O‘zbekiston | 17:10 / 19.07.2017
79231
1 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyatida go‘sht uchun yagona narx belgilandi

Andijon viloyatida go‘sht uchun bir xil narx o‘rnatildi - endilikda viloyatda go‘shtning bir kilosi 29 ming so‘mdan sotiladigan bo‘ldi. Bu haqda «Andijonnoma» gazetasi sayti xabar bergan.

Nashr xabarida yozilishicha, viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov 18 iyul kuni shahar va tuman hokimlari, prokuratura, ichki ishlar, soliq idoralarining xodimlari va qassoblar, shuningdek, tegishli tashkilotlar rahbarlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda shunday qaror qabul qilgan.

Uchrashuv aholi tomonidan bozorlarda go‘sht narxlari asossiz ravishda ko‘tarilayotgani haqida bildirgan shikoyatlar tufayli o‘tkazilgan. Keyingi vaqtlarda viloyat hududidagi bozorlarda 1 kg go‘sht uchun narx 34 ming so‘mgacha ko‘tarilgandi.

«Muhokamalar yakunida viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 622 ta qassobxonaning barchasida bir kilogramm go‘sht 29 ming so‘mdan sotiladigan bo‘ldi», — deyilgan xabarda.

Mavzuga oid