Jamiyat | 11:40 / 19.08.2017
89571
5 daqiqa o‘qiladi

Foto: Ulug‘norning antiqa «Qo‘zivoy» tarvuzi

Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining “Boburnoma”sida Andijon nabototi haqida shunday degan: “Don-duni ko‘p, mevasi farovon. Qovun va uzumi yaxshi bo‘ladi. Qovun pishig‘i paytida poliz boshida qovun sotmoq rasm emas. Andijonning noshvotisidan yaxshiroq noshvoti bo‘lmaydi”.

Bilasizmi, vodiyda eng shirin qovun-tarvuz qayerda bo‘ladi? Bilmasangiz, bilib oling! Yoz ne'matlaridan biri bo‘lgan bu poliz mahsulotlar eng ko‘p yetishtiriladigan joy - Ulug‘nor tumanidir.

Yoz fasli O‘zbekiston bozorlari mirishkor bog‘bon va dehqonlar tomonidan yetishtirilgan turli meva va poliz mahsulotlari bilan to‘ladi. Andijonning cho‘l tumani bo‘lgan Ulug‘norga borsangiz, katta yo‘lning ikki tomonida shirasi tilni yoradigan qovun va tarvuzlar xirmonini ko‘rasiz. Vodiyning turli shahar viloyatlaridan kelgan mehmon va tadbirkorlar xirmon tepasida dehqonning o‘zidan mahsulotlarini ko‘tarasiga arzon narxda olib ketishadi.

Ulug‘norning tabiati, yeri, havosi poliz ekinlariga juda mos. Paykallarda qovunning bosvoldi, obinovvot, bo‘rikalla, shakarpalak kabi, tarvuzning o‘n turdagi mahalliy navlari yetishtiriladi. Yo‘l chetidagi tarvuz xirmoni orasida shakli o‘zgacha xuddi qovunga o‘xshash uzunchoq, to‘ni yo‘l-yo‘l tarvuzlar diqqatimizni tortadi. Dehqon akaga: “Bu qanaqa tarvuz bo‘ldi?”, deya savol beramiz. – “Qo‘zivoy” degani shu bo‘ladi, - deydi anjoncha do‘ppini yaraqlatib kiyib, yelkasiga durra tashlab olgan dehqon. Shakli g‘alati tarvuz haqida ko‘p savol berganimizdan so‘ng, u kishi bizni paykalga yetakladi.

O‘zini Mirzaakram Murtazoyev deya tanishtirgan akamiz 26 yildan beri qovun-tarvuz yetishtirar ekan. Paykalda ana shunday shakli uzun bo‘lgan “qo‘zivoy”lar yumalab yotibdi. Biz antiqa tarvuzning qanday yetishtirilishi bilan qiziqdik. Ungacha dalaga Mirzaakram akaning ustozi Odiljon ota ham nabiralari bilan yetib keldi. Polizchilikda 40 yillik tajribaga ega Odiljon ota va uning shogirdi tilidan qovun va tarvuzning biz eshitmagan o‘nlab navlari haqidagi gaplariga diqqat qildik. 

“Qo‘zivoy” tarvuz haqida ham ko‘p savollar berib, yaxshigina tushunchaga ega bo‘ldik. “Bu tarvuz O‘zbekistondan tashqari, arab mamlakatlari va Afg‘onistonda yetishtiriladi. U yerlardagi tarvuzning rangi pushti yoki qora. O‘zbekistonda esa, asosan, Ulug‘norda ko‘p ekiladi. “Qo‘zivoy” 110 kunda yetilishi, sersuv, o‘ta shirin va urug‘i juda kamligi bilan boshqa navlardan farq qiladi. Ishonmasligingiz mumkin, lekin yaxshi parvarish qilsangiz bitta tarvuzni vazni 45 kilogramgacha borishi mumkin”,- deydi Mirzaakram aka.

“Qo‘zivoy” dehqonni boy qiladigan tarvuz ekan. Chunki, uning hosildorligi boshqa tarvuzlarga nisbatan ikki hissa ko‘p. Bir gektar yerga ekilgan “qo‘zivoy” 25-30 million so‘m daromad berishi bunga yaqqol misol. Mineral o‘g‘itlarni suymasligi ham bor. 

“Dehqonchilik ota-bobolarimizdan meros - pirli, pokiza kasb. Egatlarga tinimsiz sharbat oqizib, mahalliy o‘g‘it berib, yetishtiramiz. Shu paytgacha qovun-tarvuzimizdan birov shikoyat qilgani yo‘q. Xaridorlar “Otangga rahmat” deb ketishadi”, - deydi dehqon.

Eh-he.. Suhbat davomida shuni bildikki, polizchilik o‘ziga xos juda chuqur ilm. Uning sir-asrorlari to‘g‘risida tomlab kitob yozish mumkin. 

Aytganday, Andijonda Bobur davridan meros qadriyat o‘z kuchida qolgan ekan! Safarimiz so‘ngida Mirzaakram aka mashinamizga besh-oltita “qo‘zivoy”lardan solib berdi. Cho‘ntak kavlasak, bir o‘qrayib: “Uka, dala boshi, paykalda mehmonga tarvuz sotilmaydi. Duo qilib yenglar”, deb qo‘ydi.

Yo‘lingiz tushsa, yoz-kuzda, albatta, Ulug‘norga keling. Shunda sahiy tabiat in'omi va dehqonning peshona teri bilan yetishtirilgan tarvuz-qovundan tatib ko‘rasiz.   

P.S. Maqolani tayyorlashda ko‘magini ayamagan Ulug‘nor tuman hokimligiga alohida tashakkurimiz bor.         

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon.
Muallif olgan suratlar. 

 

Mavzuga oid