Jamiyat | 13:53 / 07.08.2017
70916
2 daqiqa o‘qiladi

Insoniyat oldida turgan eng katta xavf ma'lum qilindi

Yolg‘izlik va ijtimoiy izolyatsiya insoniyatga semizlikdan-da katta xavf solmoqda. Brigam Yang Universiteti (AQSh) psixologlarining fikricha, ushbu omillarning aholiga ta'siri tobora oshib bormoqda va umumbashariy muammoga aylanmoqda. Bu haqida olimlar Amerika psixologlar assotsiatsiyasining 125-konvensiyasida ma'lum qilishdi. EurekAlert! saytida shu haqida xabar berildi. 

Ekspertlarning ta'kidlashicha, boshqa insonlar bilan o‘zaro munosabat o‘rnatish insonning fundamental ehtiyojidir. AARP notijorat tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan Loneliness Study tadqiqoti ma'lumotlariga ko‘ra, 45 yoshdan oshgan katta yoshli amerikaliklarning 42,6 millioni surunkali yolg‘izlikdan aziyat chekadi. 2014 yilgi ro‘yxatdan o‘tkazish natijalariga binoan, aholining chorak qismidan ko‘prog‘i yolg‘izlikda yashaydi, fuqarolarning yarmidan ko‘pi esa oila qurmagan. 

Olimlar ikki meta-tahlil o‘tkazib, ularning har birida o‘nlab tadqiqotlar natijalarini birlashtirishgan. Birinchisi 148 ilmiy ishni o‘z ichiga olgan, ularda umumiy hisobda 300 ming ko‘ngilli ishtirok etgan. Ma'lum bo‘lishicha, mustahkam ijtimoiy aloqalar erta o‘lim xavfining 50 foizga kamayishiga olib kelar ekan. Ikkinchi meta-tahlilda 70 tadqiqot ma'lumotlari o‘rganilgan, ularda Shimoliy Amerika, Yevropa, Osiyo va Avstraliyadan 3,4 million kishi qatnashgan. Olimlarning xulosasiga ko‘ra, ijtimoiy izolyatsiya yoki yolg‘izlik boshqa omillar, jumladan semizlikdan-da ko‘proq erta o‘lim xavfini keltirib chiqarar ekan. 

Mutaxassislarga ko‘ra, sog‘liqni saqlash tizimi ijtimoiy aloqalarning aholi salomatligiga ta'sirini inobatga olishi kerak. Shuningdek nafaqaxo‘rlar bir-birlari bilan muloqot qilishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar maskanlar - dam olish bazalari va parklar qurish zarurligi ta'kidlangan. 

Mavzuga oid