Natijada jabrlanuvchi - taxminan 26-27 yoshlardagi yigit hayotdan ko‘z yumdi. 

Ishchilarni elementar himoya vositalarisiz xavfli obektlarga jo‘natuvchi idoralar, shuningdek tez tibbiy yordam xodimlarining inson hayotiga loqaydligi insonning g‘azabini qo‘zg‘atadi". 

Mavzuga oid