Sport | 09:58 / 31.08.2017
40377
5 daqiqa o‘qiladi

JCh–2018 saralashi: Xitoy – O‘zbekiston uchrashuvi prevyusi

Foto: OFK

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bugun, 31 avgust kuni JCh–2018 turniriga saralash bosqichi “A” guruhi 9-turida Xitoy terma jamoasi bilan safarda bahs olib boradi. O‘FF matbuot xizmati jamoalar o‘rtasidagi o‘zaro bahslar va yo‘qotishlar haqida to‘xtalib o‘tadi.

Xitoy – O‘zbekiston uchrashuvi bugun, 31 avgust kuni Uxan shahridagi Wuhan Sports Center stadionida bo‘lib o‘tadi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan 17:00 da start oladi. “Sport TV” telekanali ushbu o‘yinni jonli efirda uzatishni rejalashtirgan.

O‘zaro uchrashuvlar

Jamoalar shu kungacha 11 marta o‘zaro to‘qnash kelgan. 6 uchrashuvda O‘zbekiston, 4 o‘yinda Xitoy g‘alaba qozongan bo‘lsa,  1 qarama-qarshilikda g‘olib nomi aniqlanmagan. JCh–2018 saralash bosqichi birinchi davrasida Samvel Babayan shogirdlari Xitoyni 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi.

Quyida jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi 5 o‘yinda qayd etilgan natijalar bilan tanishing.

16.01.2011  Xitoy – O‘zbekiston 2:2  |  Osiyo Kubogi, guruh bosqichi

05.06.2011  Xitoy – O‘zbekiston 1:0  |  O‘rtoqlik uchrashuvi

06.06.2013  Xitoy – O‘zbekiston 1:2  |  O‘rtoqlik uchrashuvi

14.01.2015  Xitoy – O‘zbekiston 2:1  |  Osiyo Kubogi, guruh bosqichi

11.10.2016  O‘zbekiston – Xitoy 2:0  |  JCh–2018 saralashi

Bo‘lajak o‘yinga tayyorgarlik

O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCh–2018 saralash bosqichi oxirgi ikki bahsi oldidan Toshkentda Qirg‘iziston termasiga qarshi nazorat o‘yini o‘tkazib, 5:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Bosh murabbiy ixtiyoridagi barcha futbolchilar imkoniyatini sinovdan o‘tkazib, Xitoyga 24 futbolchidan iborat tarkibni tanlab oldi.

Yo‘qotishlar

O‘zbekiston termasi mazkur o‘yinga deyarli yo‘qotishlarsiz keldi. Tarkibdagi barcha futbolchilar sog‘lom. Eronga qarshi o‘yinda jarohat olgan Stanislav Andreyev hamon tiklanish jarayonini o‘tkazmoqda. Klubdagi jarohati tufayli terma jamoaning Suriya, Qatar va Eronga qarshi o‘yinlarini qo‘yib yuborgan Vitaliy Denisov ham termaga qaytgan. Eron bilan o‘yinga tusha olmagan  Marat Bikmayev va Islom To‘xtaxo‘jayev ham bo‘lajak o‘yinga chaqiruv olgan. O‘zbekiston termasi Xitoyga 24 futbolchi bilan yo‘l olgan. Sariq kartochkalari to‘planib qolganligi bois bo‘lajak o‘yinni faqatgina Davron Hoshimov o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ladi.

Xitoy termasi safida bitta yo‘qotish bor. “Shanxay SIPG” himoyachisi Vang Shenchao “Guanchjou Evergrand”ga qarshi (4:0) OChL chorak final ilk o‘yinida jarohat olib maydonni tark etgandi. Uning bo‘lajak o‘yinda maydonga tushish tushmasligi noma'lum. Marchello Lippi O‘zbekistonga qarshi o‘yinga 23 futbolchidan iborat tarkibni avvalroq e'lon qilgandi.

Uchrashuv rasmiylari

Mazkur o‘yinni Shri-Lanka mamlakati vakillari bo‘lgan hakamlar boshqarib boradi. Bosh hakam vazifasini Krishanta Dilan Perera Xettikankanamge bajaradi. Unga qanotlarda Priyanga Namal Palliya Guruge hamda Palita Parrakrama Deniye Gedara yordam beradi.

Zaxira hakami vazifasi Kuttiappa Rajarantam Prashant Rajakrishnaga yuklatildi. BAA vakili Ali Muhammad Bujsaim Shri-lankalik hakamlar ishiga baho beradi. O‘yin komissari o‘zgardi. Vetnam vakili Xoay An Li o‘rniga malayziyalik Si Mey Chat uchrashuv komissari sifatida ishlaydi.

Guruhdagi vaziyat

Osiyo mintaqasidan JCh–2018 saralash bosqichi “A” guruhi 8-turidan keyin O‘zbekiston terma jamoasi 12 ochko bilan 3-o‘rinda bormoqda. JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan Eron 20 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, Janubiy Koreya 13 ochko bilan hozircha 2-pog‘onani egallab turibdi. Hisobida 6 ochko bo‘lgan Xitoy terma jamoasi “A” guruhida so‘nggi – oltinchi o‘rinni band qilgan.

“A” guruhi 9-turning qolgan o‘yinlari

Saralash bosqichi 9-turida Janubiy Koreya termasi o‘z maydonida Eronni qabul qiladi. Suriya neytral maydon – Malayziyada Qatar bilan bellashadi.

17:00  Xitoy – O‘zbekiston

17:00  Janubiy Koreya – Eron

18:45  Suriya – Qatar

Izoh: Uchrashuv soatlari Toshkent vaqti bilan ko‘rsatilgan 

Mavzuga oid