O‘zbekiston | 08:10 / 15.08.2017
22339
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek harbiylari professionallik darajasini xalqaro arenada namoyish etishdi

Joriy yilning 29 iyulidan 12 avgustga qadar Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Xitoyning 22 ta poligonida uchinchi xalqaro armiya o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Unda Yevropa, Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidan kelgan 28 mamlakatning 150 dan ziyod jamoasi qatnashdi. Yurtimiz himoyachilari mazkur xalqaro umumarmiya o‘yinlarida 29 ta tanlovning atiga 8 tasida qatnashib, 5 ta sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Kun.uz’ga O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar “Qo‘shin razvedkasi a'lochilari”, “Elbrus halqasi”, “Sodiq do‘st”, “Xavfsiz marshrut”, “Yo‘l patruli”, “Merganlik marrasi”, “Qurolsoz usta”, “Musaffo osmon” kabi 8 ta tanlovlarda ishtirokchi, “Tank biatloni”, “Harbiy-tibbiy estafeta”, “Dala oshxonasi”, “Osmon kaliti”, “Avtobronetank texnikasi ustasi”, “Harbiy ralli”, “Muhandislik formulasi”, “Rembat”, “Hamdo‘stlik jangchisi”, “Artilleriya ustasi”, “UUA (uchuvchisiz uchish apparatlari) ekipajlari musobaqasi”, “Suvorov shiddati”, “Xavfsiz muhit”, “Desantchilar vzvodi”, “Aviadarts” kabi 15 ta musobaqalarda esa kuzatuvchi sifatida qatnashdi.

Shu kunlarda Toshkent xalqaro aeroportida Xalqaro armiya o‘yinlarining navbatdagi sovrindorlari, ya'ni “Qurolsoz usta” tanlovida ikkinchi o‘rinni hamda “Qo‘shin razvedkasi a'lochilari” va “Yo‘l patruli” tanlovlarida faxrli uchinchi o‘rinlarni egallab qaytgan Vatan himoyachilari katta tantana bilan kutib olindi. Tadbirlarda Mudofaa vazirligi mas'ul ofitserlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sovrindorlarning yaqinlari ishtirok etdi.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid