Jamiyat | 11:10 / 17.08.2017
123323
7 daqiqa o‘qiladi

Diqqat, ogoh bo‘ling! «Men Majburiy ijro byurosidanman»

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi (MIB) tashkil etilganini bilasiz. Prezidentimizning joriy yil 30 maydagi qaroriga asosan, Byuro xodimlari xizmat kiyimi va farqlovchi belgilari bilan ta'minlangan. Byuro va uning hududiy tuzilmalari yuklatilgan vazifalarni yuqori va professional darajada bajarilishini ta'minlay oladigan malakali kadrlar bilan to‘ldirilgan. Shuningdek, har sohada bo‘lganidek, MIB xodimlari ham xizmat guvohnomalariga ega bo‘lishlari kerak.

Mazkur qaror bo‘yicha MIB xodimlari gaz va elektr energiyasidan qarzi borlarni nazorat qiladi. Ha, faqat qarzdorlarni. Qarzini to‘lashga imkoni yo‘qlarning mol-mulki qarzdorlik hisobidan musodara etiladi. Mayli, hozir bu haqda gaplashmaymiz. Bugungi kun mavzusi MIB xodimlarining qanday nazorat olib borayotgani xususida.

O‘zimiz guvoh bo‘lgan voqeani yozamiz. Toshkent viloyatida joylashgan Toshkent dengizini ko‘pchilik biladi. U yerni Prezidentimiz kurort maskanga aylantirishni ham taklif etgan. Ana shu dengiz atrofidagi qishloqda qiziq bir voqea sodir bo‘ldi.

Yelkasiga sumka ilgan, qo‘liga qanaqadir papka ushlagan bir odam ko‘cha boshidagi uy eshigi oldida to‘xtab, avvaliga taqillatdi, keyin baqirib chaqirdi. Ichkaridan «hozir» degan ovoz, keyin esa o‘rta yoshlardagi erkak chiqib keldi. Mehmon Majburiy ijro byurosi xodimi ekanini, gaz va elektr bo‘yicha qarzdorlikni tekshirib yurganini aytdi. Mezbonning yuzi tirishdi.

– Kecha kelgan odam kim edi unda? – dedi u norozi qiyofada.

Tayinli javob olmagach, xodimdan hujjatini ko‘rsatishni so‘radi. Afsuski, mehmon ishga yangi kelgani, hali guvohnoma olmaganini vaj qildi. Mezbon uyiga kirib, birozdan so‘ng qog‘oz parchalari bilan qaytib chiqdi. Kvitantsiyalarni xodimga ko‘rsatib, hech nimadan qarzi yo‘qligini ta'kidladi. MIB xodimi esa ularni yaxshilab ko‘zdan kechirdi, papkasidan katta daftarni olib, unga bir nimalarni yozdi.

– Bir maslahat beraymi, aka, – dedi mezbon dabdurustdan xodimning yozuv-chizuvini kuzatarkan. – Yaxshisi, hujjat olib yuring, formangiz ham yo‘q ekan. Agar biror jiddiyroq odamga ro‘para kelsangiz, o‘zingiz qiynalib qolasiz.

Xodim miyig‘ida kulib, kvitansiyalarni egasiga qaytardi va xayrlashdi. Keyingi xonadon eshigini borib taqillatdi. Boyagi erkak bilib aytganmidi yoki yo‘q, lekin bu uyning egasi ancha jiddiy odam chiqdi. Yoshi oltmishdan oshgan, sochiga oq oralagan bir chol eshik oldida turgan MIB xodimiga uzoq tikildi, keyin «nima gaping bor?» degandek boshini qimirlatdi.

– Assalom alaykum, amaki, yaxshimisiz? Gaz bilan tokni tekshirgani keldim, qarzdorlik bo‘yicha, – dedi xodim o‘zini dadil tutishga urinib.

– Valeykum. Sen o‘zi kimsan?

– Majburiy ijro byurosidanman.

– Qani hujjating? Qani formang?

– Amaki, hali yangiman, hujjat bilan forma hozircha bizga yetmadi...

– Unda buyrug‘ing qani? – cho‘rt kesdi chol.

Xodim kalovlandi. Nima qilsam ekan, deb o‘yladi. Uning xayollarini uy egasining ovozi bo‘ldi.

– Qani, ichkariga kir-chi. Bir tanishib olaylik.

Chol ichkariga yurdi, ortidan xodim ham ergashdi. Darvozaxonadan o‘tgach, chetdagi supaga o‘tirgan mezbon xodimga tushuntira ketdi:

– Sen shu haftani o‘zida tekshirgani kelgan uchinchi odamsan. Qaysi biringga ishonaylik? Sengayam aytaman, uyimizda tok va gaz yo‘q, 4 yil oldin rasman uzdirib qo‘yganman. Shundoq ekan, hech qanaqa qarzdorlik ham yo‘q. Bo‘ldimi?

– Qanaqasiga? – hayron bo‘ldi MIB xodimi. – Chiroqsiz, gazsiz qanday yashayapsizlar?

– Iye, osmondan tushganmisan, bolam? Qishloqdagilar qanday yashayotgan bo‘lsa, shunday. Bor, kompyuteringdan ko‘r, uzib qo‘yilgan. Bo‘lmasa, ana, tomga chiq.

– Yo‘q, amaki, men daftarimga yozib qo‘yishim kerak. Aktlarni ko‘rsating, ketaman.

– Nega senga ko‘rsatishim kerak? Na hujjating bor, na formang, na buyrug‘ing. Balki biror g‘araz niyatli kimsadirsan, kechasi chol-kampir o‘zimiz yotamiz, uyimizni ship-shiydon qilish uchun «razvedka»ga kirgandirsan.

– Nimalar deyapsiz, amaki?..

– Hujjating bo‘lmagandan keyin har xil xayolga boraman, to‘g‘rimi? Mayli, senga aktlarni ko‘rsataman, lekin hamma «danniy»laringni yozvolaman. O‘zimam organda ishlaganman, hozir hujjatimni obchiqaman.

Chol ichkariga kirib ketdi. Xodim vahimaga tusha boshladi. Yuzidan ter oqib tushayotgani kun issig‘idan bo‘lsa kerak. Oyoq-qo‘llari qaltiragani asablari joyida emasligidandir balki. Chol aktlarni olib chiqquncha u o‘ziga kelib qoldi. Hamma hujjatlarni ko‘rib, daftariga qayd etgach, amaki bilan xayrlashmoqchi bo‘ldi.

– Shoshma, qayoqqa ketasan? Endi men seni tekshiraman.

Mezbon MIB xodimining ism-familiyasi, lavozimi, manzili haqidagi barcha ma'lumotlarni yon daftarchasiga yozdi. Keyin unga xotirjam qarab:

– Senga pul to‘lamay qochib yurganlar kerakmi? Ana, Toshkent dengiziga bor, hammasi tapchan qurvogan, kimi to‘laydi, kim yo‘q. Shunaqa odamlarni ushlamoqchimisan, marhamat, nechtalab dachalar bor, tekshir shularni. Toksiz, gazsiz o‘tirgan oddiy xalqqa kelib, qarzingizni to‘lang, demasdan. Lekin men sen bilan alohida shug‘ullanaman, boshlig‘ingni taniyman, agar o‘zing ham bilsang.

MIB xodimi choldan arang qutulib qoldi. Keyin qayerga bordi, kimnikiga kirdi yoki uyiga qaytib ketdimi, bunisi bizga qorong‘u. Qissamizdan hissa shuki, Prezidentimiz aytganidek, prokurorlar halol ishlashi kerak, shuningdek, hukumat nomidan kelgan oddiy xodimlar ham.

Qolaversa, eshigimizni taqillatib kelgan har bir xodimning hujjatini so‘rashni unutmaylik. Hujjatsiz va maxsus kiyimsiz biror xodimga hisob bermasligingiz yoki uni uyga kiritmasligingiz mumkin. Bu sizning, bizning huquqimiz.

Bobur Nabi

Mavzuga oid