Jahon | 22:13 / 06.09.2017
22835
2 daqiqa o‘qiladi

Quyoshda oxirgi 12 yil ichidagi eng yirik chaqnash yuz berdi

Foto : NASA/SDO

6 sentabrda Quyoshda 12 yil ichidagi eng kuchli chaqnash yuz berdi. Bu chaqnash ikkita yirik quyosh dog‘lari guruhi qo‘shilishi oqibatida yuzaga kelgan. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasining fizika institutidagi Quyosh rentgen astronomiyasi laboratoriyasi ma'lum qildi.

“Bunday ko‘lamdagi voqealar yulduzimizda vujudga keladigan eng yiriklariga taalluqlidir. Bunday chaqnashlar juda kamyob, o‘ziga xos sharoitlarda, qoidaga ko‘ra, quyosh faolligi cho‘qqisida shakllanadi.  Quyosh faolligi eng past bo‘lgan hozirgi vaziyatda bunday darajadagi chaqnash yuz berganini olimlar hali aniqlashlari kerak bo‘ladi”, deb aytmoqdalar olimlar.

Rentgen nurlanish kuchi bo‘yicha quyosh chaqnashlari 5 sinfga bo‘linadi: A, B, C, M va X.. Eng minimal sinf A0.0 Yer orbitasida 1 kvadrat metr joyga 10 nanovatt to‘g‘ri keladigan kuchga mos keladi. Keyingi harfga o‘tganda quvvat 10 marotaba oshadi.

Bugungi chaqnash eng oxirgi sinf – X sinfiga tegishli. Unda X9.3 ball berilgan. Bu esa uni Quyosh sirtida bunday hodisalar qayd qilib borilayotgan vaqt davomidagi eng kuchli 5 ta portlashdan biriligini ko‘rsatadi. Olimlarning aytishicha, bu chaqnash Quyoshning Yerga “qarab turgan” nuqtasida yuz berdi va shu sababli bu chaqnashning sayyoramizga ta'siri maksimal bo‘ladi. Hozircha buning Yerdagi hayot, orbitadagi fazogirlar va sun'iy yo‘ldoshlar uchun ta'sirini oldindan aytishning iloji yo‘q va ular haqida bir necha kundan keyingina bilishimiz mumkin.

 

Mavzuga oid