Jamiyat | 21:21 / 22.08.2017
60289
3 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston yana Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi

Turkmanistonda Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan yana bir rekord o‘rnatildi, deb xabar bermoqda «Turkmandavlatxabarlari» davlat axborot agentligi.

Ashxoboddagi olimpiya stadioni uzra qad ko‘targan ot kallasi dunyodagi eng kattasi deb topilgan. Guinness World Records kompaniyasi xodimlari tomonidan berilgan sertifikatga ko‘ra, haykalning balandligi 40,05 metr, endi 40,24 metrni tashkil etadi. O‘lchov ishlari 2017 yilning 6 martida o‘tkazilgan edi.

Bundan tashqari, olimpiya shaharchasida barpo etilgan suv sporti markazi ham rekordlar kitobiga kiritilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, markazdagi barcha basseynlarning umumiy maydoni deyarli 5 ming kvadrat metrni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 17 sentabridan 27 sentabrigacha Turkmaniston poytaxti Ashxobodda Yopiq inshootlarda va jang san'ati bo‘yicha V Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Ginnesning rekrodlar kitobiga kiritilgan yangi inshootlar ushbu xalqaro sport turniri uchun barpo etilgan.

Turkmaniston Ginnesning rekordlar kitobiga tez-tez tushib turadi. Mamlakatda turli yillarda quyidagi jahon rekordlari o‘rnatilgan:

- oq marmar qoplangan binolarning eng zich joylashuvi (Ashxobod shahrida);

- yopiq turdagi dunyodagi eng yirik tomosha charxpalagi;

- dunyodagi eng yirik «O‘g‘uzxon» favvora-haykallar kompleksi;

- dunyodagi eng baland bayroq shtogi (keyinroq bu rekord Tojikiston va Saudiya Arabistoni tomonidan yangilangan);

- yangi aeroport tomida milliy kashtalar — gullarning eng yirik tasvirlari joylashtirilgan;

- qo‘lda to‘qilgan eng katta gilam;

- Ashxoboddagi telemarkaz yulduzning eng yirik arxitektura tasviriga ega;

- Turkmanistonda jahondagi eng katta o‘tov tiklangan;

- Eng katta o‘tovga bir vaqtning o‘zida 4 ming kishi kirib, Turkmaniston prezidentining «Olg‘a, faqat olg‘a» qo‘shig‘ini kuylashgan va bu ham Guinness World Records vakillari tomonidan qayd etilgan.

Mavzuga oid