Sport | 20:31 / 04.09.2017
13553
4 daqiqa o‘qiladi

Kun savoli: Klublar futbolka sotish orqali transferlarni qoplay oladilarmi?

Foto: The Telegraph

O‘tgan yili Zlatan Ibrahimovich intervyularidan birida «mening futbolkamni  sotish orqali olinadigan daromad Pol Pogbaning transferini bemalol qoplaydi» degan edi. Bunday fikrlarni jiddiy qabul qiladiganlar bor, «Real», «MYu» kabi klublar yirik transferlarni mana shu yo‘nalishdagi daromadlar orqali bemalol qoplay olishlari mumkinligi haqida fikrlar keng tarqalgan. Rostan ham shundaymi? Klublar transfer summasini o‘sha futbolchining futbolkasini sotib ham qoplay oladilarmi?

Bu noto‘g‘ri fikr. Adidas, Nike kabi kompaniyalar tuziladigan homiylik shartnomalari oddiy homiylik shartnomalaridan farq qiladi. Misol uchun Adidas «Manchester Yunayted» bilan katta miqdorda shartnoma tuzdimi, bu kompaniyaning o‘z mahsulotlarida klub brendidan foydalanish imkonini ham beradi. 

Klublar faqat avvaldan belgilab qo‘yilgan yillik to‘lovlarni va qo‘shimcha futbolkalar sotuvidan tushgan daromadning 10-15 foizini oladilar, xolos. Misol uchun, Adidas Pol Pogbaning futbolkasidan 100 million daromad qilgan bo‘lsa, «Manchester Yunayted»ga shundoq ham har yili oladigan 75 millionga qo‘shib, 200 millionning 15 foizi - 15 million beradi. Ya'ni yirik transferning to‘lig‘icha, hatto yarmi ham sotilayotgan futbolkalar yordamida qoplanishi deyarli imkonsiz ish. 

Bundan tashqari, yangi futbolchining transferi futbolka bozorini larzaga keltira olmaydi. Aytaylik, o‘sha futbolchi tug‘ilib o‘sgan yurtda savdo sezilarli oshishi (esingizda bo‘lsa, «Manchester Yunayted» va «Arsenal» klublari o‘z saflariga xitoylik futbolchilarni qo‘shib olgandilar) mumkin xolos. Boshqa joylarda shundog‘am futbolka sotib olishni rejalashtirgan muxlislar xaridni amalga oshiradilar - shunchaki, yangi futbolchi ismi tushirilgan futbolkani tanlashadi.

Savol tug‘ilishi mumkinki, nega klublarning o‘zi futbolka ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, katta daromadlar qilishmaydi? 

Javobi oddiy, futbol klublari sport formasi ishlab chiqaruvchi korxona emas. Ularning distribyutorlardan iborat global tarmog‘i ham, logistika markazlari ham, minglab, balki million liboslarni ishlab chiqarish va yetkazib berishni yo‘lga qo‘ya oladigan imkoniyatlari ham yo‘q. Klublar hatto o‘zlarining internet-magazinlarini boshqarishda tovarlarni yetkazib berish uchun boshqa logistik kompaniyalar hizmatiga murojaat qilishga majbur bo‘ladi, bu esa libos ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning ishi oldida hech narsa emas. 

Futbol klublarida bu sohaning nahanglari oldida resurs ham, non ham yo‘q. Futbol klublari ko‘zimizda qanchalik yirik ko‘rinmasin, Adidas yoki Nike kompaniyalari oldida juda kichikdir. Xususan, Nike kompaniyasining so‘nggi 4 oylik daromadi 7 milliard dollardan oshdi - bu esa, «Chelsi»ning 112 yillik tarixida qilgan daromadlaridan ko‘proqdir. 

Q.Aslanov tayyorladi

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid