«Gulxanlar mamlakati» bo‘ylab sayohat (foto+video)
"Gulxanlar mamlakati" nomini olgan Ozarboyjon o‘zining boy tarixiy va madaniy merosi bilan maqtansa arziydi. Mamlakatdagi ko‘plab tarixiy yodgorliklarining YuNeSKO madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilishi buning isbotidir. "Kun.uz" muxbiri O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi taklifiga binoan bir guruh jurnalistlar qatorida Ozarboyjonning diqqatga sazovor tarixiy va madaniy maskanlarida bo‘lib, shu haqida hikoya qiladi.
Ozarboyjon Respublikasining aholisi - 10 millionga yaqin, maydoni esa 86 600 kvadrat kilometrni tashkil qiladi. Mamlakat bu ikki ko‘rsatkich bo‘yicha Kavkaz orti mamlakatlarining eng yirigi hisoblanadi. Poytaxti - Baku shahri. Davlat tili - ozarboyjon tili.
Neft va gaz qazib chiqarish, kimyo sanoati, metallurgiya, qishloq xo‘jaligi kabi sohalar mamlakat sanoatini tashkil qiladi. Ozarboyjon iqtisodiyotini tirik organizmga qiyoslaydigan bo‘lsak, aytish mumkinki, uning "tomirlarida" neft oqadi. Neft va gazning ko‘pligi qadimdanoq bu mamlakatni dunyoga tanitdi. Shu bois bu yerda binolar qurilishi va buyumlar tayyorlashda gulxan shakliga alohida e'tibor qaratilishi ko‘zga tashlanadi.
Agar o‘zingizni paleolit davrida his qilgingiz kelsa, sizga Ozarboyjondagi ochiq osmon ostidagi muzey hisoblangan "Gobuston"ga borishini tavsiya qilamiz. Bu yerda qoyatoshlardagi ko‘plab tasvirlar bilan birga "gavaldash" nomli qadimiy zarb asbobini ham ko‘rish mumkin.
Eramizning o‘rta asrlariga "sayohat qilish" istagi tug‘ilsa, "Icherisheher" ("Ichkari shahar")ga tashrif buyuring. Bu yerda Qiz qal'asi (XI-XII asrlar), Shirvonshohlar saroy majmuasi (XV asr) hamda o‘rta asrning ko‘plab tarixiy yodgorliklari, shuningdek turli muzeylar va do‘konlar bo‘ylab sayr qilishingiz mumkin.
Darvoqe, Ozarboyjon muzeylari menda juda katta tassurot qoldirdi. Bu borada O‘zbekistonning o‘rgansa arzigulik jihatlari ko‘p. Mamlakatdagi muzeylar zamonaviy texnologiyalar bilan ta'minlangan bo‘lib, ular ziyoratchilarga tarixiy davrlardagi muhitni yanada yaqqol aks ettirishda yordam beradi.
Masalan, "Gobuston"da qadimiy yalla raqslari muzey devorlaridagi ekranlarda aks ettiriladi, bir xonadan boshqasiga o‘tganingizda o‘sha davrga xos bo‘lgan tovushlarni eshitishingiz mumkin yoxud yig‘ilgan gilam shaklida qurilgan Baku Gilamlar muzeyini olaylik - bu yerda qadimda gilamlarning to‘qilishi va shu kabi jarayonlar devorlardagi ekranlarda namoyish etiladi (bir qaraganda ularni shunchaki rasm deb o‘ylashingiz mumkin, lekin har bir ekran orqali o‘ziga xos jarayonlar aks ettiriladi). Muzeylarning pollari alohida diqqatga sazovor - Gilam muzeyida turli gilamlar tasviri, "Gobuston"dagi muzey polida esa ibtidoiy odamlar harakatlari tasvirlanadi.
Ozarboyjonda davlat tiliga bo‘lgan hurmat juda kuchli ekaniga guvoh bo‘ldik. O‘zbekistonda o‘zbek tili bilan birga rus tilida so‘zlashuvchi o‘zbeklar ham talaygina, biroq ozarboyjonliklar zarurat bo‘lmasa, faqat ozarboyjon tilida so‘zlashishadi. U yerda ko‘pchilik rus tilini tushunmaydi ham. Jamoat transportlari va madaniy maskanlardagi yozuvlarning barchasi - ozarboyjon va ingliz tillarida. Ko‘cha-ko‘yda mahalliy aholiga ozarboyjon yoki ingliz tilida murojaat qilgan ma'qul. Tillarimiz bir-biriga yaqin bo‘lgani bois o‘zbek tilidagi gaplarimizni tushunganlar ham bo‘ldi, albatta. Shu o‘rinda O‘zbekistonda ko‘p bo‘lgan ozarboyjonlik kishining bir gapi meni o‘ylantirib qo‘ydi: "Sizlarda o‘z ona tili turganda faqat rus tilida so‘zlashuvchi o‘zbeklar ham ko‘p negadir, bizda unday emas. Bizga ruscha murojaatdan ko‘ra o‘zbekchasi ma'qul, biz tushunamiz"...
Ta'kidlash joizki, mamlakatda o‘zbeklarga bo‘lgan hurmat yuqori. Tarixiy shaharlarimizga qiziqish bildirganlar, O‘zbekiston haqida iliq fikrlar bildirganlar ham ko‘p bo‘ldi - mehmonxona xodimidan tortib to matbuot raisigacha. Shu o‘rinda qiziq bir jihat bizni befarq qoldirmadi - Bakudagi Tarix muzeyi xodimi O‘zbekistondan ekanimizni bilgach, hurmat yuzasidan kiyimini almashtirib, oq ko‘ylak kiyib chiqdi va yurtimiz hamda allomalarimiz haqida yoqimli fikrlar bildirdi.
Shuningdek ozarboyjonliklar Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov va amaldagi yurtboshimiz Sh.M.Mirziyoyevni katta hurmat bilan tilga olishdi. Ozarboyjondagi Mitti kitoblar muzeyida Islom Karimov hamda mustaqillik haqidagi kitoblarning mavjudligi esa faxr tuyg‘usini uyg‘otdi. Ozarboyjonliklar O‘zbekistonni qardosh xalq deya tilga olib, mamlakatimiz bilan barcha sohalar, jumladan turizm, OAV va ta'lim sohalarida ham hamkorlik qilish istagini bildirishdi.
Ta'kidlash joizki, o‘zbekistonlik jurnalistlar guruhi sayohatini tashkil qilishda Ozarboyjonning Eurasia Travel kompaniyasi yaqindan yordam berdi va kelgusida bu mamlakatda bo‘lish istagida bo‘lgan kishilar uchun yordamga shay ekanini ma'lum qildi. Sayohatning turli shakllarda taqdim etilishi ko‘pchilikni befarq qoldirmasa kerak - kompaniya turli mehmonxonalardan joy ajratish bilan birga ozarboyjon xonadonlarida mehmon bo‘lish xizmat turini ham taqdim etadi va tabiiyki, bu sayyohlar uchun xizmatning boshqa turlariga nisbatan arzonga tushadi.
Muallif: Lola Raxmonboyeva
Mavzuga oid
00:59 / 21.11.2024
Ozarboyjon 2025 yilgi mudofaa xarajatlarini oshiradi
14:26 / 13.11.2024
BMT sudi: Armaniston va Ozarboyjonning da’volari bizning yurisdiksiyamizda
17:29 / 12.11.2024
Mirziyoyev BMT miqyosida Daryo ekotizimlarining butunligi deklaratsiyasini tuzishga chaqirdi
23:45 / 11.11.2024