Jamiyat | 11:59 / 10.08.2017
4935
2 daqiqa o‘qiladi

Uber’ning giyohvand moddalar sotish bilan shug‘ullangan xodimi qo‘lga olindi

Bu yil Uber kompaniyasi uchun og‘ir keldi. Ushbu kompaniyaning nomi turli mojarolarda yangradi. Endi u bilan bog‘liq yana bitta – giyohvand moddalar bilan bog‘liq mojaro avj olmoqda. 

Mashable portali ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan hafta boshida giyohvand moddalarga qarshi kurashish bo‘limi Nyu-Yorkda reyd o‘tkazgan va uning natijalariga ko‘ra 4 mln dollarga teng fentanil va geroin giyohvand moddalarini yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan. Giyohvand moddalar yashirilgan o‘ramlardan ko‘pi Uber logotiplari bilan belgilangan bo‘lgan. Bundan tashqari, qo‘lga olinganlardan biri, taxmin qilinishicha, bu kompaniya taksichisi bo‘lgan. 

Agentlar gumonlanuvchi Devid Rodriges mashinasi ortidan kuzatuv olib borib, u qayerda yashashini aniqlashgan. Uning kvartirasida fentanil va geroin aralashmasidan 3 kg, giyohvand modda solingan va Uber logotipi tushirilgan 1100 ta paketcha, 30 ming dollar naqd pul va to‘pponcha aniqlangan. Ta'kidlanishicha, kompaniyaning o‘zi bu jinoyatga aloqador emas. Chunki giyohvandfurushlar o‘z qabih ishlarida yirik kompaniyalar nomlaridan shu tariqa foydalanadilar. Shunga o‘xshash yo‘l bilan McDonald's va Animal Planet "yomonotliq" qilingandi.

Mavzuga oid