Sport | 22:47 / 26.07.2017
10611
4 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston Yopiq inshootlardagi V Osiyo o‘yinlarini o‘tkazishga tayyor

Foto: "Kun"

25 iyul kuni Turkmanistonning Toshkentdagi elchixonasida «Turkmanistonning turistik salohiyati» mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi. Anjuman tashkilotchilari joriy yilning 17–27 sentabr kunlari Turkmanistonda bo‘lib o‘tadigan Yopiq inshootlarda V Osiyo o‘yinlari va unga tayyorgarlik haqida batafsil ma'lumot berishdi. Bu haqda anjumanda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar berdi.

Ma'lumki, beshinchi marta tashkillashtirilayotgan Yopiq ishootlarda va jang san'ati bo‘yicha V Osiyo o‘yinlari bu yili birinchi marta Ashxobodda o‘tkaziladi. Bu haqida qaror 2010 yil 19 dekabrda Kuvaytda qabul qilingan. 2013 yilda esa Olimpiya bayrog‘i rasman Janubiy Koreyaning Inchon shahridan Ashxobodga topshirilgan. 

Anjumanda qayd etilishicha, Turkmanistonda Yopiq ishootlarda va jang san'ati bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarini keng miqyosda o‘tkazish uchun 2010 yildan boshlab katta tayyorgarlik ishlari boshlangan. Aynan mazkur sport bellashuvlarini a'lo darajada tashkillashtirish uchun maxsus Olimpiya majmui barpo etilgan. Bu yerda 30 dan ortiq inshootlar qurilgan bo‘lib, ular orasida mehmonxona, sport saroylari, reabilitatsion tibbiyot markazlari, ko‘ngilochar maskanlarni uchratish mumkin. 

«Asian Indoor and Martial Arts Games–2017» o‘yinlarida 62 mamlakatidan sportchilar ishtirok etishi kutilmoqda.

Ushbu muhim xalqaro sport tadbiriga ko‘plab sayyohlarni, jumladan, o‘zbekistonliklarni jalb etish maqsadida Turkmaniston turizm kompaniyalari mehmonlarga barcha qulayliklarni yaratib berishga tayyor ekani anjumanda alohida qayd etildi.

Turkmanistonning eng yetakchi sayyohlik kompaniyasi bo‘lgan "Dunya syyahat" rahbari G‘ulom G‘ulomov Yopiq ishootlarda va jang san'ati bo‘yicha V Osiyo o‘yinlariga tashrif buyuruvchi xorijlik mehmonlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganini aytib o‘tdi: 

«Hozirda Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish uchun barcha narsa tayyor. Biz faqat mehmonlarni kutmoqdamiz. Mazkur tadbirning Ashxobodda o‘tkazilishi mamlakatimiz imidji, iqtisodi va shu bilan birga turizm sohasi uchun katta ahamiyatga ega. O‘zbekistonlik qardoshlarimizni ham ushbu tadbirda kutib qolamiz».

Shuningdek, elchixona vakili Xonturdi To‘rayevning ta'kidlashicha, Yopiq ishootlarda va jang san'ati bo‘yicha V Osiyo o‘yinlari bilan bir vaqtda xalqaro anjumanlar, ko‘rgazmalar, ilmiy seminarlar, ko‘ngilochar dasturlar, sayohatlar ham tashkil etiladi. 

Ma'lumot o‘rnida: Turkmaniston ushbu qit'a turnirini o‘tkazish uchun sport inshootlarini qurishga umumiy miqdorda 5 milliard AQSh dollardan ortiq mablag‘ sarflagan.

2013 yilda Janubiy Koreyaning Inchon shahrida tashkillashtirilgan Yopiq inshootlarda va jang san'ati bo‘yicha IV Osiyo o‘yinlarida Osiyo olimpiya kengashiga a'zo 45 davlatdan 43 tasining vakillari ishtirok etishgan edi. Ashxobodda tashkillashtirilayotgan nufuzli turnirda Osiyoning barcha 45 davlatidan tashqari, Okeaniya milliy olimpiya qo‘mitalari (ONOC) ga a'zo 17 davlati ham ilk bor ishtirok etadi. Ularning orasida Avstraliya, Yangi Zelandiya kabi davlatlar ham bor.

Феруза Авазова
Tayyorlagan Феруза Авазова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid