O‘zbekiston | 15:26 / 22.08.2017
12948
2 daqiqa o‘qiladi

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari muborak safarga jo‘nab ketdilar

Joriy yilning 22 avgust kuni o‘zbekistonlik ziyoratchilarning 430 nafardan iborat so‘nggi guruhlari ikkita reysda Toshkent-Madina va Namangan-Madina yo‘nalishi bo‘yicha Saudiya Arabistoni Podshohligiga kuzatildi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati xabar bergan.

Ziyoratchilar qatorida 72 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va ularga hamrohlik qiluvchilar ham haj safariga jo‘natildi. Faxriylar Toshkent shahrida joylashgan “Minor” masjidida to‘plandilar. Ularga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan maxsus aravachalar sovg‘a qilindi. Ular Toshkent va Namangan xalqaro aeroportlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Madina shahriga kuzatildi.

Kuzatish joyi va aeroportda bo‘lajak hojilarimizga barcha qulayliklar yaratildi, jumladan, ziyoratchilarimiz uchun issiq choy, yengil taom va sarxil mevalar bilan siylandi. Muqaddas safarga chiqayotgan vatandoshlarimiz yaratilgan sharoitlardan minnatdor ekanliklarini izhor etdilar.

Respublika ishchi guruhi tomonidan Madina shahri aeroporti va “Javharat ar-Roshid” mehmonxonasida yurtdoshlarimiz uchun barcha qulay sharoitlar tayyorlab qo‘yilgan.

Ma'lumot sifatida shuni aytish mumkinki, mavsum boshidan beri jami 32 ta reysda 7155 kishi jumladan Toshkent-Madina yo‘nalishida 2228, Namangan-Madina 3028, Samarqand-Madina 459, Urganch-Madina 206, Buxoro-Madina 412, Qarshi-Madina yo‘nalishida 822 nafar ziyoratchi Saudiya Arabistoniga yetib bordi.

Mavzuga oid