Jahon | 09:00 / 15.07.2017
63672
8 daqiqa o‘qiladi

15 iyul - Turkiya tarixidagi qonli sahifa

Foto: Reuters

Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish ro‘y bergan kundan 1 yil o‘tdi. 2016 yilning 15 iyulida mamlakatda harbiylar davlat to‘ntarishi uyushtirmoqchi bo‘lgan, lekin xalq hukumatni himoya qilib chiqqach, urinish barbod bo‘lgandi.

Bugun Turkiya bo‘ylab mamlakat tarixidagi bu qora kunda qurbon bo‘lganlar xotirlanmoqda. 

O‘tgan yilning 15 iyul kuni kechqurun Turkiyada harbiylar ishtirokida davlat to‘ntarishi amalga oshirishga bo‘lgan harakatlar boshlangandi. Isyon 16 iyulga o‘tar kechasi tuni bilan davom etdi, ammo tongda Anqara isyon bostirilgani haqida e'lon qildi. 

Isyon haqida ilk xabarlar

Mahalliy vaqt bilan soat 22:00da Anqarada o‘q ovozlari eshitila boshlandi, shahar ustida vertolyotlar hamda qiruvchi samolyotlar parvoz qildi. Turkiya qurolli kuchlarining bir guruhi mamlakatning bir qator shaharlarida - Anqara, Istanbul, Marmaris, Kone, Malate va Karsda hukumatga qarshi isyon ko‘targandi.

Anqarada harbiy vertolyot milliy razvedka binosini o‘tga tutdi, samolyotlar Milliy parlament va prezident saroyiga bomba tashladi.

Ko‘p o‘tmasdan Istanbul va Anqaradagi aeroportlarda, Bosfor bo‘g‘ozi ustidagi ko‘prikda tanklar paydo bo‘ldi.

Dastlab Turkiya bosh vaziri Binoli Yildirim televideniye orqali chiqish qilib, mamlakatda harbiylar guruhi davlat to‘ntarishiga harakat boshlagani haqida e'lon qildi.

Ko‘p o‘tmasdan isyonchilar davlat telekanallarini (TRT)ni egallab, o‘z xabarlarini yetkazishga urinishdi va xususiy ommaviy axborot vositalariga bostirib kirishdi.

Isyon boshlanganidan yarim soat vaqt o‘tib harbiylar efir orqali Turkiya Qurolli kuchlari bosh shtabi a'zolari qo‘lga olingani, hukumat harbiylar qo‘liga o‘tgani, rahbariyat chetlatilgani haqida e'lon qildi. Shuningdek, Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Anqaradagi qarorgohi qo‘riqchilari qurolsizlantirilib, Adolat va taraqqiyot partiyasi shtabi qamal qilindi.

Televideniye orqali mamlakatda harbiy holat o‘rnatilgani, komendantlik soati joriy etilgani haqida e'lon qilindi. Bu vaqtda Turkiyaning Bolgariya, Eron va Gruziya davlatlari bilan chegaralari yopildi, Gretsiya qurolli kuchlari jangovar shay holatga keltirildi.

Harbiylar mamlakatda konstitutsion tartibni tiklash va inson huquqlariga rioya qilishni va'da qilishardi.

Erdo‘g‘an bu vaqtda qayerda edi?

Bu voqealar boshlanganidan bir soatdan ortiqroq vaqt o‘tganida ham mamlakat prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning qayerdaligi noma'lum bo‘lib qolayotgandi. Ma'lum bo‘lishicha, u bu vaqtda Marmarisda hordiq chiqarayotgandi. U Skype orqali efirga chiqdi va noqonuniy davlat to‘ntarishi boshlangani haqida aytib, o‘z tarafdorlarini Anqara va Istanbul ko‘chalariga isyonchilarga qarshi chiqishga, "bu tartibsizlikni to‘xtatish"ga chorlab, yordam so‘radi.

Erdo‘g‘an o‘z nutqida bu harakat Fathulloh Gulen tarafdorlari tomonidan amalga oshirilganini ma'lum qildi va Anqaraga uchdi. Aeroportlar bu vaqtda isyonchilar qo‘liga o‘tgandi, shu tufayli bir muddat davomida prezidentning shaxsiy samolyoti havoda uchib yurdi. Bu esa uning Germaniyaga boshpana so‘rab ketgani, Angliyaga yo‘l olgani haqidagi mish-mishlar tarqalishiga olib keldi.

Bu vaqtda Anqarada tanklar parlament binosini o‘rab olib o‘qqa tutar, politsiyachilar va harbiylar o‘rtasida otishmalar davom etardi.

Xalq Erdo‘g‘anning aytganini qildi.

Odamlar tanklar qarshisida mardonavor turishdi va demokratik huquqlarini talab qilishdi.

Bundan tashqari Turkiya armiyasining asosiy qismi va bir qator qo‘mondonlar davlat to‘ntarishiga qarshi turishdi. Politsiya va prokurorlar zudlik bilan isyonni bostirish uchun kerakli chora-tadbirlarni amalga oshirishdi.

Mahalliy vaqt bilan tungi soat 01:30da bosh vazir Yildirim isyonchilarning bir necha yetakchilari qo‘lga olingani haqida ma'lumot berdi.

Soat 02:00dan boshlab ustunlik Erdo‘g‘an tarafdorlari qo‘liga o‘tdi. Bosh shtabning maxsus topshiriqli bo‘linmalari qo‘mondoni, general Zekai Aksakalli «spetsnaz hukumat va xalq tomonida bo‘lishi»ni ma'lum qilgandi.

Keyinroq razvedka isyon bostirilganini ma'lum qildi. Isyonchilar garovga olgan Turkiya Qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i ozod qilindi. Aeroportlarni egallab olgan harbiylar taslim bo‘lishdi. Parlamentni o‘qqa tutayotgan vertolyot F-16 orqali urib tushirildi.

Tongda Erdo‘g‘anning samolyoti Istanbul shahridagi Otaturk aeroportiga qo‘ndi va u NTV efirida chiqish qildi. U isyonchilarni IShID jangarilariga tenglashtirib, ular jazolanishini, armiyada tozalash ishlari o‘tkazilishini ma'lum qildi.

Soat 7:00da u Istanbul aeroportidagi maydonda tarafdorlari qarshiga chiqdi va ulardan vaziyat izga tushmagunicha ko‘chalardan ketmaslikni so‘radi.

Bir necha soat o‘tib Turkiya Harbiy-havo kuchlari sobiq bosh qo‘mondoni, general Akin O‘zturk va Balikesirdagi avibaza boshlig‘i general-leytenant Ishoq Dayio‘g‘li isyon yetakchilari sifatida ushlandi.

Isyonchilarga qarshi amaliyotlar davomida 6 mingdan ortiq kishi qo‘lga olindi va 100 nafarga yaqin isyonchi o‘ldirildi, bir necha kishi vertolyotda Gretsiyaga qochib ketdi. To‘qnashuvlar vaqtida halok bo‘lganlarning jami soni 300 nafarga yaqin bo‘ldi, yana 1500 ming kishi jarohatlandi.

Keyingi kunlarda olib borilgan tozalash ishlari davomida 9 mingdan ortiq kishi isyonda ishtirok etishda gumon qilinib, qo‘lga olindi.

Isyonchilar

Hukumat bayonotiga ko‘ra isyonni 20 yil muqaddam Erdo‘g‘an bilan ixtilof tufayli AQShga ko‘chib ketgan Fathulloh Gulen ilhomlantirgan. Isyon tashkilotchilari esa iste'fodagi polkovnik Muharram Kese rahbarligidagi turk armiyasining 46 zobiti va harbiy prokuror bo‘lgan. Isyonda shuningdek, polkovnik Mexmet O‘g‘uz Oqqush, mayor Erkan Og‘in va podpolkovnik Do‘g‘an Uysal yetakchilik qilgan.

Turk nashrlari yana bir nomni tilga olishgan — bu quruqlikdagi qo‘shinlar general-leytenanti Metin Iyidil. «Injirlik» aviabazasi boshlig‘i general Bekir Erjan Van hibs qilingan — bu baza isyon tashkillashtirilgan «nuqta» bo‘lgan.

Ularning barchasi Gulen bilan aloqadorlikda ayblangan.

Turkiya hukumati AQShning avvalgi prezidenti Barak Obamadan ham, hozirgi prezident Donald Trampdan ham Gulenni topshirishni so‘rab keladi.

Turkiyada o‘tgan yilning 20 iyulida Erdo‘g‘an tomonidan 3 oy muddatga favqulodda holat joriy qilingan va shu vaqtga qadar to‘rt marta uzaytirildi.

11 iyul kuni Turkiyaning barcha hududlarida 15 iyul voqealariga 1 yil to‘lishi munosabati bilan marosimlar boshlandi. Shu munosabat bilan bir hafta davom etadigan tadbirlarni yoritish uchun dunyoning o‘nlab mamlakatlaridan jurnalistlar taklif etilgan. Tadbirlarda "Kun" nashri muxbiri ham ishtirok etmoqda.

16 iyulga o‘tar kechasi soat 2:32da parlamentda alohida sessiya chaqiriladi va unda prezident Erdo‘g‘an chiqish qiladi. Nutq so‘zlagach prezident Istanbulga yo‘l olib, «demokratiya qo‘riqchilari» tadbirida qatnashadi. U yerda Bosfor ko‘prigi (hozirgi rasmiy nomi «15 iyul jafokashlari ko‘prigi») bo‘ylab «Milliy birlik marshi» o‘tkaziladi va isyon kuniga bag‘ishlangan yodgorlikning ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid