Yuridik xizmat minbari: Yoshlarga soliq sohasida qanday imtiyozlar berilgan?
SAVOL: Men kasb-hunar kollejini 2016 yilda tamomlab, birinchi marta ishga kirdim. Menga soliq sohasida qanday imtiyozlar beriladi? Shu haqida ma'lumot berib o‘tsangiz.
JAVOB: O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi 2017 yil 5 iyuldagi PF-5106-son farmoniga asosan, Ta'lim muassasasini tamomlaganiga 3 yil bo‘lmagan, birinchi marta ishga qabul qilingan yoshlarga daromad solig‘ini 1-yil uchun 50 foizga, 2- va 3-yillar uchun esa 25 foizga kamaytirish belgilangan.
SAVOL: Men O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi shahar kengashi qoshida 8 yoshdan
19 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ingliz tilini o‘rgatish sho‘'basini ochmoqchiman. Menga soliq to‘lash sohasida qanday imtiyozlar beriladi?
JAVOB: O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi 2017 yil 5 iyuldagi PF-5106-son Farmonining 13-bandiga asosan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshida turli fanlar, jumladan, chet tillarni o‘rgatish, kompyuter dasturlarini tuzish va tadbirkorlik asoslarini o‘qitish maqsadida tashkil etiladigan sho‘'ba korxonalarini 2027 yil 1 avgustga qadar barcha soliqlardan ozod etish, bunda korxona ixtiyorida qoladigan summaning 20 foizini O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazishi belgilangan.
SAVOL: Men kasb-hunar kollejini tamomlab, o‘z tadbirkorlik faoliyatimni boshlamoqchiman. Lekin menda boshlang‘ich sarmoya mavjud emas. Menga va men kabi tengdoshlarimga qandaydir imtiyozlar mavjudmi?
JAVOB: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016 yil 3 fevralda 2758-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan Tijorat banklari tomonidan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga mikrokreditlar berish tartibi to‘g‘risidagi NIZOMga muvofiq tijorat banklari tomonidan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga milliy valyutada mikrokredit berish tartibi belgilangan.
Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun davlat ro‘yxatidan o‘tgan yoki yuridik shaxs ustav fondida (ustav kapitalida) 50 foiz yoki undan ortiq aksiyaga (ulushga) ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi kasb-hunar kollejlarida o‘qishni yakunlagan kunidan boshlab 3 yildan ortiq vaqt o‘tmagan bitiruvchilarkreditlash sub'yektlari hisoblanadi.
Mikrokreditdan foydalanganlik uchun foiz stavkasi miqdori Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi darajasidan yuqori bo‘lmagan miqdorda, bankning imtiyozli kreditlash jamg‘armasi hisobidan mikrokredit ajratilgan taqdirda Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasining 50 foizi miqdorida belgilanadi.
SAVOL: Men kollejni tamomladim. O‘z biznesimni yuritmoqchiman. Menga Soliq sohasida qanday imtiyozlar beriladi?
JAVOB: O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksining 375-moddasiga asosan, Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari kollejni tamomlagandan keyin o‘n ikki oy ichida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan taqdirda, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan sanadan e'tiboran qat'iy belgilangan soliqni to‘lashdan olti oy muddatga ozod etiladi.
Savollarga huquqshunos Sardorbek Ne'matjonov javob berdi.
Tahririyatdan: Kun.uz axborot sayti Adliya vazirligi bilan birgalikda “Yuridik xizmat minbari” sahifasini tashkil etgan. U yerda o‘zingizni qiziqtirgan savollarni yo‘llashingiz va boshqa savollarga berilgan javoblar bilan tanishishingiz mumkin.
Mavzuga oid
00:26 / 24.09.2024
Avstraliyada yolg‘on chegirmalar e’lon qilgan supermarketlar sudga berildi
14:51 / 19.06.2024
Kam quvvatda ishlayotgan pedagogika kollejlari negizida bog‘cha va maktablar tashkil etiladi
13:41 / 05.06.2024
Abituriyentlar uchun qabul boshlandi – bu safar faqat OTMga emas, kollej, texnikumlarga ham
14:14 / 07.04.2024