Jahon | 00:02 / 21.08.2017
7339
4 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an G‘arbning Yaqin Sharqdagi siyosatini tanqid ostiga oldi

Foto:aa.com.tr

Turkiya milliy xavfsizlikka tahdidlarga qat'iy tarzda va uchinchi davlatlar pozitsiyasi qandayligidan qat'iy nazar munosabat bildiradi, deb aytdi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Istanbulda.  

Uning aytishicha, oxirgi vaqtda Turkiya va G‘arb davlatlarining turli, jumladan terrorchilikka qarshi kurash bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha pozitsiyalari jiddiy ravishda tarqoqlashgan.  

“O‘z vaqtida Turkiya IShID jangarilari hujumiga uchraganda, go‘yoki terrorchilikka qarshi faol kurashayotgan bir qator davlatlar davlatimizga qarshi tahdidlarni e'tiborga olmaslikni afzal ko‘rishdi. Anqara terrorchilar to‘dasiga yakka o‘zi qarshi turishiga to‘g‘ri keldi. Shungacha bordiki, Turkiyaga Suriya va Iroqqa o‘tishga urinayotgan yollanma jangarilarga qarshi kurashish uchun zarur bo‘lgan razvedka ma'lumotlarini berish rad etildi”, deb aytdi Erdo‘g‘an.    
  
Uning ta'kidlashicha, Turkiya armiyasining Suriya shimolida o‘tkazgan “Frot qalqoni” operatsiyasi davomida erishgan muvaffaqiyati mintaqada g‘arb davlatlari olib borayotgan o‘yinlarning mohiyatini oshkor qildi. “Masala IShID jangarilariga qarshi kurashishdan emas, balki mintaqa xaritasini o‘zgartirishdan iborat. Ular buni ochiqchasiga tan olisholmaydi va shu sababli bir qator terrorchilik tashkilotlari ko‘magida turli “loyihalar”ni amalga oshirishni davom ettirmoqdalar”, deb qayd qilib o‘tdi Erdo‘g‘an.  

Erdo‘g‘anning aytishicha, o‘zini Turkiyaning do‘sti deb atovchi davlatlar bir terrorchilik tashkilotining jangarilari o‘zini Kurdiston ishchi partiyasi, PYD, YPG va Suriya demokratik kuchlari deb atab, qiyofasini o‘zgartirishini yaxshi anglaydilar.  

“Suriya va Iroqda kuchlarning taqsimlanishi xaritasini tahlil qiladigan istalgan kishi mintaqada amalga oshirilayotgan o‘yinlar mohiyatini anglaydi. Turkiya xavfsizlik kuchlari Turkiyada harakat qiluvchi terrorchilardan Suriya va Iroqqa IShIDga qarshi kurash bahonasida yetkaziladigan qurolni qo‘lga kiritmoqdalar”, deb aytgan Turkiya prezidenti va Anqara yuqorida nomi tilga olingan terrorchilik tashkilotlari jangarilari qaysi davlatlar qurollari bilan qurollanganlaridan yaxshi xabardor ekanligini qo‘shimcha qilgan.    

Erdo‘g‘an g‘arb davlatlari “mushaklarni o‘ynatish” ertami-kechmi yakunlanishini va ko‘plab o‘yinchilar mintaqani tark etishini, Turkiya esa mintaqadagi terrorchilik tuzilmalari bilan kurashishiga to‘g‘ri kelishini anglashlari kerakligini aytgan. 

Erdo‘g‘an Yevropa davlatlaridagi saylov kampaniyalarida Turkiyaga qarshi nutqlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligiga ishora qildi. “Aminmanki, turk diasporasi vatanlaridagi do‘stlari bilan birga bo‘lishlari kerak. Fikrimcha, Turkiya ichki ishlariga aralashishga uringan yevropalik siyosatchilar va partiyalar o‘z davlatlaridagi saylovlar kunida javob olishlari lozim. Shuning uchun men Germaniyadagi turk jamoasiga Anqaraga nisbatan adovat nuqtai nazaridan chiquvchi siyosiy kuchlarni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortishlarini so‘rab murojaat qilmoqdaman”, deb o‘z so‘zlarini yakunlagan Erdo‘g‘an. 

Mavzuga oid