Jamiyat | 09:49 / 28.08.2017
22644
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyatida “soxta” militsiya xodimi ushlandi

Andijon viloyati IIB tomonidan o‘zini ichki ishlar xodimi sifatida tanishtirib, fuqarolarni qo‘rqitib, tovlamachilik qilib yurgan shaxs ushlandi. Bu haqda Andijon viloyati IIB matbuot xizmati KUN.UZ ga xabar qildi. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, joriy yil 26 avgust kuni Andijon viloyati Oltinko‘l tumanida yashovchi, 1975 yilda tug‘ilgan F.Ya. Andijon viloyat IIBga ariza bilan murojaat qilgan. U o‘z arizasida 2017 yil 11 avgust kuni qo‘l telefonida “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘i orqali o‘zini “Parpiyev Behruz” deb tanishtirgan shaxs bilan tanishganligi va 2017 yil 22 avgust kuni “Behruz” bilan Andijon shahar Bobur maydoni yonida ko‘rishganini yozgan. Yigit F.Ya.ning “Samsung” rusumli qo‘l telefonini olib qo‘yib, o‘zini huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimi ekanligini va telefonidan 32 ta pornografik mazmundagi video tasvirlar chiqqanligini aytib, ushbu video tasvirlar uchun qonuniy chora ko‘rishlik bilan qo‘rqitgan. Qonuniy chora ko‘rmaslik evaziga 100 AQSh dollari olgan. 

F.Ya. o‘z arizasida davom etishicha, bir necha kun o‘tib “Behruz” F.Ya.ga qo‘ng‘iroq qilib 2017 yil 26 avgust kuniga qadar yana 200 AQSh dollari va 50.000 so‘m miqdorida pullarni talab qilib, agarda ushbu pullarni bermasa maxallasiga borib oilasi va tanishlariga sharmanda qilib, qamatib yuborish bilan qo‘rqitib, tovlamachilik yo‘li bilan ushbu pullarni talab qilib kelayotgan «Parpiyev Behruz» ismli shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan.  

Ushbu ariza yuzasidan 26 avgust kuni Andijon viloyati IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Andijon shahar Amir Temur shoxko‘chasida joylashgan “Avtoshoxbekat”da “Parpiyev Behruz” ismli shaxs arizachi F.Ya.dan kimyoviy ishlov berilgan 200 AQSh dollari va 50.000 so‘m miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ushlandi.
 
Olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida “Parpiyev Behruz” aslida, Andijon tumani Serfayz ko‘chasida yashovchi 1989 yilda tug‘ilgan G.I. ekanligi aniqlandi. Undan kimyoviy ishlov berilgan 200 AQSh dollari va 50.000 so‘m mikdoridagi pullar daliliy ashyo sifatida olindi.

Ushbu holat yuzasidan Andijon viloyati IIB Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 165-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasini ko‘rib chiqmoqda. 

Mavzuga oid